Inson huquqlari global miqyosda og'ir ahvolda


Inson huquqlari himoyasi bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkilotining ogohlantirishicha, dunyo bo’ylab siyosiy qo’rqinch quloch yozmoqda va bu yer yuzi aholisini tarqoqlik tomon yetaklamoqda.

Londonda asoslangan tashkilot barcha davlatlarni tanqid ostiga olmoqda.

AQSh va uning terrorga qarshi urushdagi ittifoqchilari inson huquqlarini poymol etmoqda va bu bilan xalqlar orasidagi madaniy-ijtimoiy rishtalarni yo’qqa chiqarmoqda, deydi Xalqaro Amnistiya Bosh kotibasi Irina Xon.

"Bush rahbariyati terrorga qarshi kurash deb inson huquqlarini ko’r-ko’rona buzmoqda, musulmon va nomusulmon kishilar izzatini yerga urmoqda", -deydi Irina Xon .

Xalqaro Amnistiya Sudan hukumatini Darfurda yuz minglab insonlar o’limiga sabab bo’lganlikda ayblaydi.

Rossiya, Zimbabve, Kolumbiya, Afg’oniston va Xitoy kabi mamlakatlarda fuqaro huquqlari tinimsiz buzilayotgani haqida ogohlantiradi.

O’tgan bir yil ichida Yevropa ham huquqni e’zozlashda o’rnak bo’lgani yo’q, deyiladi Xalqaro Amnistiya yilnomasida.

Tashkilot nazarida Yevropa qashshoqlik, zulm va ishsizlik azobidan qutulish uchun mintaqaga yaxshi hayot izlab kelgan chet elliklarni hurmat qilmaydi, ularni qamaydi va huquqiy himoyasiz qoldiradi.

Iroqdagi urush, Xalqaro Amnistiya tashkiloti fikricha, tamoman boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Iroqdagi harbiy kuchlar esa alamni oddiy xalqdan olayotgandek: Iroqda ham mahalliy, ham xalqaro qonunlar buzilmoqda, deyiladi tashkilot hisobotida.

Isroilda yashayotgan falastinliklar butunlay huquqidan ayrilgan, rasmiy Tel-Aviv uchun ular arzigulik insonlar emas, deya tanqid qiladi Xalqaro Amnistiya.

O’zbekiston inson huquqlari bobida keskin tanqidga uchrayotgan davlatlar qatorida.

Andijon fojiasidan ikki yil o’tib ham hukumat mustaqil tergovga yo’q deb kelmoqda; huquq himoyachilari, jurnalistlar va nohukumat tashkilotlariga nisbatan tazyiq kuchaygan va kuchaymoqda va chet el tashkilotlariga ishlaydigan o’zbekistonliklar doimiy nazoratga olingan, ular qo’rqinch ostida ishlashga majbur, deyiladi Xalqaro Amnistiya tashkiloti tahlilnomasida.

Mahbuslarning muntazam ravishda qiynoqqa solinishi, do’pposlanishi O’zbekiston hukumati nazarida muammo emas va Islom Karimov rejimi buni rad etadi, deya tanqid qiladi tashkilot.

O’zbekiston o’lim jazosini 2008 yilga borib, bekor qilmoqchi, lekin ayrim huquq himoyachilariga ko’ra, 2005 yildan beri kamida sakkiz kishi oliy jazoga mahkum etilgan.

Xalqaro Amnistiya tanqidiga uchrayotgan davlatlarning deyarli hammasi tashkilot xulosasiga qo’shilmaydi. Muammolar borligi tan olinadi lekin, masalan, AQSh hukumati nazarida bir tashkilot tahlili bor haqiqatni yoki vaziyatni aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG