AQSh banklari chet ellik talabaga kredit beradimi?


AQShda o’qish, shubhasiz, qimmat. Lekin bu yerda olingan bilim va tajriba va diplomning barcha davlatlarda tan olinishi shunga arziydi. Bugun o’qish uchun mablag’ topish yo’llari, chet ellik talabaning AQShda ishlashiga doir shartlar borasida savollarga javob beramiz.

A’zamxo’ja Kamolov ismli tinglovchimizni quyidagicha savol qiziqtiradi:

Savol: Amerikada bankdan kredit olish orqali o`qish mumkin deb eshitdim. Buning uchun garov mulki talab qilinmaydimi?

AQShda tahsil olayotgan ba’zi o’zbekistonlik talabalar o’qish uchun aynan bankdan kredit olib to’lamoqda.

“Bankdan kredit olishga da’vogar talabaga ikki asosiy shart qo’yiladi. Birinchidan, talaba universitetga qabul qilingan bo’lishi zarur. Ikkinchi shart birmuncha murakkabroq. Bank bilan tuzilgan shartnomada nafaqat sizning, balki Qo’shma Shtatlar fuqarosining ham imzosi bo’lishi lozim. Agar siz o’qish pulini to’lay olmasangiz, ana shu shaxs yoki tashkilot sizning o’rningizga haq to’lash majburiyatini bo’yniga oladi. Ya’ni bank shu yo’l bilan qarzga bergan puli o’z vaqtida qaytishini kafolatlatlaydi”.

Savol: Deylik, talabaning AQShda hech qanday tanishi yo’q. U O’zbekistonda bo’lsa, unda qanday yo’l tutish kerak?

“Talaba o’z mulkini garovga qo’yishi mumkin. Hovli, kvartira yoki avtomobilingiz bahosini kadastr yordamida hisob-kitob qilib, ana shu ma’lumotlar bitilgan rasmiy hujjatni universitet va bankka yo’llaydi”.

Albatta, bankdan kredit olishdan avval o’qish bahosini to’lashning boshqa barcha yo’llarini o’rganib chiqqan ma’qul. Ko’proq vaqt sarflab, stipendiya va grantlarni izlab topgan bir necha bor afzal. Chunki bank pulni foizlar bilan beradi. Uni to’lashga qurbingiz yetadimi, yo’qmi – buni avvaldan puxta o’ylab ko’rish maslahat beriladi. AQShda talabalar bu xildagi qarzlarni yillar davomida to’lashga majbur bo’ladi.

Temur ismli muxlisimiz yo’llagan savol shunday:

Savol: Qanday qilib AQShda ham o’qib, ham ishlash mumkin? Agar pullik bo'lsa, o'qish mobaynida ishlab, ta’lim bahosini to’lab borishning iloji bormi?

AQShdagi Amerika Universiteti Qabul Komissiyasi xodimi Ayrin Moyerning aytishicha, bu chet ellik talabaning mamlakatga qanday viza bilan kelganiga bog’liq:

“Amerika Universitetida o’qiyotgan xorijlik talabalarning aksariyati F-1 va J-1 vizalari bilan kelgan. Bu toifadagi viza egalari muayyan shartlarga javob bergan taqdirda universitetdan boshqa joyda ishlashi mumkin. Masalan, ular kamida bir yil davomida Amerikadagi universitetning kunduzgi bo’limida o’qigan bolishi kerak. Chet ellik talaba universitetning o’zida, kutubxona yoki kafeteriyada haftada ko’pi bilan 20 soat ishlashi mumkin. Natijada ishlab topilgan daromad darsliklar, o’quv qurollari, yegulik kabi xarajatlarni qoplashga yordam beraid. Lekin o’qish bilan bog’liq hamma xarajatlarni emas”.

Vashington San’at Instituti xodimi Alisa Maklellan ham ana shu fikrni tasdiqlaydi:

“F-1 vizasi bilan kelgan xorijlik talabalar universitetdan boshqa joyda ishlashi mumkin emas. AQSh qonunlari shuni talab qiladi. Ammo ta’lim muassasasining ichida ishlash mumkin. O’qish jarayoni o’ta murakkab, talaba ko’p ma’lumotni o’zlashtirishi, topshiriqlarni bajarib ulgurishi kerak. Shu bois ham chet ellik yoshlarning e’tibori bo’linmasligi zarur”.

Samarqandlik tinchlovchimiz Parviz Eshonqulov:

Savol: Men AQShda o'qimoqchiman. O’qish bahosi, umuman, mavjud narhlarni ma’lum qilsangiz.

Har bir universitetda narx-navo turlicha. Masalan, 2006-2007 o’quv yili uchun Vashington San’at Institutida bir yillik o’qish bahosi 32 ming 670 dollar.

“Bu narx o’qish, yashash, darsliklar va shaxsiy xarajatlarni oz’ ichiga oladi. Bakalavrlik bosqichi, ya’ni to’rt yillik o’qish puli taxminan 80-90 ming dollar atrofida. Aksariyat talabalar o’qish pulini birdaniga emas, har uch oyda to’lashi mumkin”.

Foydali veb saytlar:

www.educationusa.state.gov

www.edupass.org/finaid/loans.phtml

Savollarni electron pochtamiz uzbek@voanews.com ga yo'llashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG