Breaking News

AQSh Rossiyani, Rossiya AQShni siyosiy nayranglarda ayblamoqda


AQSh Kongressi jahonning eng yirik davlatidagi demokratiya ahvolidan tashvishda. Rossiya, deydi Amerika qonunchilari, sobiq Sovet ittifoqi bo’ylab ildiz otishga urinayotgan demokratiyaga soya solmoqda.

Jumladan Rossiyaning siyosiy-iqtisodiy ta’siri ostida qolayotgan Markaziy Osiyoda AQSh bu borada bemalol harakatlana olmaydi, deydi Kongress a’zolari.

Amerika diplomatlari nazarida esa Rossiya bilan imkon qadar til topishish, Kreml bilan hamkorlik qilish zamon talabi.

AQSh Kongressi va Davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligi, Rossiya jahon siyosatini tebratayotgan davlatlardan biri ekanini tan oladi.

Shu bois Moskva-Vashington aloqalarini mustahkamlash muhim. Lekin Amerika Rossiyada demokratiya kelajagi uchun nima qila oladi?

Putin siyosatining ashaddiy tanqidchisi, kongressmen, respublikachi Kristofer Smit (Christopher Smith) shu savolni o’rtaga tashlaydi.

"Rossiya oldinga emas, orqaga qadam tashlamoqda. Iqtisodiyot jihatdan taraqqiy etmoqda, biroq bu mamlakatda demokratiya jar yoqasida. Bu borada ko’p davlatlardan orqada",- deydi kongressmen Smit.

Smit fikricha, repressiv siyosat muxolifatni yemirmoqda. Inson huquqlari cheklangan. Hozirgi matbuot erkinligi bugungi kunda demokratik tamoyillarning hech biriga javob bermaydi. Chunki Rossiyada so’z erkinligi cheklanmoqda.

Demokrat kongressmen Elsi Xeystings (Alcee Hastings) Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo’yicha AQSh komissiyasiga raislik qiladi.

Kongress bu komissiya zimmasiga jahon bo’ylab erkinlik va qonun ustuvorligi darajasini kuzatishni yuklagan.

Xeystings nazarida Putin boshqarayotgan Rossiyada yakkahokimlik, totalitarizm hamda qonun, huquq va adliyaga nisbatan hurmatsizlik hukm surmoqda.

"Prezident Putin demokratik tuzum va fuqaro jamiyati haqida qanchalik kuyinib gapirmasin, u olg’a surayotgan siyosiy maqsadlar bunga javob bermaydi",- deydi Xeystings.

AQShning respublikachi senatori, prezidentlikka nomzodini qo’yayotgan Sem Braunbek (Sam Brownback), Rossiya tashvishga molik davlat, deydi.

"Moskva qo’shni davlatlarni qo’rqitishni, do’q-po’pisa qilishni, zaif davlatlardan o’z manfaati yo’lida foydalanishni maqsad qilgan, bu unga qudrat bag’ishlaydi",- deydi senator.

"Rossiya yonilg’i resurslaridan unga bo’ysunmagan mamlakatlarga nisbatan siyosiy bosim o’tkazishda qo’llanmoqda. Kreml butun Yevropani yonilg’i bobida o’ziga tobe qilmoqchi, bu adolatsiz siyosat",- deydi senator Braunbek.

AQShning Yevropa bo’yicha bosh diplomati Daniel Frid (Daniel Fried) esa Kongressga, "Rossiyani qoralashga shoshmang, Kreml bilan aloqani uza olmaymiz",- deydi.

"Munosabatlarni strategik hamkorlik deya olmasak-da, ikki o’rtada qator kelishuvlar bor. Bush rahbariyati Rossiyaning hamkor sifatida qolishini, uning taraqqiy etishini, XXI asr talabiga javob bera olishini istaydi. Ya’ni Rossiya demokratik jamiyatga aylansin. Bu uning atrofidagi davlatlar uchun ham muhim".

Davlat kotibi muovini Daniel Frid, AQSh va Rossiya ikki turlicha yondashuvga ega, biroq xalqaro masalalarda kelishmasdan iloj yo’q, deydi.

Ammo AQSh bunda erkinlik va huquqni e’zozlash masalasini har narsadan ustun qo’yadi.

"Chunki inson huquqi umumbashariy qadriyat. Undan kech kim voz kecha olmaydi. Shu jumladan, Rossiya va undan o’rnak olayotgan boshqa davlatlar ham. Har qanday hamkorlik ana shu ishonchga asoslanadi",- deydi Frid.

Rossiya esa tanqidga tanqid bilan javob bermoqda. Putin AQSh va butun G’arbni gegemonlikda, boshqalar bilan hisoblashmay ish ko’rayotganlikda va shu tariqa jahon tinchligiga rahna solayotganlikda ayblaydi.

“Bizni pisand qilmagan davlatlar qudratimiz kundan-kunga tiklanayotganini unutib qo’ymoqda yoki o’zini payqamaslikka olmoqda”,- deydi Putin.

XS
SM
MD
LG