AQSh Bishkekdagi nashriyotda o'tkazilgan reydni qoralamoqda


Qo’shma Shtatlar Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari muxolifat nashriyotida o’tkazgan reydni tanqid ostiga olmoqda. Bishkekda hukumatga qarshi namoyishlarni tarqatish uchun xavfsizlik kuchlari ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan.

AQSh Davlat departamenti rasmiy Bishkekni ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to’sqinlik qilmaslik va ularning mamlakatda ro’y berayotgan jarayonlarni yoritish huquqini hurmat qilishga chaqirmoqda.

20 aprel kuni Bishkekda muxofilatning ikki gazetasi chop etiluvchi nashriyotda reyd o’tkazilib, gazetalarning so’nggi nusxalari va bosma dastgohlari musodara qilingan. Kompyuter fayllarini esa o’chirish buyurilgan. Nashriyotni qo’llab-quuvvatlovchi AQShning Fridom Xaus (Freedom House) tashkiloti rasmiy Vashingtondan bu borada bayonot qilishni so’ragan.

Xavfsizlik vakillariga ko’ra, reyd 11 apreldan beri davom etayotgan namoyishlarga javoban o’tkazilgan.

Davlat departamenti rasmiylari bu holni tsenzura deb tasvirlab, Qirg’izistondagi siyosiy kelishmovchiliklar qonuniy, tinch va konstitutsiyaga asoslanib hal qilinishi lozim, deydi.

Fridom Xaus tashkiloti vakili Pola Shrayfer AQSh hukumatidan chora ko’rishni so’rayapti.

“Qirg’izistonda tsenzuraga sekin-asta yo’l ochilyapti, kechagi namoyishlarni tinchroq yo’l bilan tarqatish mumkin edi. AQSh Qirg’izistonni inson huquqlari va so’z erkinligini hurmat qilishga chaqirsin,” - deydi Fridom Xaus vakili Pola Shrayfer.

Xavfsizlik kuchlari reyd o’tkazgan nashriyot ommaviy axborot vositalarini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi deb ataladi. Namoyishchilar prezident Bakiyev hukumatini korrupsiyada va islohotlar o’tkazish va’dasini bajarmayotganlikda ayblaydi.

Dunyo bo’ylab inson huquqlari ahvolini kuzatuvchi Fridom Xaus tashkiloti bu yili Qirg’izistonga qisman erkin davlat deya baho bergan.

XS
SM
MD
LG