O'zbekistonda matbuot va axborot vositalari asosiy vazifasini unutgan


O`zbekistonda dunyodagi matbuot erkinligiga oid hisobotlar tanqid qilinmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda so`z erkinligi haqida gapira oladigan jurnalistlar tazyiqqa uchramoqda.

3 may xalqaro matbuot kuni munosabati bilan Freedom House tashkiloti e’lon qilgan hisobotda O`zbekiston matbuot erkinligi cheklangan, jurnalistlar doimiy tazyiq ostida yashaydigan mamlakatlardan biri sifatida qayd etiladi.

Hukumat doirasidagi ayrim eskpertlar bu hisobotga munosabat bildirar ekan, uni bir yoqlama, jumladan, rasmiy Toshkentning AQSh ma’muriyatiga qarshi siyosati bilan bo`glashadi.

Siyosiy tadqiqotlar markazi eksperti Bektosh Berdiyev faqatgina siyosiy sabablar haqida fikr yuritadi va O`zbekiston matbuotiga oid vaziyat haqida hech narsa demaydi.

Xalqaro matbuot kuni O`zbekistondagi Turkiston saroyida “Oltin qalam” milliy mukofoti g’oliblari taqdirlangan. Tadbirda hukumat rasmiylari ham ishtirok etishgan.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, hukumat jurnalistlarga e`tibor ko`rsatishni, moddiy rag`bat uyushtirishni rejalagan.

Ular nazarida matbuot faqat maqtovlardan iborat bo`lgan bir vaziyatda bu mukofotning ta’sis etilishi mamlakatdagi mavjud muammolardan ko`z yumib, faqat hukumat siyosati targ`iboti bilan shug’ullangan jurnalistlarning e`tibordan chetda emasligini bildirishdan iborat.

Mustaqil jurnalistlardan biri Sergey Yejkov fikricha, bugungi kunda o`zbek matbuotida ma`lum o`zgarishlar kuzatilmoqda. O`zbek jurnalistlari bugun siyosatdan yiroq va asosan hukumat pozitsiyasi atrofida to`plangan. Boshqa bir qismi esa sariq matbuotda faoliyat yuritmoqda.

“Siyosiylashgan jurnalistlar o`z muammolarini hukumat va rahbarlar yordamida yechishlari mumkinligidan qanoat hosil qilmoqda. Umuman olganda, hukumat nuqtai-nazaridan olib qaraganda matbuotdagi ahvol juda yaxshi, bu hukumat boshqacha bo`la olmaydi. Jurnalistlardan esa qandaydir poyezdning lokomotivi bo`lishni talab qilib bo`lamaydi,” - deydi Yejkov.

Uning so’zlariga qaraganda, mamlakatda mustaqil va faol bo`lgan sanoqli jurnalistlar qolgan.

O`z tanqidiy chiqishlari uchun suiqasdni boshdan kechirgan jurnalist Rajabboy Raupov:

“Menga nisbatan uyushtirilgan bu shafqatsizlik, uyimning oldida shu darajada kaltaklanishim uchun biror sabab bo`lishi kerak-ku axir. O`zbekistonda yuzlab nashrlar, minglab jurnalistlar bor. Ularning birortasi bu haqda yozish u yoqda tursin, kasalxonaga borib ahvolimni so’ramadi. Mendan qo`rqib qochishadi, bu adolatdan qochish emasmi? Biroq bugun mening boshimga tushgan narsa ertaga ularning boshiga tushmasligiga kim kafolat beradi?” - deydi jurnalist Rajabboy Raupov.

Mustaqil jurnalistlardan biriga ko`ra, O`zbekistonda matbuotning asosiy vazifasi o`zgargan. Aslida hokimiyat idoralari faoliyatini nazorat qilishi, jamiyatdagi muammolarni yoritishi lozim bo`lgan matbuot ommaviy ravishda hukumatni qo`llab-quvvatlashga safarbar qilingan.

“O`zbek matbuoti jamiyatga qanday zarar yetkazayotganini tasavvur eta olmaydi. Jamiyat yoritilmagan bu muammolar bilan yashamoqda. Ular tobora chigallashmoqda. Xalqda esa o`zbek matbuotiga nisbatan yashirin norozilik e`lon qilingan”, - deydi ismini aytishni xohlamagan jurnalist.

XS
SM
MD
LG