Breaking News

O'zbek ayollari yetishmovchilik tufayli bozorda qop ko'taradi


Bozor iqtisodiyoti o’zbek ayolining mutlaqo yangi – ishbilarmon qatlamini vujudga keltirdi. Sharqda ayol azaldan e’zozlanib kelingan.

Hatto erkak bilan ayol huquqlari teng deb jar solgan sho’ro hukumati ham Sharq ayolining yuzidan chachvonini yulib olarkan, eng katta erishgan muvaffaqiyati – ayollarni ommaviy ravishda dalaga haydashu, asfalt yotqizish, paxta terish kombaynlarini boshqarishdek og’ir yumushlarga jalb qilishdan iborat bo’ldi.

Yaqin-yaqingacha o’zbek ayoli faqat og’ir mehnatdagina o’zbek erkagi bilan teng edi. Va bu ajabtovur an’ana hali-hamon u yoki bu ko’rinishda davom etmoqda.

Xullas, bir tomonda mo’tabar, aziz Sharq ayoli, ikkinchi tomonda esa tirikchilikning og’ir aravasini erkaklar bilan tengma-teng tortayotgan ayollar. Bozor ayollari.

Qo’shiqlarda istehzo bilan kuylanadigan, matbuotda ba’zida tanqid ostiga olinadigan bu ayollar tasavvurimizdagi tipik o’zbek ayoliga also o’xshamaydi. Chunki tirikchilik tashvishi, bozor iqtisodi o’z ishini qilmoqda. Bugun Toshkent bozorlarida eski, og’ir qop orqalagan ayollarni ham, mashina-mashina yuk tushirayotgan ishbilarmon ayollarni ham har qadamda uchratish mumkin.

Ular bilan suhbatlashib qolsangiz esa, bozorga chiqish sabablarini ayollarning o’zi mana bunday izohlashadi:

“O’zi kasbim o’qituvchilik. Endi u yerda ko’ryapsiz, oyliklari to’g’ri kelmadi. 4 ta qizim bor, ularni uzatishim kerak, uyli-joyli qilishim kerak. Shu sababdan bozorga chiqib ketdim, bozorga chiqqanimga ham 5 yildan oshdi. Shu orqali bitta qizimni uzatdim, xudoga shukur. Qudali bo’ldi”.

“Mening xo’jayinim molyar, misol uchun. Hech vaqtida oylik bermaydi, shuning uchun ham bozorga chiqaman, endi bozorda mening imkoniyatim ko’proq hozir bolalarni boqishga”.

“Erkaklarga hozir ish kamroq. Mening xo’jayinim yuqori lavozimlarda ishlab kelganlarmi, o’zlariga teng ish topilmasa uyda o’tiradilar. Vaqti kelsa, bir yarim-ikki yil ham o’tirdilar. Ana shu vaqtda men bozorga chiqib ketishga majbur bo’ldim”.

“Ayol kishi uchun og’ir bozorda ishlash, nimaga desangiz, yetishmovchilikdan chiqishgan. Erkaklarimizning topish-tutishi yaxshimas, yetishmovchilik-da, yetmayapti”, - deyishadi ayollar.

Ayollar bozorga zarurat tufayligina kelayotganliklarini urg’ulashadi. Xorazmdan Rossiyaga borib mol olib keladigan ayolning fikricha, Rossiya bozoridagi riketchilar faqat ayollargagina teginishmas ekan. Shu bois savdo-sotiq bilan oilada u shug’ullanishga majburligini aytadi.

Haftalab, oylab safarlarda yurish, bojxonalardagi asabbuzarliklar, qop-qop mollarni u transportdan bunisiga ortish, yuk qo’riqlab uyqusiz o’tadigan kechalar. Ba’zan ish yurishmay sinib qolishlar. Bozorchi ayollar bilan dardlashib qolsangiz, ularning hasratidan chang chiqadi.

“Ayol kishi uchun juda qiyin, oson emas. Bizlar Bishkekdan olib kelamiz molni. Uyam o’ziga yarasha qiyinchiliklar bilan amalga oshiriladi. Uyoqlarda qiyin emas, mana shu O’zbekistonda qiyin. Tamojniy masalasini aytayapman. Otangga bor-onangga bor, hech nima mumkinmas, hamma narsa mumkin va mumkin emas. Pul bersang mumkin, pul bermasang mumkin emas, mana shunaqa sharoit”.

Muxbir: Qayerdan mol olib kelasizlar?

Savdogar ayol: Almatadan. Uni ham yo’llari qiyin olib kelishning. Tamojniyda qiyin, tekshirishadi o’tib kelish uchun, mollar olib kelish uchun. Qiyin, bolalaringizni tashlab ketib, kechalari o’sha yerga borib tirikchilik qilib olib kelish judayam qiyin. Endi mana bu yerda ko’plar kelishadi-da, qimmat deyishadida, qaytib ketishadi. Nega qimmat sotasizlar, deb. Uyoqdan olib kelishning o’zi qimmat molni. Nalog ham qimmat. Majburmiz shunaqa sotishga.

Bozorda savdo bilan mashg’ul ayollarning aksariyati o’z kasbiga qaytishni istashadi. Ammo …

“Bolalarni boqish kerak, farzanddan 5 ta. Noilojdan chiqamiz, harna mana shu yerdan bola-chaqamizga 4-5 ta non olib ketamizmikan, deb. Bola-chaqamizga qarab oldida o’tirish bizlarga ham yoqadi. Kasbimizga qaytishni istaymiz haliyam, iloji yo’q. Misol uchun bog’chadagi oylikka qaysi bolamizga non olib beramiz, ustiga qilib beramizmi. Iloji hech ham yo’q-da buni. Iloji bo’lmaganidan, noilojlikdan bu yerga chiqib ishlayapmiz”.

“Oldingidek agar sharoitlar yaxshi bo’lsa, arzonchilik bo’lsa hamma yoq, istardim ishlashni o’z kasbimda. Kollektiv bilan, issiqqina joylarda, oppoq kiyimlarda yasanib, kimga yoqmaydi. Hozircha, baribir mana shu bozordan boshqa boradigan joyim yo’q”, - deyishadi bozorchi ayollar.

Bozordagi ayrim tijoratchi ayollar esa bundan 5-6 yil ilgari kasb o’zgartirishganini aytisharkan, endi avvalgi kasblariga qayta olmasliklarini urg’ulashadi. Buning boisi nimada, deb so’raymiz ulardan:

“Endi qaytolmasam kerak, chunki mening 4 ta qizim bor, bo’yi yetgan hammasini. Bitta kichkinam 11 yosh, qolgani 17-19 yosh. O’qituvchilik kasbi bilan, oylik bilan menimcha orzu-havasimga yetolmayman. To’g’risi. Mana, yaqinda hayit berdim, majbur bo’ldim 45 tacha tog’ora yubordim”.

Muxbir: Kasbingizga qaytishni istarmidingiz?

Tijoratchi ayol: Yo’q, istamayman, nervnichat qilib nima zarur. Bu yer oson, kelamiz, savdo qilamiz, pul topamiz.

Toshkent bozorlaridagi ko’pchilik ayollarning yuzlarida shijoat, dadillikni ko’rasiz. Ular har qanday erkak bilan bemalol talashib-tortishishdan, kerak bo’lsa, so’kishish-u yoqalashishdan ham tap tortmaydigandek. Bu haqda bozordagi tijoratchi ayollarning o’zlari mana bunday fikrda:

“Bozordagi ayollar erkak bo’lib ketishi kerak, bo’lmasa non yo’q bu yerda. Shuning uchun sal shartakiroq, kerak bo’lsa, “ja erkaksifat ekansiz-a’, deydi bir xillar kelib. O’shanaqa bo’lib qoladi bu yerda. Boshida kelganda hamma muloyimgina, lekin shunaqa bo’lmasa bo’lmaydi, non yo’q bo’lmasa”.

Xo’sh, bu chapani ayollar shuncha yelib yugurishlari, tinim bilmay harakat qilishlari, asablarini yemirganliklari hosilasi sifatida yangi o’zbeklar, yoxud yangi zamonning yangi o’zbek sarmoyadorlari safiga qo’shila oladilarmi?

“Yo’q. Hozir ortirolmaysiz, nalogga ketadi topgan pulingiz. Non puli, choy puli, shunaqa. Shunda ham eski oboroti borlar yuribdi aravasini sudrab. Yangi chiqqanlarga rosa qiyin. O’shalarga ham bir xil nalog. Xolodilnik sotsa ham bir xil nalog, mashina sotsa ham bir xil nalog, paypoq sotsa pam bir xil nalog. Shundan bilaversangiz bo’ladi sharoitni”.

“Boyiyapmiz deb aytmayman, lekin har holda qornimiz to’q, enimiz but. To’y qilyapmiz amallab, qarzga demoqchiman endi”.

“Boy bo’lib ketish davri o’tib ketdi. Oldin, 1992-95 yillarda bor edi, hozir unaqamas. Nimaga desangiz qimmat-da, oziq-ovqat ham qimmat, bolalarni yaxshi yedirishingiz kerak, o’qitishingiz kerak. Boy bo’lishni xayolga ham keltirmaslik kerak hozirgi paytda. Faqat qozoningiz qaynab tursa bo’ldi. Shunga shukur qilamiz”.

Biroq bozordagi har bir tijoratchi savdosining nechog’li yaxshi yo’lga tushishi ularning muomala madaniyati bilan ham bog’liqligi urg’ulanadi.

XS
SM
MD
LG