Breaking News

Nursulton Nazarboyev cheksiz muhlatga saylanish huquqiga ega bo'ldi


Bugun Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev unga hokimiyatda cheksiz muddatga qolishga imkon beruvchi konstitutsion tuzatishlarga imzo chekdi. Siyosiy muxolifat bu holni nodemokratik deya prezidentni tanqid ostiga olmoqda.

1991 yildan beri Qozog’istonni boshqarayotgan Nazarboyev qonundagi o’zgarishlar tufayli 2012 yilda o’z nomzodini yana prezidentlikka qo’yishi mumkin bo’ladi. Biroq tuzatishlar faqatgina birinchi prezidentga taalluqli xolos. Nazarboyevdan keyin hokimiyat tepasiga keladigan prezident ikki muhlatdan ortiq saylana olmaydi.

Bunday o’zgarishlar tarafdorlarining aytishicha, yangi qonun mamlakatda siyosiy barqarorlikni saqlashga yordam beradi. Muxolifat esa qarorni nodemokratik deb atadi.

Moskvadagi siyosiy tahlilchi Yevgeniy Volkning ta’kidlashicha, avtoritar boshqaruv uslubi Markaziy Osiyoga xos holdir.

"Nazarboyev ham mintaqadagi boshqa rahbarlar yo’lidan ketmoqda. Hech kimning hokimiyatdan tushgisi yo’q. Chunki prezidentlik ularni nafaqat boylik, hattoki xavfsizlik bilan ham ta’minlaydi. Axir yangi odam hokimiyat tepasiga kelsa ularning xavfsizligini hech kim kafotlay olmaydi."

Qozog’istondagi ba’zi siyosiy islohotlar tufayli parlament vakolatlari kuchaytirilgan. Masalan, endilikda bosh vazirni prezident emas, parlament tayinlaydi. Biroq tahlilchi Volk nazarida konstitutsiyaga kiritilgan so’nggi tuzatishlar Qozog’istonning 2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish imkoniyatlarini tushirib yuborishi mumkin.

"Tashkilot Qozog’istonni boshqa a’zo-davlatlarga namuna bo’lishini istamaydi. Agar Qozog’iston tashkilotga rais bo’lsa, demokratiya va inson huquqlari borasidagi faoliyat cheklanishi mumkin."

Prezident Nazarboyevning o’zi islohotlar Qozog’istonni yanada demokratik qilishga qaratilgan, deydi. Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq parlamentda deputatlar soni 116 dan 154 gacha oshiriladi.

XS
SM
MD
LG