Breaking News

Markaziy Osiyo - AQSh matbuoti nigohida


Rossiya hukumatining Markaziy Osiyodagi quvurlardan o’tadigan gaz hajmini ko’paytirishga qaror qilgani “Vashington Post” nazarida G’arbni xavotirga solmoqda. Ma’lumki, o’tgan hafta Turkmaniston, Qozog’iston va Rossiya rahbarlari turkman gazini Qozog’iston orqali Rossiyaga uzatish uchun kelasi yil bahoridan boshlab yangi quvur qurishga kelishib olgan. Yevropa chetdan kelayotgan gazning chorak qismini Rossiyadan oladi. Yonilg’ining siyosiy maqsadlarda xizmat qilishidan xavotirga tushgan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodan gaz va neftni Rossiyani chetlab olish uchun Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Turkiya orqali quvurlarni tushirishni rejalashtirgan edi.

Endilikda bu rejalarga pand berilgan ko’rinadi, deb yozadi “Vashington Post”. Rossiya ming kubometr gazni Markaziy Osiyodan 100 dollarga oladi va Yevropaga 250 dollarga sotadi. Sobiq Ittifoq hududidagi quvurlarning aksariyati Rossiyaga tegishli yoki chetga Rossiya orqali chiqadi.

AQShdagi yana bir yirik gazeta “Nyu-York Tayms” mintaqada va Rossiyada yaxshi ish topish ilinjida yurgan markaziy osiyolik migrantlar taqdiri haqida yozgan. Gazetaning turli manbalarga tayanib yozishicha, Qozog’iston chegarasini har kuni to’rt mingga yaqin o’zbekistonlik ishchi-migrant kesib o’tadi. Rossiyada esa ayni damda ikki yarim millionga yaqin o’zbekistonlik, bir millionga yaqin tojikistonlik va 800,000 atrofida qirg’izistonlikning qonuniy yoki yarim qonuniy tarzda ishlab yurgani tahmin qilinadi.

“Nyu-York Tayms” ular ishlagani borgan mamakatlarda migrantlarga bo’lgan munosabatni tasvirlaydi. Ko’p hollarda ular shafqatsiz ekspluatatsiya qilinadi, ish haqisiz qoldiriladi, xo’rlanadi, deb yozadi gazeta. O’zbekistonlik migrantlarning “Nyu-York Tayms”ga aytishicha, ayrim joylarda odamlarni qul kabi sotishadi ham. Shunga qaramay O’zbekistonga nisbatan iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan Qozog’iston va Rossiyaga ishchi-migrantlar oqimi to’xtamayapti. Migrantlar sonining ko’payishi mahalliy aholi bilan etnik to’qnashuvlarga ham olib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG