AQSh-Rossiya munosabatlari tarangligicha qolmoqda


AQSh va Rossiya bir-biriga nisbatan tanqidlarni kamaytirishga kelishib olgan. Moskvada, prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvdan so’ng, AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysning bildirishicha, ikki davlat bir qator masalalar yuzasidan turlicha fikrda.

Eng ziddiyatli mavzu - AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasidir. AQSh bu tizimni Yevropada o’rnatishga haqqimiz bor, deb turib olgan.

“Xavfsizlik masalasiga kelganda, o’zimizni himoya qilish qarorimiz qat’iy, ammo buni hamkorlik ruhida amalga oshirmoqchimiz,” - deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

Polsha va Chexiyada o’rnatilishi rejalangan tizim AQSh va uning ittifoqchilarini Erondan himoya qilishga mo’ljallangan. Ammo Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kreml bu tizimga qarshi ekanini ta’kidlamoqda.

Kosovoning Serbiyadan mustaqil bo’lishi masalasida ham AQSh va Rossiya turlicha fikrda. Kosovoga BMT nazorati ostida mustaqillik berish rejasiga Rossiya qarshi.

Ammo AQSh bosh diplomati Kondoliza Rays Rossiya bilan munosabalar yaxshilanishiga umid bildirmoqda. Kelishmovchiliklar bilan birga, hamkorlik nuqtalari ham ko’p, deydi u.

Rays xonim, shuningdek, Rossiyaning Vashingtonga nisbatan tanqidlari kamayadi degan umidda. Yaqinda Germaniyada qilgan nutqida, prezident Putin “AQSh tashqi siyosati dunyoni xavfli joyga aylantirgan” degan edi.

XS
SM
MD
LG