AQShda o’qish uchun hujjat topshirish arzonga tushmaydi


AQShda o’qishni xohlaydigan yoshlar ko’p. Lekin o’qish bilan bog’liq xarajatni hammaning cho’ntagi ham ko’tarmasligi tayin.

Amerika ta’lim muassasasiga qabul qilingunga qadar ketadigan pul ko’pchilikni o’ylantirib qo’yishi mumkin. Keling ana shu xarajatlarni cho’tga solib hisoblab ko’raylik.

Faraz qilaylik. Men Samarqand yoki, deylik, Xorazmdagi o’rta maktabni bitirdim. Axborot texnologiyalariga ixlosim baland. Amerikada o’qish niyatim bor-ku, lekin pul qayoqda deysiz?

Atrofdagilar grant yoki bepul ta’lim dasturlari topinglar, deb maslahat berishayapti. Olamshumul rejalar va orzulardan ruhlanib, izlashga kirishaman.

Shahar markazidagi Internet kafega borib, qidirishni boshlagan ma’qul. Google qidiruv tizimiga “US Schools Information Technology” so’zlarini yozdim. Paydo bo’lgan universitetlarning biriga kirib, “Admissions”, ya’ni qabul bo’limi va “Scholarships”, ya’ni moliyaviy yordam bo’limini ko’zdan kechiraman.

Hali universitetga kirganimiz yo’q. Universitet ma’muriyatiga moliyaviy yordamga loyiq ekanimni isbotlash kerak. Chunki menga o’xshab, bepul o’qishni istaganlar song-mingta.

Qabul shartlariga ko’ra, quyidagilar so’ralayapti.

Shahodatnoma! Ha-ya, maktabni AQShda bitirmaganman-ku! Demak, deb maslahat beradi universitet veb sayti, shaxodatnomadagi ballarni Qo’shma Shtatlardagi maxsus idora mahalliy ta’lim tizimiga asoslanib, baholab berishi shart (World Evaluation Services, American Association of Collegiate Registrars and Admissions Officers Foreign Education Credential Service). Bu xizmat pullik. Taxminan, 150-160 dollar atrofida. Yon daftarchamizga yozib qo’ydik.

Xo’sh… Ikkinchidan, ona tilim ingliz tili emas. Shuning uchun mendan TOEFL, ingliz tili imtihonini topshirishni talab qilishayapti. Uning uchun www.ets.org veb sahifasiga kirib, test topshirish uchun ro’yxatdan o’tish kerak ekan. Buning bahosi $145 dollar. Eslab qoldik.

Uchinchidan, universitetning maxsus anketasi mavjud. Ya’ni “application”. Uni jo’natayotganda orasiga taxminan 50-75 dollarli chek ham qo’shib qo’yish lozim ekan. Bu – majburiy badal.

Yuqoridagilarni hisoblab chiqib… Qarabsizki, jami xarajatimiz hozircha chamasi 350 dollarlar bor.

Nihoyat, universitetga qabul qilindim. AQSh ta’lim muassasasi menga grant berishga qaror qildi. AQShning O’zbekistondagi elchixonasiga (www.usembassy.uz) talaba vizasi uchun murojaat qilishga yana 100 dollar haq to’laymiz. Bu ma’muriy to’lov. “Барча мурожаат этувчилар, шу жумладан, болалар хам бу туловни амалга оширишлари талаб этилади” deyiladi elchixona veb sahifasida.

Darvoqe, SEVIS to’lovi degan band ham mavjud. AQShda o’qishga qabul qilingan chet ellik talaba SEVIS – barcha xorijlik talabalar haqida ma’lumotni o’z ichiga olgan yagona tizimda ro’yxatdan o’tishi shart. Jarayon 100 dollar.

Qoidaga ko’ra, mablag’ xavfsizlikni ta’minlash yo’lida safarbar etiladi. Ro’yxatdan o’tganingizni tasdiqlovchi qog’oz sizdan viza uchun suhbatga borganingizda talab qilinadi. Ammo AQSh konsulligining eslatishicha, bu qog’oz sizga vizani kafolatlamaydi.

Barchasini hisob-kitob qildik, chamasi. Jami sarf-xarajatimiz kamida 550-600 dollar.

AQShda bepul o’qish huquqini qo’lga kiritishdan oldin ana shuncha sarf-xarajatga tayyor turish kerak.

AQShda ta’lim haqidagi savollarni uzbek@voanews.com ga yo’llayvering.

XS
SM
MD
LG