Breaking News

Putin AQShni imperializmda ayblamoqda


Rossiya prezidenti Vladimir Putin “AQSh butun dunyoni mustamlaka qilishga intilyapti” deya uni tanqid qilmoqda.

Moskvada jurnalistlar bilan ushrashgan Putin nazarida AQSh Sharqiy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini joylashtirsa, qurol-yaroq’ poygasi boshlanadi.

Kuni kecha Rossiya yangi rusumdagi qit’alararo raketani sinovdan o’tkazdi. Rossiya harbiylarning aytishicha, bu raketa har qanday mudofaa tizimini yorib o’tishga qodir.

"Bu – AQSh harakatlariga javob",- deydi Putin.

Putin fikricha ba’zi davlatlar boshqalarga erkinlik bobida buyruq va pand-nasihat berish bilan ovora. Vaholanki, o’zlari xalqaro huquq me’yorlariga amal qilishni istamaydi, deydi Putin.

Vashington Chexiya va Polshaga o’rnatilishi rejalangan mudofaa tizimi Eron tug’dirayotgan xavfga qarshi desa, rasmiy Moskva buni unga qaratilgan sistema deb biladi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Rossiya behuda xavotirga tushmoqda deydi.

“Prezident Vladimir Putin Rossiya har qanday mudofaa tizimini yakson qilish salohiyatiga ega ekanini aytmoqda. Shunday ekan, tahdid va xavf haqida tortishishga nima hojat bor”? - deydi Kondoliza Rays.

Bush va Putin Katta Sakkizlikning Germaniyada o’tadigan sammitida uchrashadi. Shuningdek, iyul oyida Putin Qo’shma Shtatlarga tashrif buyuradi.

Oq uy matbuot kotibi Toni Snou AQSh-Rossiya munosabatlarini ijobiy baholab, ikki davlat o’rtasidagi kelishmovchiliklar yaqin o’rtada hal bo’ladi deydi.

XS
SM
MD
LG