Yevropa delegatsiyasi O'zbekistondagi huquq faollari bilan uchrashgan


Yevropa Ittifoqi komissiyasi vakillaridan iborat delegatsiya O`zbekistonga safari davomida huquq himoyachilari bilan ham uchrashgan.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi a`zolari bilan o`tgan uchrashuvda mamlakatdagi inson huquqlariga doir vaziyat haqida suhbat borgan.

O`zbekiston-Yevropa Ittifoqi muzokaralari boshlangan buyon alyans a`zolari O`zbekiston olgan majburiyatlarning bajarilishini talab qilib muntazam ravishda piket va namoyishlar o`tkazib keladi.

Biroq hozirga qadar Yevropa Ittifoqidan O`zbekistonga tashrif buyurgan vakillar alyans a`zolari bilan uchrashmagan. Uchrashuvlar ko`proq rasmiy doiralar bilan chegaralangan.

Alyans a`zosi Yelena Urlayevaning so’zlariga qaraganda, komissiya vakillariga O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat o`ta og`ir ekani aytilgan.

“Menimcha, Yevropa Ittifoqiga nisbatan bildirgan tanqidlarimiz va bu borada o`tkazgan piketlarimiz o`z tasirini ko`rsatdi. Har holda delegatsiya vakillari bizga Yevropa davlatlari uchun eng asosiy qadriyat inson huquqlari va qonun ustuvorligi ekanini ta’kidlashdi. O`ylashimcha, O`zbekistonga nisbatan sanksiyalar kuchaytirilishi kerak”, - deydi Yelena Urlayeva.

Uning fikricha, Umida Niyozovani qamoqdan ozod etish bilan hukumat o`zining insonparvar ekanligini ko`rsatmoqchi, lekin haqiqatda hech qanday o`zgarishlar yo’q.

“Yaqinda Jizzax viloyatida bo`lib keldik. U yerda, ayniqsa, fermerlar huquqining buzilishi ommaviy tus olgan”, - deydi Urlayeva.

Ma`lumotlarga ko`ra, Yevropa Ittifoqi komissiyasi vakillari ayni patyda qamoqda saqlanayotgan huquq himoyachilarining yaqinlari bilan ham uchrashgan, faollarning taqdiri bilan qiziqqan.

Firibgarlikda ayblanib, sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilingan huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevaning ukasi Rasul Tojiboyev biror o`zgarish bo’ladi degan umidda.

“Qo`limizdan kelgancha harakat qilamiz deyishdi. Ombudsman Sayyora Rashidovaga uchradingmi deyishdi, men uchrashganimni, u shunchaki, qo`g`irchoqligini, hech narsani hal qilmasligini, hammasi prezidentga bog’liqligini ochiq aytdim”, - deydi u.

Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan joriy etgan sanksiyalarini keyingi haftada qayta ko`rishi kutilmoqda.

O`zbekistonlik huquq himoyachilari Yevropa Ittifoqini qattiqroq siyosat yuritishga chaqirib keladi.

Yevropa Ittifoqi mintaqada yaxlit strategik loyiha ustida ishlamoqda.

Bu loyihaga ko`ra, mintaqa davlatlarining rivojlanishi o`zaro bog’liq holda ko`riladi. Shu yilning iyul oyida e`lon qilinishi kutilayotgan bu strategiyada iqtisod va xavfzislik sohalari bilan bir qatorda mintaqa davlatlari bilan inson huquqlari va demokratik islohotlar bo`yicha hamkorlik shartlari belgilangan.

XS
SM
MD
LG