Qirg'izistonda odamlarni ko'chaga nima chorlamoqda?


Ayrim qirg’izistonliklar fikricha Bishkekdagi namoyishlar va hukumat-muxolifat o’rtasidagi ziddiyat har qanday erkin jamiyatda kuzatiladigan holat. Biroq namoyishlar davom etaversa, beqarorlik tug’dirishi, notinchliklar olib kelishi va oddiy xalq turmushiga putur yetkazishi mumkin.

Qirg’izistonda muxolifat, Birlashgan Front, prezident iste’fosini, tub siyosiy islohotlar talab qilmoqda. Yosh siyosatshunos, Vashingtonda tahsil olayotgan va yaqinda Bishkekdan qaytgan Alisher Hamidov vatanidagi vaziyatni keskin deb ta’riflaydi.

“Prezident Kurmanbek Bakiyev va muxolifat bir-biri bilan kelisha olmayapti. Bakiyev masalani muzokara yo’li bilan hal etishga harakat qildi. Biroq muxolifat ikkiga bo’lingan: radikal va konstruktiv, amaliy dialoglar qanotiga ajralib qolgan”,- deydi Hamidov.

Bishkekdan Amerika Ovozi muxbiri Alisher Soipovning xabar berishicha, muxolifat va prezident tarafdorlari o’rtasidagi zo’ravonliklar kuzatilgan, odamlar jarohatlangan.

Bu tashvishli hol, deydi Alisher Hamidov. Bu shundan dalolatki, vaziyat nazorat qilinmasa, izdan chiqadi.

Demokratik jamiyatlarda muxolifat va hukumatning til topisha olmasligi tabiiy, lekin Bishkekda xalqni tinimsiz namoyishlarga nima chorlamoqda?

Ayrim faollarning aytishicha, odamlar ko’chaga chiqmasa, Qirg’iziston hukumati ishlamay qo’yadi. Biroq, deydi Alisher Hamidov, odamlarni faqat iqtisodiy yoki demokratik talablar ko’chaga olib chiqmayapti.

“Qirg’izistonda hozir siyosiy shaxslar kulti avjiga chiqqan. Uning ortida to’rt shaxs turadi: yangi Bosh vazir Almaz Atambayev, sobiq Bosh vazir Feliks Qulov, parlamentning sobiq raisi Umurbek Tekebayev va prezident Bakiyev. Shu to’rt kishi bizning respublikada juda katta kuchga ega. Ularning orqasida ularning urug’-aymog’i va mahalliy kuchlar bor. Har biy siyosiy shaxs o’z siyosiy maqsadiga ega va bu kuchlardan shu maqsad yo’lida qo’llanmoqda”.

Bu demokratiya ham, demokratik intilish ham emas, deydi mutaxassis. Chunki jarayonda demokratik institutlar ishtiroki sezilmaydi.

“Qirg’izistonda demokratik institutlar hali rovojlangan emas. Shu sabab ham siyosiy shaxslarning nufuzi va avtoriteti kuchli. Shu sabab aholi ularning orqasidan ketmoqda. Bu juda salbiy hol. Bir kishi o’z shaxsiy ambitsiyasi yo’lida odamlarni ko’chaga olib chiqishi demokratiyani zaiflantirishi mumkin”.

Lekin Qirg’iziston Inson Huquqlari Qo’mitasi raisi Ramazon Dirildayev nazarida, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda Qirg’izistonda nohukumat tashkilotlar ancha tetik, erkin va faol.

“Mamlakatda nohukumat, fuqaro huquqlari bilan shug’ullanuvchi ko’plab muassasalar mavjud. Bu tashkilotlar jamiyat taraqqiyotiga hissa qo’shmoqda”,- deydi Dirildayev.

Qirg’iziston Inson Huquqlari Qo’mitasi raisi fikricha mamlakat uyg’ona boshlagan. O’tgan yillarda yuz bergan siyosiy o’zgarishlar, ular oqibati va tahlili odamlarni huquq, qonun va fuqaro jamiyati haqida o’ylantira boshlagan. Ertangi kunga nisbatan qo’rqinch va xavotir bor, ammo oddiy odamlar huquqini anglab yetmoqda, demokratiya mevasini tatimoqda, deydi qirg’iz huquq faoli.

“Qirg’izlarning o’zi huquqni, erkinlikni obdon yaxshi ko’rgan el. Har bir qirg’iz o’zicha erkin bo’lgisi keladi”,- deydi Dirildayev.

Qirg’iziston Markaziy Osiyoda siyosiy jihatdan eng qaynoq mamlakat. Qo’shni davlatlarda Bishkekdagi kelishmovchiliklar deyarli yoritilmayapti. Internetga ulangan omma balki vaziyatni kuzatyapti, lekin oddiy xalq yangiliklardan bexabar. Bilganlarning ko’pi esa ham havas, ham xavotir bilan qaramoqda, deydi Alisher Hamidov.

“Nimaga har oy namoyish, har oy qarshilik deb so’rashyapti. Lekin havas qilayotganlar ham bor. Mintaqamizda mana Qirg’iziston oxirgi yillarda shunday protest va demoktarik chiqishlar qilinadigan joyga aylanib, qolgan mamlakatlarga o’rnak bo’lmoqda. Qo’shni avtoritar davlatlardagi aholiga shu narsani ko’rsatmoqdaki, yechilmayotgan muammolarni yechish yo’llari ko’p”.

Lekin Bishkekdagi tinimsiz namoyishlar qo’shni davlatlardagi repressiya kuchayishiga, faollarga nisbatan tazyiqning ortishiga ham sabab bo’lishi mumkin. Erkinlik yanada cheklanishi mumkin.

“To’g’ri, lekin rahbarlar, menimcha ikkita [qarama-qarshi] saboq olishi mumkin: birinchisi, odamlarni bosish kerak, tartib-intizomni saqlash kerak; ikkinchisi, muammolarni yechish kerak, yechilmasa norozilik namoyishlari keltirib chiqaradi”, -deydi Hamidov.

AQSh Qirg’izistondagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda, biroq baholashga shoshmayapti. Shu jumladan Rossiya va Xitoy ham. Bu to’g’ri yo’l, deydi Alisher Hamidov.

“Hozir ular o’z fikrini, tarafdor ekanini ko’rsatib qo’ysa, bu Qirg’izistondagi vaziyatni yanada keskinlashtiradi”.

XS
SM
MD
LG