"Nemis to'lqini" muxbiri prezidentni haqoratlashda ayblanishi mumkin


“Deutsche Welle”, ya’ni “Nemis to`lqini” radiosining O`zbekistondagi hamkori Yuriy Chernogayev O`zbekiston prezidenti sha`nini haqorat qilganlik, O`zbekistonga tuhmat qilganlikda ayblanishi mumkin.

Jurnalist Yuriy Chernogayevga qo`yilishi mumkin bo`lgan aybnomalar bilan tanish jurnalistlar O`zbekiston hukumatini tanqid qilgan har qanday jurnalistni rasman qamoq jazosiga hukm qilish mumkinligi haqida gapirmoqda.

Dastlab Chernogayevga nisbatan soliq to’lamaganlik va ruxsatsiz ishlaganlik aybi qoyilgan bo`lsa, hozir u O`zbekiston prezidenti sha’nini haqoratlaganlik, O`zbekiston Respublikasiga tuhmat qilganlik, davlat va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tayyorlaganlikda va tarqatganlikda ayblanishi mumkin.

Bunday ayblovlar tasdiqlangan taqdirda u 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Yuriy Chernogayevning aytishicha, ta`kidlanayotgan aybnomalar tergov xulosasi degani emas. Balki O`zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi qoshidagi monitoring markazi ekspertlarining tergov ishi bo`yicha bergan xulosalaridir.

“Hali prokuratura o`z xulosalarini bergani yo’q. Tergov davom etayapti. Bu O`zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan o`tkazilgan ekspertiza xulosalari. Bu xulosalar tergov jarayoniga tegishli, prokuratura bu xulosalar bilan ishlaydi, lekin prokuratura bu xulosalarni haqiqat sifatida qabul qilishga majbur emas”, - deydi Chernogayev.

Cernogayevning so’zlariga qaraganda, O`zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi xuloslari ekspertlarning o’z ishi bo`yicha malakaga ega emasligidan dalolat bermoqda.

“Chunki “Nemis to`lqini” radiosi o’z faoliyatida hamisha millimetrgacha siyosiy mutanosiblik, xolislikka amal qilib kelgan. Bu aybnomalar “Nemis to`lqini” radiosiga tegishli bo`lishi mumkin emas”, - deydi jurnalist.

Shuningdek, dey di u, dastlab unga nisbatan soliq to`lamaganligi yuzasidan boshlangan tergov jarayonlari ham mutlaqo asossiz. U hamisha belgilangan tartibda soliqlarni to`lab kelgan.

Hozirda “Nemis tolqini” radiosi bilan hamkorlik qilgan bir nechta jurnalistga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Ulardan biri jurnalist Natalya Bushuyeva jarayon boshlangach, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`lgan.

Jurnalist Obid Shabanov va Sayyora Ro`ziqulovalar ustidan soliq to`lamaslik va tegishli ruxsatsiz faoliyat yuritganlik aybi bilan tergov jarayonlari davom etayotgani ma’lum qilinmoqda.

“Cegarasiz muxbirlar” xalqaro tashkiloti ta’biricha, O`zbekistonda xalqaro ommaviy axborot vositalari xodimlarining “og`izlarini yopish” chorasi ko`rilmoqda.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, yaqin kunlarda O`zbekistonda taz’yiqqa uchrab, hibsga olingan faollar, siyosiy mahbuslar soni jurnalistlar hisobiga yanada ko`payishi mumkin.

XS
SM
MD
LG