O'zbekiston bozorlari: Xushmuomalalik savdoni qizitadi


O’zbekistonda bozor - hayot ko’zgusi. Bu yurt bozorlarida bo’lmagan odam bu xalq haqida ko’p narsa bilmaydi deyishadi g’arbliklar.

Sho’ro davrida tilga olinmagan “dunyoni savdogarlar boqqan” naqli so’nggi paytlar tez-tez tilga olinadigan bo’ldi. O’zbekistonning eng katta savdogarlari Toshkent bozorlaridan qo’nim topdilar.

Yangi tizim yangicha madaniyatni ham boshlab keldi. Bugun bozorda rang-barang muomala madaniyatining shohidi bo’lasiz. Biroq bir narsa aniq ko’zga tashlanadi: avvalgi singari badqovoq savdogarlar, “olsang shu, olmasang - katta ko’cha” deya g’uddayib turadigan sotuvchilar ancha kamaygan. Aftidan raqobat, mahsulotning ko’paygani o’z ishini qilayotgan ko’rinadi. Sotuvchi ayollarning biri so’zlaydi:

“Savdoda baribir muloyim bo’lish kerak. Mening o’zimning oluvchilarim ko’p. O’shalarga yaxshi muomala qilsam kerak. Hech ham hali xaridorlarim menga qattiq gapirsa ham gapirmaganman. “Voy, mayli opa, rahmat. Yoqmadimi, olmay qo’ya qoling”, bo’ldi. Narxiga kelisholmasak ham “menga ham to’g’ri kelmaydi, opa. Sal nariroqqa borib boqing” deyman. Albatta muomala bo’lishi kerak. Bo’lmasa qiyin. Mana, oladi-da, “voy, men sizdan bitta kofta olib ketuvdim, opa, yana keldim”, deydi. Bizlar bilasizmi qanaqa xursand bo’lib ketamiz. Demak, shu bizning xaridorimiz, boshqa odamga bormaydi. Aldamasdan beribsiz, deydi”.

Xaridorlar esa savdo ahlining muomala madaniyati xususida turlicha fikrda. Bozordagi muomalaning yaxshi-yomonligi jamiyatning pulga nisbatan munosabati qay yo’sindaligi bilan ham o’lchanadi, deydi o’zini Zokir deb tanishtirgan xaridor:

“Bozorlardagi buzilayotgan muomala madaniyati xalqning moddiy ahvolining ancha pastligiga, hozir hammani bozorga urib ketayotgani yoki bo’lmasa bozorda avvaldan savdo qilib ko’rmagan odamlarning katta oqimini kirib borishiga borib taqaladi, deb o’ylayman”, - deydi Zokir.

Ba’zi xaridorlarga ko’ra, muomala madaniyati insonning qiyofasini belgilaydi. Muomala madaniyati insonning o’qimishliligiga, uning hayotdan olgan tajribasiga, oiladagi tarbiyaga bog’liqligi aytiladi.

“Bugungi bozor sharoitida muomala qanday shakillanayotganini ko’rish bozorlarni aylanish orqali, bozorlarni kuzatish orqali bir xulosaga kelish mumkin. Albatta, tabiiy, savdogar o’zining narsasini o’zi mo’ljallagan narxda o’tkazish kerak.

Biroq bu qanday amalga oshirilishi kerak? Mana shu haqida juda ko’p savdo rastalarida o’tirgan, savdo bilan shug’ullanib turgan odamlarda tasavvur yo’q, desam adashmayman. Nega-ki, ular kishilar bilan muomala qilganda birinchi navbatta aldash payida bo’lishadi.

O’zining tovari sifatini, narxini, qayerda ishlab chiqarilganligini yashirishadi. Iloji boricha aldab, shu tovarga ketgan o’zining sarf-xarajatiga insof bilan bir foiz qo’shib sotish o’rniga, uni 2-3 baravariga sotish payida bo’lishadi. Va bu albatta xaridorda shubha uyg’otadi. Orada tortishuv bo’ladi. Ba’zan dahanaki janglar bo’lib ketadi. Bunday holatlarni bozorlarda ko’p uchratasiz, ko’p duch kelasiz va beixtiyor ranjiysiz”, - deydi xaridorlardan biri.

Bozordagi sotuvchilar esa xaridorlar bilan yaxshi muomala qilishga harakat qilishlarini aytisharkan, ba’zi holda narx-navolar ustidan kelishmovchiliklar ham bo’lib turishini tan olishadi.

“Molingizga yopishgandan keyin, “mana shuni olsa, men bir-ikki so’m foydalanaman, solig’imni qoplayman”, deb yaxshi gapiriladi-da iloji boricha. Lekin ja endi o’tqazib yuborishsa, “olsang ol, olmasang olma” deb yuboriladi. Naqd pul tikkaningizdan keyin, 10 mingga olgan bo’lsangiz o’shani 11 sotadigan bo’lsangiz, xaridor 8 ming so’rasa, alam qiladi”, - deydi sotuvchilardan biri.

Bozordagi sotuvchilar bilan xaridorlar o’rtasidagi muomala jamiyat muhitiga ham ta’sir etadi. Jamiyatdagi muhitning naqadar sog’lomligi qay darajadadir bozor ahlining xaridorlar bilan muomalasiga ham bog’liqligi izohlanadi:

“Bozorga har kimning har kun ishi tushadi. Bozorda odamlar bir-biri bilan muomala qiladi va bu muomala qanaqa tugashi, bu savdo-sotiq qanday natija bilan yakunlanishi savdo qilgan odamning psixologiyasiga ta’sir qiladi, savdo qilib uyiga kelganda uning oilasini holatiga ta’sir qiladi, uning kayfiyatiga ta’sir qiladi. Bular hammasi yig’ilib shu jamiyatda bir muhitni yaratadi, muomala muhitini. Agar shu muomala muhiti chinakkam madaniy bir saviyada bo’lsa, sotuvchi ham, xaridor ham, demakki jamiyat ham o’zining yashashidan, o’zining turmush tarzidan, o’zining muomala tarzidan rozi bo’ladi. Bu umumiy bir ijobiy muhitning shakllanishiga turtki beradi. Bizda hozir savdoda muomala madaniyati birdan yaxshi bo’lib ketishi bu xomxayol. Bozor bu stixiyali jarayon. Bu o’zi tozalaydi, o’zi saralaydi, jumladan tovarlarni ham saralaydi, rastalarda savdo-sotiq qilib o’tirgan odamlarni ham tarbiyalaydi”.

Bozordagi savdogarlarning aksariyatini ayollar tashkil etar ekan, tijoratchi ayollarning o’zi buning boisini, erkaklarning xaridorlar bilan yetarlicha muomala qila olmasligida, deb aytishmoqda:

“Baribir ayollar-chi, shustriyroq muomalalarni olib boramiz. Erkaklar masalan, koftani so’rasa, ha muncha, deydi-da o’tiraveradi. Bu savdodayam ozgina ayyorlik kerak. Harakat kerak, bizlar bitta kofta so’rasa, 10 tani ko’rsatamiz. Erkak kishilar bularni qilmaydi, shuning uchun bizlarga qaraganda ular savdoda uncha ishlasholmaydi. Bizlar amallaymiz. Primerichniymiz yo’q, o’sha bizlarda muammo. Mana shu yerda majburmiz ayollarni kiyintirib-yechintirishga. Iloji yo’q. Bir xillar aytadi: “uyga olib borganimdan keyin yoqmay qoladi, men kiyib ko’raman” deydi. Dasturxonimiz bor spetsialniy, ikki kishi bo’lib turib o’rab olamiz, kiyintiramiz, xursand ketaveradi xaridorlar. Buni ham yo’lini topdik, mana. Erkak kishi buni qilmaydi baribir”, - dedi tijoratchi ayol.

Sotsialistik tuzum boylikni burjuaziyaga xos illat deb qarab, boylikniyam, boylarniyam qoralab kelgan. Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tayotgan O’zbekistonda ushbu nuqtai nazar juda tezlikda, o’z-o’zidan barham topdi. Xalq yaxshi yashashning asosi moddiy farovonlikda ekanini tushundi. Bu esa savdo ahliga nisbatan munosabatni ham o’zgartirib yubordi.

“Yaqin o’tmishda savdogarlarga, olib-sotarlarga salkam o’g’ri sifatida qaralardi. Bugunga kelib esa bu qatlam ijtimoiy hurmat-e’tibordagi qatlamga aylandi. Bugungi kunda davralarning to’ri sarmoyador odamniki bo’lib qoldi. Asosiy maslahat beradigan, toy-ma’raka o’tkazadigan odamlar mana shu boylar va savdogarlar qatlami bo’lib qoldi. Buning oqibatida ayniqsa bozorda muomala madaniyati paydo bo’ldi. Bundan aytaylik 10-15 yil burun pana-pastqamda narsalarini sumkasiga yoki qo’ltig’iga tiqib sotib yurgan savdogarlar bugun bozorlarning to’rini egallab, o’zining ijtimoiy mavqeiga mos ravishda odamlar bilan muomala qilishga o’rgana boshladilar. Chunki ma’lum ma’noda raqobat bor va raqobatni yengib chiqish uchun savdogarlar istaydimi-istamaydimi muomala madaniyatiga ozgina e’tibor berishga majbur bo’lishmoqda”, - deb hisoblaydi ziyolilardan biri.

Bugun o’zbek bozorlaridagi rastalar ortida o’tirganlar turli toifaga mansub kishilardir. Ular orasida bir paytlar oliy o’quv yurtlarida o’qituvchilik qilganlar ham, nafaqaxo’rlar ham, hayot mohiyatini faqat pul topishda deb o’ylagan yosh-yalanglar ham bor.

Toshkent bozorlarida muomala madaniyati o’zgarayotgani sababi, unga intellektual ong ham kirib kelayotganida degan mulohazalar ham yo’q emas.

XS
SM
MD
LG