O'zbekiston bozorlari: Ziyoli bebaho ilmini savdoga bag'ishlamoqda


Toshkent bozor sotuvchilarining o’rtacha intellektual darajasi uncha-muncha ilmiy tadqiqot instituti xodiminikidan qolishmasligini aytishadi ba’zi kuzatuvchilar.

Chunki bozor iqtisodiyotining dastlabki qiyinchiliklari ziyolilarning ma’lum qatlamini bozorga surib chiqqan. Bugun Toshkent bozorlarida hatto fan doktorining savdo qilib o’tirishini mutlaqo tabiiy hol sifatida qabul qilish lozim.

“Judayam ko’p turli kasbdagilar, o’qituvchilar ham ko’p bu yerda. Doktor, kandidat nauklar bor, buxgalterlar bor, shular yetishmovchilikdan chiqishgan. Nimaga desangiz, davlatda hozir ish yo’q. Vaqtida oylik berishmaydiyam, oylik kam, juda ham kam, yetishmaydi. Misol uchun 4 bolali oilalar bor, 5 bolalilar bor, shuning uchun yetishmaydi,” - deydi bozorda tijorat bilan shug’ullanayotgan, asli kasbi bolalar shifokori bo’lgan ayol.

Bozor iqtisodiyotida nafaqat mushaklar ishi, qora mehnat, balki intellektual mulk, tadbirkorlik salohiyati ham sotilishi mumkinligini o’z vaqtida ilg’ab ololgan ziyolilar o’zlarini bozorga urganlar.

Aytishlaricha, bir fan doktori payvandlash ishidan boxabar bo’lgani, o’zi bozorga yaqin mahallada turgani bois, 50 ta arava yasab bozordagi aravakashlarga ijaraga berib qo’ygan. Uning aravalarni ijaraga berish orqali topayotgan bir kunlik puli fan doktorining ikki oylik maoshi bilan teng ekan.

Universitetda dars beruvchi bir professor esa ikki yilcha savdo-sotiq bilan shug’ullanib, sal boyib olgach, ulgurji bozordan joy olib qo’yganini, u yerda yollanma sotuvchilar ishlayotganini ma’lum qildi.

“Juda ko’p! Mana professorlar bor, kandidat nauklar bor, bozorga chiqib, narsa sotishyapti. Lekin ilm hozir bizning jamiyatimizda uncha yaxshi qadrlanmayapti. Qadriga yetilmaydi hozir. Ko’tarish kerak mana shu insonlarni. Endi, bu menimcha, kattalarga bog’liqroq. Tanishlarim juda ko’p institutni bitirishgan, kandidat nauklar bor, mana og’aynilarim bor mening. Hammasi tijorat yo’liga kirib ketishgan. Sababi shu - iqtisod, bola-chaqamni boqay deydi, yaxshi hayot kechiray deydi. Hamma yaxshi yashagisi keladi-yu. Bizlar topgan oylikni ular bir kunda topadi. Endi hayot majbur qilyapti hozir hammani. Dehqonchilik qiladigan, gul sohasi bilan shug’ullanadigan odamlarni bilaman, tijorat yo’li bilan ishlaydiganlarni bilaman”, - deydi xaridorlardan biri.

Oily ma’lumotli savdogarlar fikriga ko’ra, bozorda tijorat bilan shug’ullanish ham oson ish emas. Agafya Alekseyevna maktabda 35 yil o’qituvchilik qilgan. U ayni paytda bozorda savdo bilan mashg’ullik sababini mana bunday izohlaydi:

“Bozorda hozir ko’p odamlar, 90-80 foiz oily ma’lumotli odamlar ishlayapti. Chunki, davlat ishida, o’z sohasida oylik yetmaydi. Bolalarni boqishga pulim yetmaydi. Shuning uchun majburmiz, mana shu yerga chiqib, bu ishlarni qilishga. Lekin bu yerda ishlagan paytda hech qanaqa sharoit yo’q. Oddiy mana shu 80 santimetr joyni beradi, olib kelgan molni qo’yishga joy ham yo’q. ikkinchidan, tamojniydan o’tkazishga rosa qiynalamiz. Men, misol uchun, Bishkekdan olib kelaman molni. Ammo O’zbekiston chegarasida, tamojniyda rosa qiynalamiz. Nahotki, o’zining davlatiga mol olib kelgan bo’lsa, ham o’tkizmaydi ular, rosa qiynalib-qiynalib kiramiz”.

Har qalay, sho’ro davrida ziyolilar qatlami ijtimoiy e’tibordagi va moddiy jihatdan nisbatan ta’minlangan qatlam hisoblanardi. Misol uchun, o’rtacha maosh 150 so’m bo’lgani holda fan nomzodining 400 so’mgacha, fan doktorining 700 so’mgacha, professorning esa 1000 so’mdan ko’proq maosh olishi ziyolilar mavqeiga juda katta ijobiy ta’sir ko’rsatgan.

O’zbekistondagi bozor sharoitida esa, aytaylik, fan doktorining maoshi yaxshiroq o’qiydigan talaba oladigan stependiyaga deyarli tenglashib qolgan. Natijada ziyolilar qatlami ham ijtimoiy e’tibordan qolgan.

Ayni paytda ular orasida qashshoqlarcha kun ko’ruvchilar ham paydo bo’lgan. Ushbu holatning tabiiy hosilasi sifatida ziyolilarning ma’lum guruhi o’zini bozorga urishini tabiiy hol deb bilish kerakligini aytadi yozuvchilardan biri:

“Bugungi kunda O’zbekistonda ijtimoiy e’tiborga molik qatlam aynan bozor orqali shakllanmoqda. Buni o’z vaqtida ilg’ab olgan ziyolilar majburiy ravishda bozorga o’tishdi. Chunki risoladagidek kun ko’rish, bola-chaqasini boqish uchun tabiiyki, bugungi kunda berilayotgan maosh urvoq ham bo’lmaydi. Mana shu jarayonda ziyolilarning bozorga o’tishi va o’zlarini bir ijtimoiy e’tiborga molik qatlam sifatida ko’rsata olishi albatta qiyin kechdi. Bozor sharoitida qo’sh-qo’sh diplomlar yoki ilmiy unvonlar emas, aynan shu shaxsning, fuqaroning boyligi e’tiborga ko’proq sazovor bo’la boshlaganligi sababli ham mening nazarimda ziyolilarning ma’lum qismi aynan bozorga o’tishga majbur bo’lishdi”.

Bugun bozorda tijorat bilan mashg’ul jurnalistlarga ham duch kelasiz. Ularning aksariyati bozorda gazeta va jurnallar savdosi bilan shug’ullanadi.

Bozor iqtisodi sharoitida tushunchalar, qadriyatlar ham keskin o’zgardi va ma’lum ma’noda puli bor odamning aytgani-aytgan bo’lib qoldi. Davralarning to’rida o’tira boshlagan “yangi o’zbeklar”ning ziyolilarga bepisand qarashi aholining ko’pchilik qismini puldorga nisbatan o’zgacha e’tibor ortayotganidan va jamiyatda yangicha munosabatlar shakllanayotganidan guvohlik berayotgandek.

“Aynan shu ziyolilarning bozorga borishi, o’zlarining tirikchiligi dardida shu yerda ishlay boshlashi, albatta bu tabiiy ravishda ko’pchilik aholi tomonidan aynan boylarga, puli bor odamlarga nisbatan e’tiborning kuchayganligidan dalolat beradi. Menimcha, bundan keyin ham bu jarayon yana davom etsa kerak. Ya’ni bugungi kunda ziyoli yoki ilmiy unvon sohibi emas, cho’ntagida puli bor odamga nisbatan ijtimoiy e’tibor kuchayishi davom etsa kerak. Ziyolilarning o’zini bozorga urishi ijtimoiy hayotda o’zining ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi. Ya’ni keyingi o’sib kelayotgan avlod yoki yoshlar bundan keyin ziyoli bo’lishga emas, puldor bo’lishga tabiiy ravishda intila boshlaydi va puldor odamga nisbatan ehtirom shakillanish jarayoni kuchayadi”, - deb hisoblaydi ziyolilardan biri.

Ziyolilar qatlamining bozorga kirib kelishi savdo sohasida inqilob yasamagan bo’lishi mumkin. Lekin bu jarayon o’zbek bozorining yovvoyi bozor shaklidan madaniy bozor sari yuz tutishida ma’lum darajada rol o’ynaganini qayd etish lozim.

XS
SM
MD
LG