Putin G'arbga qarshi tanqid va siyosatni kuchaytirmoqda


Rossiyada Vladimir Putin prezidentligining so’nggi yilida G’arbga qarshi kampaniyaga zo'r bermoqda.

Putin Yevropa va AQShni xalqaro bitimlarga to’liq rioya qilmayotganlikda va gegemon siyosat yuritayotganlikda ayblaydi. Bu Rossiyani dunyoda kuchli nazoratchi va ma’suliyatli hukumat sifatida ko’rsatish uchun qilinayotgan harakat, deydi Amerika Ovozi bilan suhbatda bo’lgan tahlilchilar.

Rossiya noyadroviy qurollar sonini cheklovchi xalqaro shartnomani tark etishi mumkin.

Putin nazarida Rossiya mazkur bitimga bo’ysunayotgan yagona davlat. Ko’pchilik uni ratifikatsiya qilmagan, qilgani ham unga amal qilmaydi, deydi Rossiya rahbari.

Tanqid AQShning Polsha va Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini ishga solmoqchi ekani bilan bog’liq.

Igor Zevelev RIA Novosti axborot agentligining AQShdagi muxbiri. Putinning yuqoridagi kabi kuchli chiqishlari Rossiya xalqiga yoqadi, deydi journalist.

"Rossiya yana xalqaro sahnada, kuchli davlat sifatida. Putin bu gaplari bilan G’arbga biz qudratlimiz, deya ishora qilmoqda. Rossiya o’z manfaatlarini himoya qilishga tayyor va G’arb bilan munosabatlarni qayta ko’rib chiqmoqda".

AQSh Rossiyadek qudratli davlat nega Sharqiy Yevropada o’rnatilishi mumkin bo’lgan kichik mudofaa tizimidan bunchalik xavfsirayotganini tushunmaydi. Tizim Eron hatti-harakatini kuzatadi, deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

Jurnalist Igor Zevelev nazarida, Rossiya asosan ikki narsadan tashvishda.

"Hozir kichik deyilayotgan bu mudofaa tizimi keyinchalik kengaytirilishi mumkin. Strategik jihatdan bu Rossiyaga xavf tug’idirishi aytilmoqda. Ikkinchisi, NATO Rossiyaga bergan va’dasini buzmoqda, ya’ni sharq tomon kengaymoqda".

Germaniyalik jurnalist Matias Rueb Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasining Vashingtondagi muxbiri. Putin, deydi u, qanday rahbar bo’lishidan qat’iy nazar siyosiy o’yinlarning mohir ustasi. Masalan, Putinning chiqishlari Germaniyada keng olqishlanadi. Uning G’arbga qarata qo’rqmasdan gapirishi ko’pchilikni hayron qoldiradi.

"Kansler Anjela Merkel ehtiyot bo’lmasa, ikki o’t orasida qoladi, deydi Matias Rueb. Merkel axir AQSh bilan aloqalarni yaxshimoqchi. Merkel Bushni ochiq tanqid qila olmaydi. Biroq Merkel xonim zimdan Yevropada qurollar poygasi qayta avj olishidan tashvishda. Vaholanki, ehtimoliy qurollar poygasi, fikrimcha, ancha bo’rttirilib ko’rsatilmoqda. Lekin Putin shu yilning o’zida ikki marta, birinchisi fevral oyida Myunxenda, ikkinchisi yaqinda Kremldan turib, AQSh va Yevropa siyosatini qoralagani uning obro’sini juda ko’tarib yuborgan".

Lekin bu Putinning prezident sifatida oxirgi yili. Uning o’zi buni bir necha bor tasdiqladi. Qonunan u uchinchi muddatga saylana olmaydi.

Dmitriy Sidorov Kommersant gazetasining Vashingtondagi muxbiri. Putin rahbarlikda qolishning biror yo’lini topadi, deydi u.

"Ko’rmaguncha ishonmayman. Rossiya biznes elitasi Putinning qolishini istaydi. Putin ketadigan bo’lsa ham uning o’rniga keladigan odam bilan katta bitim tuziladi",- deydi Sidorov.

Putinning omma o’rasidagi reytingi 80 foizdan tushmay kelmoqda.

"Putin prezidentlikka kimni tanlashi yoki kimning tarafdori bo’lishi hozircha noma’lum. Hozircha. Bu yil oxirigacha ko’p narsa o’zgarishi mumkin",- deydi Zevelev.

AQSh va Yevropa Rossiyadagi o’zgarishlarni turlicha baholaydi.

Yevropada kuchli davlatlar AQShni quvvatlasa-da, oddiy odamlar nazarida Putin qo’rqmas rahbar sifatida gavdalanadi. Putin shu sifati bilan, deydi tahlilchilar, hokimiyatdan ketgach ham siyosiy sahnada qolishi mumkin.

XS
SM
MD
LG