Yevropa O'zbekiston bilan til topisha oladimi?


Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga nisbatan yangi siyosat ustida o’ylanmoqda. Mintaqaga 700 million yevro miqdorida mablag` ajratmoqchi.

Biroq Markaziy Osiyo bo’ylab siyosiy tuzum va sharoit turlicha. Yevropaning maqsadi har bir davlat bilan hamkorlikni mustahkamlash. Markaziy Osiyodagi eng yirik mamlakat O`zbekiston bilan ham.

Inson huquqlari, deydi ayrim sharhlovchilar, Yevropa va Karimov hukumati o’rtasidagi aloqalarda asosiy omil bo’lib qolishi muqarrar.

Boshqalar nazarida esa ikki yildan beri to’xtab qolgan aloqalarni qayta tiklash va o’zaro manfaatlar haqida bosh qotirishga fursat yetgan.

Yevropa Ittifoqi mintaqaga ilg`or texnologiya olib kirmoqchi va bu yerda o’z mahsulotlari uchun yangi bozor ochmoqchi, deydi siyosatshunos Muqimjon Qir`gizboyev.

“Yevropa Ittifoqidagi siyosiy kuchlarning aksariyati hamkorlikni rivojlantirish tarafdori. Shu paytgacha bunga to`siq bo`lgan narsalar o`tkinchi”, - deydi Qirg`izboyev.

Yevropa Ittifoqi strategiyasida mintaqa davlatlari bilan inson huquqlari va demokratik islohotlar bo`yicha hamkorlik iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bilan bir qatorda qo`yiladi.

Yevropa Ittifoqi yangi strategiyani iyun oyiga borib qabul qilishi mumkin.

“Munosabatlar yomonlashganiga ikki yil o`tdi, bundan Yevropa Ittifoqi ham, O`zbekiston xalqi ham foyda ko`rgani yo`q. Bu yerda gap biron mamlakatning ichki ishlariga aralashish – aralashmaslik haqida ketayapti. Ikki yil mobaynida qizigan miyalar sovub, o`rniga tushdi”, - deydi Qirg`izboyev.

Siyosiy tahlilchi Toshpo’lat Yoldoshev fikricha Yevropa Ittifoqi inson huquqlari va demokratik islohotlar kabi fundamental qadriyatlarni muhofaza qilishda qat`iy turadi. Muloqotlarning qanday yakunlanishini esa Yevropa Ittifoqi vakillarining O`zbekistonga kutilayotgan tashrifi ko`rsatadi.

“Yaqin bir hafta ichida kutilayotgan tashrif yana inson huquqlari va demokratik islohotlar masalasini ko`taradi. Ayniqsa, qamoqdagi faollar Umida Niyozova, Gulbahor To`rayeva va Mo’tabar Tojiboyevalarni ozod qilish talabi keskin qo`yiladi. Agar shu talablar qabul qilinmasa, O`zbekistonga nisbatan keskin sanksiyalar qo`llaniladi…”, - deydi Yo`ldoshev.

Yaqinda Lyuksemburgda kechgan uchrashuvda O`zbekistonning inson huquqlari bo`yicha muloqot boshlashga tayyorligi olqishlangan.

Mahalliy huquq himoyachilari nazarida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar jarayonida mamlakatda inson huquqlari ahvoli yanada keskinlashgan.

Ayrim kuzatuvchilar deydiki, rasmiy Toshkent o’z xarakterini va inson huquqlari borasidagi pozitsiyasini o`zgartirmasdan turib ham Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni tiklashga harakat qilmoqda.

Bu harakatga Yevropa Ittifoqi ko’z yummoqda degan fikrlar ham mavjud. O`zbekistondagi, tan olinmagan, muxolifat muzokaralardan ko’p narsa kutmayapti.

Yevropa bilan muzokaralar jamoatchilik fikri keskin cheklangan O`zbekistonda sezilarsiz o`tgan taqdirda ham, asosan jamoatchilik fikri bilan hisoblashib siyosat yurituvchi G`arbda norozilikka sabab bo`lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG