Terrorga qarshi kurash Sovuq urushga qiyoslanmoqda


G’arbda keyingi paytda “terrorga qarshi urush” ma’nosi va mazmuni keng tahlil ostida. Bu borada hukumatlar, siyosatdonlar, tahlilchilar va hatto oddiy insonlar ham o’z fikru-mulohazalariga ega. Kimdir uni kelajak va insoniyat uchun kurash desa, kimdir buni G’arbning gegemon siyosati sifatida ko’radi.

Ayrim siyosatdonlar nazarida terrorga qarshi urush Sovuq urush davrini, Sovet Ittifoqi boshchiligidagi Sharqiy Blok va AQSh yetakchiligida G’arbiy Blok o’rtasida kechgan uzoq yillik atom qurollari poygasi va siyosiy o’yinni eslatadi.

Prezident Bush yuqoridagi fikrga qo’shiladi. Terrorga qarshi urush, deydi Bush, erkinlik izlagan va uni qadrlovchi xalq va davlatlar hamda erkinlik dushmanlari o’rtasidagi mafkuraviy va qonli kurashdir.

Sovuq urush davri haqida qator kitoblar muallifi Jon O’Sullivan fikricha ham ikki urushning o’xshash tomonlari bor.

"G’oyaviy jihatdan G’arbning liberal demokratiyasi va unga qarshi tomon o’rtasida urush ketmoqda. Boshqa bir o’xshash xususiyati – qudratli armiyalar maydonda bir-biri bilan olishayotgani yo’q. Kichik guruhlar, ko’zga ko’rinmas dushmanga qarshi kurash ketmoqda",- deydi O'Sullivan.

Britaniya matbuoti muxbiri Jerard Beyker esa terrorga qarshi urush va sovuq urush tamoman o’zga davr va siyosat mahsuli, deydi. G’arbdan turib qarasak, deydi u, sovetlar hozirgi urushdagi dushman singari o’z g’oyalari uchun o’zlarini qurbon qilishga, o’zgalar jonini olishga tayyor emas edi.

"Terrorga qarshi urushda dushman, ham o’zgalarni, ham o’zini qalqon qilishga tayyor. O’z mafkurasini amalga oshirish uchun butun dunyoni qirishga shay. Bugungi dushman katta harbiy qudratga ega emas. Ammo maqsadi butun jahonga o’z radikal g’oyasini yoyish, bu g’oyani rad etgan kishini yo’q qilish",- deydi Beyker.

Mafkuralar-aro Urush kitobi muallifi Volid Faris jihod va demokratiyani taqqoslaydi. Radikal musulmonlar fikricha Sovet Ittifoqi negiziga zamonaviylashish bolta urgan.

"Radikal musulmonlar nazarida Sovet Ittifoqidagi kuchli davlatni islohotlar qulatgan. Shu bois radikal musulmonlar islohotchilarni ezmoqda, ularni yo’q qilishga urinmoqda. Ularga glasnost’ va perestroika kerak emas. Men musulmon jamiyatlari G’arb siyosatidan to’ygani uchun ham radikallashmoqda demagan bo’lardim. Radikallashtirish bu vahobiylar ishi. Ularning yashirin biroq faol tizimi dunyo bo’ylab ektremist g’oyalar ulashmoqda va yangilikdan, zamonaviylikdan voz keching deya undamoqda. Vahobiylar o’zlarini juda qudratli deb hisoblaydi. Qarabsizki, g’oyalar-aro urushga guvohmiz",- deydi Faris.

AQSh va boshqa demokratik davlatlar uchun Sovet Ittifoqi bilan urushda, ham harbiy, ham iqtisodiy, ham g’oyaviy kuch juda qo’l kelgan. G’arb o’zini bu urush g’olibi deb hisoblaydi, 40 yillik urush g’olibi.

XS
SM
MD
LG