Sobiq ittifoq bo'ylab 9 may - G'alaba kuni nishonlandi


G'alaba kuni Rossiyada keng ko'lamda nishonlandi. Natsistlar Germaniyasi ustidan g’alabaning 62 yilligi tantanasi har yilgidek Qizil maydonda o’tgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin nazarida Ikkinchi jahon urushi qahramonlari e’zozlanmayapti. Ularga qo’yilgan haykal va obidalarni buzayotgan hukumatlar, deydi Putin, o’z xalqini haqoratlamoqda.

Putin bayram nutqida hech bir davlatni tilga olmagan, biroq ayni paytda Estoniyada Sovet askariga qo’yilgan yodgorlikning boshqa joyga ko’chirilishi tanqid ostida. Tallinda bu tashabbusga qarshi namoyishlarda bir kishi o’lgan, yuzlab kishi jarohatlangan edi.

Rossiya yodgorlikni Sovet g’alabasi nishonasi deb bilsa, ko’plab estoniyaliklar nazarida haykal ular mamlakati ustidan sovetlar istilosini eslatadi.

Hozirda Rossiya-Estoniya orasidagi Narva daryosi ustidan mashina qatnovi cheklangan. May oxirida Tallin va Sankt-Peterburg orasida yo’lovchi poyezd qatnovi ham to’xtatiladi. Rossiya mojaro sabab Estoniyaga qarshi iqtisodiy chora ko’rishini bildirgan.

O’zbekiston matbuotiga ko’ra, ayni paytda mamlakatda urush qatnashchilari soni 18 ming nafarni tashkil etadi. Fashizmga qarshi kurashda O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasidan bir-yarim million kishi safarbar etilib, ularning uchdan-bir qismi frontda halok bo’lgan.

XS
SM
MD
LG