Breaking News

Gulbahor To'rayeva ustidan sud hukmi kutilmoqda


Andijonda huquq himoyachisi Gulbahor To`rayeva ustidan sud jarayoni boshlangan. Ma`lumotlarga ko`ra, sud jarayoni O`zbekiston telekanallari tomonidan suratga olinmoqda.

Huquq himoyachisi Gulbahor To`rayevaning turmush o`rtog`i Farid To`rayevning aytishicha, sud 18 apreldan buyon davom etmoqda. Juma kuni o`tgan sud jarayonida davlat ayblovchisi Gulbahar To`rayevaga nisbatan sakkiz yillik qamoq jazosi belgilanishini so`ragan.

Gulbahor To`rayeva shu yilning yanvar oyida muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solihning kitobini olib kirishda, aksilkonstitutsiyaviy adabiyotlar saqlashda ayblanib, hibsga olingan.

Hozir Gulbahor To`rayeva O`zbekiston Jinoyat kodeksining to`rt moddasiga ko’ra ayblanmoqda. Bular konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakat, shu ma`nodagi adabiyotlarni tarqatish, shuningdek, Andijon fojealariga aloqadorlik, jumladan, qurbonlar haqida noto`g`ri axborotlar tarqatish ayblari.

Farid To`rayev fikriga ko`ra Gulbahorni Andijon fojealari chog`ida qurbonlar soni haqida internetda, axborot vositalari orqali noto`g`ri ma`lumot tarqatganlikda ayblashmoqda.

Faridning aytishicha, Gulbahor To`rayeva sudda o`z qilmishalridan pushaymonligini bildirmoqda.

Farid To`ravening aytishicha, davlat ayblovi tomonidan aksilkonstitutsiyaviy adabiyot sifatida baholanayotgan kitob aslida Turkiyada rasman nashr etilgan, muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solihning publistik maqolalar to`plami.

Faqat bu to`plamda O`zbekiston prezidentining faoliyati tanqid ostiga olinadi, xolos.

Gulbahor To`rayevaga taz’yiq o`tkazilganmi degan savolga uning turmush o`rto`gi Gulbahorning to`rt nafar farzandi borligi, farzandlarini ko`rgisi kelayotganligi uchun ham shunday bo`layotganligini aytadi.

“Har qanday kishi ham o`z farzandlarini ko`rgisi keladi, shunig uchun ham… uni besh kishi kishanga solib, olib kirishganini ko`rib, men qo`rqib ketdim”, - deydi u.

Gulbahor To`rayevaning eng kenja farzandi sakkiz oylik chaqaloq.

O`zbekiston Jinoyat kodeksining to`rt moddasi bilan ayblanayotgan huquq himoyachisiga nisbatan prokuror tomonidan sakkiz yillik qamoq jazosi so`ralgan.

XS
SM
MD
LG