Breaking News

Huquq faoli Gulbahor To'rayeva 6 yilga qamaldi


O’zbekiston Jinoyat kodeksining to’rt moddasiga ko’ra ayblanayotgan andijonlik huquq himoyachisi Gulbahor To`rayeva olti yilga qamalgan.

Gulbahor To`rayeva ustidan hukm chiqarilishida na davlat ayblovchisi, na advokat ishtirok etgan. Sud majlisiga To`rayevaning turmush o’rtog’i Farid Yangildin ham kira olmagan. Sudda faqat To`rayevaning qaynonasi ishtirok etgan, xolos.

Uning so`zlariga ko`ra sudda keliniga nisbatan 6 yillik qamoq jazosi tayinlanganini anglagan, xolos.

“Biz faqat advokatning so`zlariga ishonib yuravergan ekanmiz. U bizga Gulbahorni qo`yib yuborishadi, hammasi yaxshi bo`ladi degan edi. Bugungi qaror esa kutilmaganda bizni lol qoldirdi,” - deydi Gulbahor To`rayevaning qaynonasi.

Advokat aynan qanday asoslarga ko`ra bunday va`da bergani izohlanmaydi.

Gulbahor To`rayeva O`zbekiston konstitutsiyasiga tajovuz qilganlik, aksil-konstitutsiyayiv adabiyotlarni saqlash, tuhmat va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ma`lumotlar tarqatishda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilindi.

To`rayevaning ishi Andijon fojeasi bilan ham bog’liq ko`rilmoqda, jumladan Andijondagi otishmalar chog`ida qurbonlar to’g’risida To`rayeva tomonidan noto`g`ri ma`lumotlar tarqatilganligi haqidagi ayblov.

Gulbahor To`rayevaning turmush o`rtog`i Faridga ko`ra sud-tergov jarayoni mobaynida Gulbahor To`rayeva o`ziga qo`yilayotgan ayblarga iqror bo`lgan va pushaymon bildirgan.

Farid Gulbahor To`rayevaga nisbatan bosim ko`rsatilgani haqida gapirishni istamaydi, faqat to`rtta nafar farzandlari borligini, kenjasi endi sakkiz oylik chaqaloq ekanini ta`kidlab o`tadi.

“Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari Azam Turg`unovga ko`ra O`zbekistonda sud-tergov jarayonlarida bosim otkazilmasligini tasavvur etishning o`zi qiyin, ayniqsa masala Andijon fojeasiga aloqador bo`lsa.

“Tayziqlar qo`llanilishi shubhasiz, endi dubinka bilan urib ko`kartirmagan bo`lishi mumkin, ruhiy yo`llari bor buning. Bundan tashqari uning yosh bolasi tashqarida qolib ketgan. Vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkinki, ayblov asoslab berilishi kerak edi, jamoatchilikdan, jurnalistlardan chaqirilib. To`rayeva sizlarga shunaqa intervyu bergan, bizning xulosalarimiz esa bunaqa deyilishi kerak edi. Sud faqat bir tomonlama o`tgan deyish mumkin”, - deydi Turg`unov.

Gulbahor To`rayeva Andijon voqeasi to`g`risida jamoatchilikka gapirgan, fojeaga guvoh bo`lgan faollardan biri. Uning ustidan boshlangan sud jarayoni ham, ayrim kuzatuvchilarga ko`ra, bevosita shu masala bilan bog’liq.

Sud jarayoni O`zbekiston televideniyesi tomonidan suratga olingani haqida ma`lumotlar bor.

Azam Turg`unovga ko`ra keyinchalik Andijon fojeasi haqida alohida film yaratilib, unda Gulbahor To`rayeva hukumat pozitsiyasini yoqlab majburan gapirtirilishi mumkin.

Kuzatuvchilar nazarida bugunga kelib Andijon fojeasiga guvoh bo`lgan va bu haqda ochiq gapirishi mumkin bo`lgan faollarning deyarli hammasi qamoqqa olingan, yoki mamlakatdan chiqib ketishga majbur qilingan.

XS
SM
MD
LG