Qirg'izistonda muxolifat shahid bo'lishga tayyor


Prezident Qurmanbek Bakiyevning iste’fosini va islohotlarni talab qilgan muxolifat a’zolari – sobiq ichki ishlar vaziri O’murbek Suvonaliyev, tadbirkor O’murbek Abdurahmonov, yosh siyosatchi Adilet Aytikeyevlar hibsga olingan.

Norozilik namoyishi qatnashchilari va muxolif partiyalar a’zolari so’roq qilingan. Milliy Xavfsizlik bo’yicha Davlat qo’mitasi muxolifatni ommaviy tartibsizlik uyushtirishda ayblamoqda.

Qarorgohini namoyish tarqatilgandan keyin Bishkek yaqinidagi o’zi tug’ilgan Baytik qishlog’iga ko’chirgan Birlashgan Jabha yetakchisi Feliks Qulov muxolifatga nisbatan bosim ashaddiy kayfiyat paydo qilayotganini ta’kidlagan.

“Yigitlar va ayollardan iborat guruh kelib, muayyan hukumat vakiliga qarshi shahid sifatida harakat qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Men bundan dahshatga tushdim, buni kutmagan edim. Mahalliy imomni chaqirib, ularga bunday qilish mumkin emasligini tushuntirdim”, - deydi Feliks Qulov.

Birlashgan Jabha yetakchisi Feliks Qulov rasmiylarning da’volarini rad qilarkan, “Suvonaliyev, Abdurahmonov va boshqalar tezroq ozod qilinishi kerak” deya hukumatni qonun doirasida ish tutishga chorlagan.

Ayni paytda mahalliy huquq himoyachilari mamlakatda siyosiy qatag’on boshlanishi ehtimolidan xavotirda. Bishkekda bir necha kundan buyon MXDQ va hukumat binosi qarshisida qamoqqa olingan muxolifatchilarning ozod qilinishi talabi bilan norozilik amaliyotlari davom etayotir.

Prezident Qurmanbek Bakiyev namoyish tarqatilishiga va muxolifat bosim ostida qolganiga nisbatan rasman munosabat bildirmagan. Ammo prezident Bakiyev Qirg’izistondagi hozirgi vaziyat sobiq prezident Aqayev davridagidan keskin farq qilishiga ishonadi.

Prezident fikriga ko’ra, Aqayev davrida “haqiqiy diktatura bo’lgan. Aynan [2005 yilning] 24 martdan keyin odamlar ochiq gapira boshlagach, haqiqiy demokratiya keldi”.

Muxolifatchi deputat O’murbek Tekebayev mamlakatda boshlangani taxmin qilinayotgan siyosiy qatag’on oddiy fuqarolarni keskin qadamlarga undayotganini aytgan.

“Tarafdorlarimiz nima qiladi? Yomg’ir yog’sa ham, issiq bo’lsa ham, tayoq bilan savalasa ham, gaz bilan zaharlasa ham odamlar o’z fikrlaridan qaytmasdan, o’zgarishlar bo’lishini xohlashyapti”, - degan deputat O’murbek Tekebayev.

Kuni kecha rasmiy tashrif bilan Bishkekka kelgan Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev esa qo’shni davlatlar uchun Qirg’izistonda vaziyat siyosiy jihatdan barqaror bo’lishi muhimligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG