AQSh va O'zbekiston o'zaro munosabatlarda ko'p xatoga yo'l qo'ygan


AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, ya’ni Xelsinki komissiyasi O’zbekiston-G’arb munosabatlariga bag’ishlangan tinglov o’tkazdi.

Tinglovda Andijon voqealaridan ikki yil o’tgach O’zbekiston-G’arb aloqalari va xususan O’zbekiston-AQSh aloqalari tahlil qilindi. Xavfsizlik masalalari bilan shug’ullanuvchi REND korporatsiyasi tahlilchisi Olga Olikerning aytishicha, AQSh ham, O’zbekiston ham o’zaro munosabatlarda ko’plab xatolarga yo’l qo’ygan.

“Ikki tomonlama aloqalarning salbiylashishiga olib kelgan xatolarni aniqlash va muhokama qilish kerak. Qo’shma Shtatlar bundan buyon shunga o’xshash vaziyatda siyosati qanday bo’lishini belgilashi kerak”.

Tinglovda ishtirok etgan siyosiy tahlilchilar so’nggi ikki yil ichida O’zbekiston hukumatining Andijon voqealari bo’yicha pozitsiyasi o’zgarmaganini va shu sabab G’arb bilan ham aloqalar sovuqligicha qolayotganini qayd etishdi. Munosabatlarga turtki berish uchun turlicha tavsiyalar berildi.

Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi vakili Robert Templer Karimov hokimiyat tepasida turguncha vaziyat o’zgarmasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, AQSh Kongressi va hukumati O’zbekistonga axborot berish hajmini ko’paytirishi, chetga ishlash uchun chiqayotgan yuz minglab o’zbekistonlik migrantlar bilan ishlashi zarur.

AQShga ta’lim olish uchun kelayotgan ayrim o’zbekistonlik talabalardan O’zbekistonga qaytgach AQShga ikki yil davomida kira olmaslik talabini bekor qilishi, O’zbekiston elitasiga tegishli kompaniyalarga moliyaviy sanksiyalar qo’llashi kerak.

“Karimov ketguncha Qo’shma Shtatlar nimalar qilinishi mumkinligini o’ylab ko’rishi va Karimovning siyosiy sahnadan ketishiga va siyosiy o’zgarishlar ehtimoliga olidindan tayyorgarlik ko’rishi kerak”.

Tahlilchilar Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ish bermayotganini ta’kidladi. Olga Oliker nazarida O’zbekiston Yevropa bilan faol ravishda qurol-yarog’ savdosini qilmasada, sanksiyalarni jiddiy qabul qilish kerak.

“Bu signaldir. To’g’ri, O’zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri yo’q. Mening fikrimcha, O’zbekiston hukumati sanksiyalarni aynan signal sifatida qabul qilgan”.

Yana bir tahlilchi Daniel Kimmijning aytishicha, AQSh-O’zbekiston munosabatlariga turtki berish uchun ikkita yo’l bor.

“Birinchisi, O’zbekiston bilan muloqotni tiklash, Andijon voqealari bo’yicha mustaqil tergov o’tkazishni talab qilmaslik, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini muddati o’tgach yangilamaslik. Biroq bu holda G’arb obro’siga putur yetadi, O’zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyat oldida javobgarlik hissini yo’qotadi”.

Ikkinchi yo’l, tahlilchi nazarida, sanksiyalarni kuchaytirish, hukumat vakillariga tegishli kompaniyalarga moliyaviy bosim o’tkazish. Bu O’zbekiston-G’arb aloqalarining yanada sovuqlashishiga, Germaniyaning Termizdagi harbiy bazasining yopilishiga olib keladi.

Biroq shu bilan birga, deydi tahlilchi Kimmij, ikkinchi yo’l G’arbga bo’lgan ishonchning kuchayishiga va G’arb bilan sovuq munosabatlardan xavotirga tushgan rasmiylarning O’zbekiston hukumati ichida noroziligining kuchayishiga sabab bo’ladi.

Tahlilchining o’zi O’zbekiston hukumatiga kuchliroq bosim o’tkazish yo’lini tavsiya qiladi.

XS
SM
MD
LG