Breaking News

Amerika matbuoti: Boris Yeltsin qaysar, lekin qo'rqmas siyosatchi edi


Jahon Boris Yeltsinni eslamoqda. Uning vafoti, hayoti va siyosiy faoliyati yirik gazetalarning bosh sahifalarida va yetakchi xalqaro televideniye ekranlarida keng ko’lamda yoritilmoqda.

AQShdagi nufuzli gazetalardan Vashington Post (Washington Post) bugungi sonida Yeltsin va u qoldirgan siyosiy meros haqida tahliliy maqola bitib, sobiq prezidentni Rossiya demokratiyasi otasi deb atagan.

Vashington Post nazarida Boris Yeltsin o’zidan keyin mukammal, yetuk boshqaruv qoldirmagan, biroq u Rossiyani erkin jamiyatga aylanishga, eski zamon sarqitlaridan qutulishga chorlagan shaxs.

Yeltsin ko’p xatolarga yo’l qo’ygan, biroq yangicha qarash, yangicha yondashuvdan qochmagan deya yozadi Vashington Post.

G’arb ichkilikka berilgan, betga chopar, o’zboshimcha, biroq hazilkash bu shaxsni tushunmas edi.

Lekin uning erkin va ochiq fikrlashi Sovetlardan shubhalanishga o’rgangan davlatlarni Rossiyaga ancha yaqinlashtirgan deya qayd etadi Vashington Post gazetasi.

G’arb uchun Yeltsinni Sovet Itifoqini yo’q qilgan, uni parchalagan siyosatchi bo'lishi mumkin, lekin uni maqtashga shoshmaslik kerak deya yozadi Nyu-York Tayms (The New York Times).

Yeltsin SSSRni qulatgan islohotchi va yangi Rossiyaga asos solgan arbob deya ta’riflaydi gazeta.

U o’zidan juda katta, biroq betartib va nazoratsiz davlat tizimi qoldirdi.

Yeltsin Chechenistondagi qonli va adolatsiz urushning boshida turdi. Xatolarni tan oldi, biroq ularni tuzatmadi, deya xulosa qiladi Nyu-York Tayms.

AQSh poytaxtida chiqadigan yana bir katta nashr, Vashington Tayms (The Washington Times) gazetasi ham Yeltsinni islohotchi deb atagan.

Yeltsin hatto o’limini tantana qilayotgan bo’lar edi, deya yozadi gazeta. U bayram va fojeani birdek nishonlar edi, inson oldinga intilishi, biroq bugunini ham unutmasligi kerak der edi.

Rossiyada demokratiya barq urishiga ishongan Yeltsin hokimiyatni Putinga qoldirdi. U asos solgan demokratiya Putin hukmronligi ostida so’na boshladi va bugun Yeltsinga aza tutar ekan, Rossiya xalqi o’sha demokratiya, bugungi ahvol va mavhum kelajak ustida o’ylanmoqda, deya tahlil qiladi Vashington Tayms.

XS
SM
MD
LG