O'zbekistonda iste'mol savati haqidagi ma'lumot nega sir tutiladi?


Ma’lumotlarga ko’ra, ayni paytda O’zbekistonning 70 foiz aholisi yo’qsillikda kun kechirmoqda. Xo’sh, oltini, paxtasi, gazi va boshqa yer osti va usti boyliklari bo’lgan mustaqil mamlakat xalqining ko’pchilik qismi nima sababdan qashshoqlarcha yashayapti?

Aksar rivojlangan xorijiy mamlakatlarda kambag’al kishini dangasalikda, mavjud imkoniyatlardan foydalanmaganlikda ayblashadi. Ayni paytda O’zbekistondagi kambag’al aholini o’z qashshoqligi uchun aybdor deyish mumkinmi?

O’zbek xalqining ko’p qismi ayni kunlarda yo’qsillikda hayot kechirayotgan ekan, uning dangasaligi tufayli shu holat sodir bo’lmoqda deb hech ham aytib bo’lmaydi, deydi mana bu tinglovchimiz.

O’zbek xalqi asrlar davomida faqat peshona teri bilan boylik topgan va kun kechirgan. Biroq bugun uning topayotgan boyligi o’zi uchun sarflanmayapti deb mulohaza yuritadi u.

“Fikrimcha, o’zbek xalqining qashshoqligini avvalo mana shu O’zbekistonda mavjud bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy tuzum, bazis bilan tushuntirish mumkin. O’zbekistonda yaratilayotgan milliy boylik juda katta mansabdorlar apparati tomonidan o’zlashtiriladi. Shu boylikni yaratayotgan haqiqiy mehnatkashlarga esa uning mizer qismigina tegadi. Shu sababdan hozirgi vaqtda O’zbekiston xalqi qashshoqlikda yashamoqda”.

Toshkentlik tinglovchimiz Jahongirning fikricha, O’zbekistonda tadbirkorlikka keng yo’l ochilgan, lekin unga eltadigan eshiklar barchaga ham barobar ochilavermaydi. Shu sabab kimlardir boy, kimlardir kambag’al.

“Hozir kallasi ishlagan odam boy bo’lib ketyapti, biznes qilyapti, boshqa ishlar qilyapti. Tadbirkorlik uchun keng yo’l ochilgan. Lekin shuni ham aytib o’tish kerakki, bu hammaning ham qo’lidan kelmaydi. Chunki puli bor odam bundan foydalanish imkoniga ega. Qolganlar bo’lsa, topganiga ko’nikib, yashashga majbur bo’lmoqda,” - deydi Jahongir.

Bugun ko’pchilik aholining qashshoqlarcha kun kechirayotgani boisi maosh va nafaqalarning oylab berilmayotganida deb hisoblaydi mana bu tinglovchilarimiz.

Ularning fikricha, hatto bozor narx-navolariga yaqin yo’lamaydigan, arzimagan maoshu nafaqalar bilan kun ko’rib bo’lmasligini hukumat rahbarlarining anglaydigan vaqti yetgan.

“Man zavodda ishlayman. Shu ishlaganimga 6 oydan beri pensiyani bermaydi, 7 oydan beri oylikni bermaydi. Man o’zim 50 yildan beri ishlayman. Hayronman, bu qanaqasi? Hech bunga chora bormi-yo’qmi?”

“Men 15 ming pensiya olaman. Bu pensiyam umuman hech narsaga yetmaydi. Ya’ni kommunal xizmatlari juda qimmat. Menga non puli, daje choyimga ham pul yo’q boshqa. Yegan-ichgan ovqatlarga ham pul yo’q. Mana endi shuni hukumat boshliqlari nega o’ylab ko’rmaydi? Hukumat boshliqlari, ministrlar shu 15 ming pulga bir yashab ko’rsin, oilasini tebratib ko’rsin. Qani, qanday ularga ta’sir qilarkan?”

Respublikada vujudga kelgan va ortib borayotgan ishsizlik aholining qashshoqlashib borishiga olib kelayotgan omillardan deb hisoblaydi mana bu doimiy tinglovchimiz.

“U ham yetmagandek, bozorlarda, bozorlar orqali tirikchiligini o’tkazadigan insonlarning ham payini qirqib, bozorlarni ham qo’shtirnoq ichida “tozalash” ma’nosida, bozorlarni ham tinkasini quritib, mana, ishsizlar soni yana ham ko’payib, qarabsizki, qashshoqlik orta borayotganining dalil-isbotini ketma-ket qancha xohlasangiz ko’rsatish mumkin. Ayollar mardikor bozoriga chiqib turgan gapni biz eng qattiq urush yillari ham eshitmaganmiz. Hozir esa ayollar mardikorlikka chiqadi".

Mustaqillik davrida vujudga kelgan qashshoqlik Sovet davrida ko’zga tashlanmaganini aytadi yana bir tinglovchimiz. U sho’ro davri maoshlari bilan fuqarolarning hozirgiga nimalar xarid qilish mumkinligini solishtirishga urinadi.

“SSSR davrida qayta 120 so’m oylik olardik, uborshitsalar 70 so’m oylik olar edi. Hamma narsaga yetardi, ustboshgayam yetardi, yeb-ichishga ham yetardi. Hozirgi bu qiyinchilikdan odamlar qiynalib qoldi. Kimga jalaba qilishni ham bilmaydi. SSSR davri ming marta yaxshi edi, hamma shunaqa deydi. 70 so’m oddiy farroshlar olardi, shunga 4 xalta un olsa bo’lardi. Hozirgi bergan oyligiga bir xalta un bermaydi. Ha, kiyinmaydimi, yemaydimi, ichmaydimi? Qanaqa bu yashash? Nima qilish kerak, oxir zamon keldimi?”

Mana bu tinglovchimiz esa, qishloqlardagi aksariyat aholining ayni paytdagi qashshoqlarcha hayotidan O’zbekiston prezidenti bexabar bo’lsa kerak, deb o’ylaydi.

Shuning uchun ham prezident xalq bilan ochiqchasiga muloqot o’tkazishi, televideniye yoki telefon orqali aholi bilan bog’lanishi, yoki uning xalq dardiyu muammolari bilan tanishishga imkon beradigan o’z pochtasi bo’lishi lozim deb hisoblaydi:

“Prezidentimiz donishmand, aqlli odam, hamma narsani bilishi mumkin. Lekin xalq bilan prezident o’rtasida shunday tabaqalar mavjudki, ya’ni bir qancha karchalonlar, byurokratlar, chinovniklar va boshqa toifadagi rahbarlar borki, bular xalqning haqiqiy hayotini, turmushini, og’ir sharoitini prezidentga hech qachon yetkizmaydi va prezidentga doim “xalq yaxshi” deb axborot beraveradi”.

Bugun O’zbekistonda jon boshiga to’g’ri keladigan iste’mol savati xususidagi aniq ma’lumotlar sir saqlanadi. Hatto sobiq SSSR davrida ham bu boradagi ma’lumotlar ochiq-oshkor aytilgan va eng kam oylik ish haqi miqdori iste’mol savati qiymatidan kelib chiqib belgilangan.

Bugun O’zbekistonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga 2 kiloga yaqin go’sht, yoki 15 kiloga yaqin un olish mumkin xolos.

XS
SM
MD
LG