AQShda chet ellik talaba ishlab, pul topsa bo’ladimi?


AQSh poytaxti Vashingtondagi Jorj Meyson (George Mason University) Universitetida talaba istagan yo’nalish bo’yicha tahsil olishi mumkin. Biologiyadan tortib tarixgacha, axborot texnologiyalari va xorij tillaridan tortib iqtisodiyotgacha. Xullas, o’qish istagi bo’lsa, bas.

Lekin o’qish, talaba sifatida kun ko’rish moliyaviy jihatdan oson emas. Ko’pchilik talabalar universitetda yoki undan tashqarida ishlab pul topadi.

Xo’sh, chet ellik talaba uchun bu borada qanday imkoniyatlar bor?

Jorj Meyson universiteti mutaxassisi Sintia Tasaki:

“Ko’pincha xorij davlatlaridan kelgan talabalar ikki guruhga bo’linadi: F-1 vizali talabalar – [o’qishi uchun o’zi to’laydigan yoshlar] va J-1 vizasi bo’lgan studentlar – [xalqaro almashinuv dasturi ishtirokchilari]. Talaba o’qishni o’zi moliyalasa, o’qishning birinchi yili tugagach, universitetdan tashqarida ish izlashi mumkin”.

Deylik, yozgi ta’til paytida talaba, bizning til bilan aytganda to’liq stavka ishlaydi.

Chet ellik talabalar uchun ish-amaliyotning bir necha turi mavjud.

Ulardan biri Curriculum Practicing Training, ya’ni o’quv amaliyoti .

“Amaliyot sifatida ko’riladigan bu ish tajribasi talabaning yakuniy baholar tabelida qayd etiladi. Ya’ni bu tajriba ilmiy daraja olish uchun majburiy. Deylik, u yoki bu tashkilot universitet bilan shartnoma imzolaydi. Va chet ellik talaba o’qish davomida olgan bilimlarini ana shu tashkilotda sinab ko’radi. Shunga yarasha haq oladi”, - deydi Sintiya Tasaki.

Yana bir amaliyot turi – Optional Practical Training, ya’ni erkin amaliyot.

Sintiya Tasaki: “Ba’zida chet ellik talaba, masalan, bakalavrlik darajasini olgach, o’qishni davom ettirmaydida, bir yil davomida amaliyot o’tashga qaror qiladi. Magistrlik yoki doktorlik darajasini olgandan keyin ham huddi shunday. O’z ixtisosi doirasida”.

Shunday hollar ham bo’ladiki, xorijlik talabaga pul juda ham kerak! U bir yil davomida AQShda yashagan va tajriba orttirishdan ham burun kundalik ehtiyojini qoplashi kerak. Bunday hollarda, chet ellik talaba universitetning o’zida ishlashi mumkinmi? Kim bo’lib?

Sintiya Tasaki: “Xorijlik talaba universitet qoshida istagan joyda ishlashi mumkin. Kutubxona deysizmi, ma’muriyat yoki oshxona… Muhimi, u talabalar jamoasiga xizmat ko’rsatishi kerak. Biroq agar universitet hududida biror tashkilot bino qurayotgan bo’lsa, chet ellik talaba u yerda quruvchi yoki yordamchi bo’lib ishlay olmaydi”.

Tabiiy savol tug’iladi. Talabaga odatda qancha maosh to’lanadi?

Sintiya Tasaki: “Bakalavrlik yoki magistraturada o’qishiga qarab, talaba soatiga 8.5-15 dollar haq oladi. Aytganday, magistratura yoki aspiranturada o’qiydigan talabalar universitetda o’qituvchi yoki tadqiqotchi bo’lib ishlashi mumkin”.

Jorj Meyson Universitetida aspirantlarga yiliga kamida 12.600 dollar moliyaviy yordam beriladi.

XS
SM
MD
LG