Terrrorga qarshi urush islomga qarshi urushmi?


Dunyoning to’rt yirik musulmon davlatida o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, AQSh o’z tashqi siyosatini islomni qoralash va musulmonlarni ezishga qaratmoqda.

Merilend Universiteti xalqaro tahlil markazi Misr, Pokiston, Indoneziya va Marokashda to’rt ming kishi bilan suhbatlar olib borgan.


Loyihaga boshchilik qilgan siyosatshunos olim Stiven Kallning Amerika Ovozi ga bildirishicha, yuqorida tilga olingan davlatlarda AQSh hukumatiga, xalqi emas, asosan Oq Uyga nisbatan salbiy qarashadi.

Bu jamiyatlarda, AQSh terrorga qarshi urush bayrog’i ostida aslida musulmonlar va islomni oyoq osti qilishni maqsad qilgan, deb qarashadi.


"Ko’pchilik AQSh musulmon dunyosini parchalashga va uni zaiflashtirishga bel bog’lagan deya ishonadi. Musulmonlar nazarida Amerikaning har bir harakati islomga qarshi yana bir qadam",- deydi Stiven Kall.

Odamlar bilan yuzma-yuz savol-javoblarda ana shu qarash qayta-qayta takrorlandi. Yirik musulmon davlatlarida terrorga qarshi urush islomga qarshi urush sifatida ko’rilayotganiga guvoh bo’ldik, deydi Stiven Kall.

Indoneziya va Pokiston kabi katta mamlakatlarda Al-Qoidaning asl maqsadi dunyoni egallash emas, aslida Amerikani musulmon davlatlaridan siqib chiqarish deya ishonishar ekan.

Biroq bu bilan odamlar Al-Qoidani oqlayotganlari yo’q. Respondentlar Al-Qoidaning hatti-harakatlari islomga qa’tiyan zid va ular mo’min musulmon emas deb hisoblashini ham aytgan.

Amerika uchun eng tashvishli tomoni balki bu odamlarning aslida AQShga nisbatan hujumlarni quvvatlashidir.

Respondentlar asosan oddiy aholi orasidan tanlangan, biroq ular fikricha AQSh Iroqdan chiqishi kerak, bo’lmasa uning askarlari, ular qatori iroqliklar ham halok bo’laveradi.

AQSh bosqinchi va bosqinchilikka qarshi qon bilan kurashish tabiiy deyishgan ko’pchilik respondentlar.


So’rovni tahlil qilgan Stiven Kall fikricha bu AQSh uchun ham saboq, ham ogohlantiruv bo’lishi kerak.

Marokash, Misr, Pokiston va Indoneziyada demokratiyani yoqlovchi kishilar juda ko’p, biroq ularga g’arbcha demokratiya uslubi ma’qul emas, deydi Stiven Kall.

Amerika hukumati nazarida esa musulmon xalqlarining unga qanday munosabatda ekanini bilish muhim, biroq ommaviy so’rovlar, deyishadi Vashington rasmiylari, jamiyat ko’zgusi emas.

XS
SM
MD
LG