Breaking News

Huquq himoyachisi Gulbahor To'rayevaning jazo muddati uzaytirildi


Olti yilga qamalgan huquq himoyachisi Gulbahor To’rayeva yangilanib, sudlanuvchi jami 11 yildan oshiq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Gulbahor To’rayevaning turmush o’rtog’i Farid Yangildinga ko’ra, Gulbahorga nisbatan chiqarilgan qo’shimcha besh yil va sakkiz oylik qamoq jazosi ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ko’rilgan jinoiy ishga asoslanadi.

Oldin tayinlangan jazo muddati esa Milliy xavfsizlik xizmati o’tkazgan tergov bilan bog’liq.

“Gulbahor Andijondagi 50-maktabda o’quvchilarga nisbatan tazyiq ishlatilayotgani muammosini ko’targan. Biroq u hibsga olingach, maktabda tazyiqlar ko’rsatilayotgani va baholar sotilayotganini tasdiqlash uchun vaqti va imkoniyati bo’lmadi",- deydi Yangildin.

To'rayeva boshqaruvga nisbatan tuhmat qilganlikda aybdor deb topilgan.

Andijon voqealarining ikki yilligi va shu kunlarda Brusselda O`zbekistonga nisbatan sanksiyalarni qayta ko’rilishi munosabati bilan, o’zbek jamoatchiligi tomonidan Yevropa Ittifoqiga va boshqa turli xalqaro tashkilotlar nomiga ochiq bayonotlar yoborilmoqda.

Bayonotlarda qamoqda saqlanayotgan o’nlab muxolifatchilar va huquq himoyachilarining ozod etilishi va O`zbekiston hukumatiga nisbatan qattiqroq pozitsiyada bo`lish talab qilinadi.

Muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi raisi Nigora Hidoyatovaning aytishicha:

“Umidaning sudi ochiq o’tdi, hamma kirdi. Umidani xalqaro tashkilotlarga qarshi va o’z aybiga iqrorlik haqidagi monologni yod olishga majbur qilishganiga shubha yoq. Umida qanday tahqirlashlar evaziga ozod etilganiga biz hammamiz guvoh bo’ldik. Albatta, men Umidani tushunaman, nima qilib bo’lsa ham u devorlardan chiqishi lozim edi”.

Gulbahaor To’rayevaga nisbatan jazo choralarining kuchaytirilishi, deydi Hidoyatova, O`zbekiston hukumati bilan insonparvarlik tamoyillari asosida muloqot yuritish mumkin emasligini bildiradi.

“Shu sabablar bois ham men O`zbekiston hukumatidan faqat talab qilinganda va sanksiyalar kuchaytirilgan holda biror ijobiy natijalarga erishish mumkin, deb hisoblayman. Yana aldov, qitmirlik boshlanadi”, - deydi Hidoyatova.

XS
SM
MD
LG