Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni kuchda qoldirdi, biroq...


Yevropa Ittifoqi O’zbekistonda inson huquqlari ahvolidan tashvishda. Lekin O’zbekistonning Yevropa Ittifoqi hududiga kirishi ta’qiqlangan 12 rasmiysidan to’rt nafari ro’yxatdan chiqariladi.

14 may kuni Brusselda o’tgan yig’ilish ketidan ittifoqning Tashqi masalalar bo’yicha komissari Benita Ferrero-Valdner bu borada ma'lum qilarkan, ro'yxatdan chiqarilayotgan rasmiylarning ism-sharifini bayon etmagan.

O’zbekistonga nisbatan amaldagi yana bir sanksiya - unga qurol-aslaha sotish ta'qiqlovi kuchda qoladi. Ittifoq masalani olti oydan so’ng yana ko’rib chiqishga ahd qilgan.

27 a’zoli Yevropa Ittifoqi bir ovozdan sanksiyani uzaytirish ma’qul deya xulosa qilgan. Lekin Germaniya, ittifoqning hozirgi rahbari va Ispaniya O’zbekistonning ayrim rasmiylariga ittifoqqa kirish ushun imkon berilsin degan taklifni olg’a surgan.

Sanksiyalar 2005 yil oxirida qo’yilgan edi. G’arb, jumladan Yevropa Ittifoqi va AQSh Andijonda 2005 yilning 13 mayida qo’y bergan xunrezliklar mustaqil holda tergov qilinsin degan fikrda.

Rasmiy Toshkent nazarida Andijonda terror xuruji bo’lgan va javobgarlar tutilib, jazoga tortilgan. Ikki yil oldingi fojiada aslida qancha odam o’lgani nom’alum. O’zbekistonning qayd etishicha, ko’pi bilan 180-190 kishi halok bo’lgan. Huquq himoyachilari esa maxsus kuchlar olomonni o’qqa tutgan va besh yuzdan ortiq kishi nobud bo’lgan deydi.

XS
SM
MD
LG