Nohukumat tashkiloti haqiqatdan no-hukumat tashkilotimi?


Nohukumat, nodavlat va notijoriy tashkilotlar haqida ko’p gapirilsa-da, ularni tuzishdan maqsad va ishlash tartibi haqida o’zbek tilida deyarli ma’lumot topa olmaysiz.

Ko’plab davlatlarda nohukumat tashkilotlar omma manfaatini ko’zlovchi, hukumat uddalamaydigan vazifalarni bajaruvchi, jamiyatning quyi qatlamlari bilan ishlab, uning taraqqiyotiga hissa qo’shuvchi institutlar sanaladi.

Hukumat tizimida yoki xizmatida bo’lmagani uchun ham ular – nohukumat tashkilot. Lekin tanqidchilar fikricha, nohukumat tashkilotlar aslida ayrim qudratli hukumatlarning “qo’g’irchoqlari”.

Kuchli davlatlar o’z ta’sir maydonini kengaytirish yo’lida bu muassasalardan foydalanadi; xalq ulardan manfaat ko’radi, biroq ularning maqsadi xolis emas, deydi ba’zi mutaxassislar.

Nohukumat tashkilotlar degan tushuncha uzoq yillik tarixga ega. XIX asrda bunday tashkilotlar paydo bo’lganida, insonlar ularga umid bilan qaragan. Chunki bu tashkilotlar xayriya, beg’araz yordam, yo’qsillarga non va bilim berish bilan shug’ullangan. Ko’proq diniy muassalar hisoblangan.

Bugunga kelib, nohukumat tashkilotlar G’arb jamiyatlarini tebratuvchi muassasalar sanaladi. Sharqdagi tanqidchilar nazarida G’arb siyosati mahsuli. Kun-sayin ko’payayotgan tashkilotlar.

Eng yirik demokratik davlatlardan bo’lmish Hindistonda ularning soni kamida bir million, iqtisodiyoti tezlikda o’sayotgan Rossiyada 400 ming, SPID changalida azob chekayotgan Keniyada har yili taxminan 250 ta nohukumat tashkiloti ishga tushadi.

Iqtisodchi olimlar nohukumat tashkilotlarni hukumat va xususiy sektordan keyingi, uchinchi sektor deb ataydi. Chunki, nohukumat tashkilot ish o’rinlari yaratadi, iqtisodiyotga milliardlab dollar hissa qo’shadi.

AQShda, masalan, ikki millionga yaqin nohukumat muassasasi bor. Unda 11 milliondan oshiq kishi ishlaydi, mamlakat ishchi kuchining sakkiz foizi. Yana olti million amerikalik ko’ngilli ravishda xizmat qiladi.

Siyosatshunos Pamela Aall nohukumat tashkiloti muammoni yechishning amerikacha yo’li deydi.

"Shu tashkilotlar xalq fikrini ifoda etadi. Xalqni hukumatni so’roq qilishga, lekin bir paytda ma’suliyatli fuqaro bo’lishga o’rgatadi. Demak, jamiyatda oshkoralik vujudga keladi",- deydi Pamela Aall.

Birlashgan Amerika Yo’li (United Ways of America) deb nomlangan nohukumat tashkiloti rahbari Brayan Gallager yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

"Nohukumat tashkilotlari ommani birlashtiradi. Mana bizning tashkilot jamoatchilik muassasi. Maorifni yaxshilash, ichkilikbozlikka qarshi kurash, kashanda-yu na’shavandalar bilan ishlash, xotin-qizlarni erkaklar zulmidan himoya qilish, kambag’al oilalarga moliyaviy yordam berish, keksalarga g’amxo’rlik qilish… bularni hukumat emas, biz qilamiz. Lekin mablag’ ham hukumatdan, ham qurbi yetgan fuqarolardan keladi",- deydi Gallager.

Nohukumat tashkilot omma manfaatini ko’zlovchi loyiha bilan chiqadi, g’oyani moliya manbalariga uzatadi. Manba taklifni ma’qul deb topsa, pul ajratiladi va nohukumat tashkiloti loyihani amalga oshira boshlaydi.

Lekin shu yerda masala chigallashadi. Chunki pul ham hukumatdan, ham xususiy sektordan keladi.

Tabiiyki, haqiqatan ham xalq foydasi uchun pul berilayotganini shubha ostiga qo’yish oson. Chunki dunyoda aybsiz hukumat, yulg’ichlik va pul ketidan chopmagan bizneslarni topish qiyin.

Eng muhim savol shuki, nohukumat tashkiloti hukumat va bizneslardan pul olganda, ommaning biror manfaatidan kechadimi? Mablag’ va ish o’rinlari deb xolislik boy beriladimi?

Jastin Logan bu borada izchil izlangan olimlardan.

"O’tgan 10-15 yil ichida yarim nohukumat degan tashkilotlar paydo bo’ldi. Ya’ni AQSh hukumati siyosatini, ayniqsa, tashqi siyosatni aynan mablag’ deb tanqid ostiga ololmaydigan, lekin hukumat bilan til topishib, jamoatchilik manfaati uchun ishlayotgan tashkilotlar",- deydi Logan.

Hukumatdan demokratiya targ’iboti uchun moliya oladigan tashkilotlarni AQSh yoki boshqa bir davlatning quroli deb atash oson, deydi janob Logan.

"Milliarder sahovatpesha Jorj Sorosning Ochiq Jamiyat Instituti va AQSh hukumati bilan yaqin boshqa ko’plab tashkilotlar orasida katta farq bor. Ularning faoliyati Sorosnikidek ochiq-oydin emas",- deydi Logan.

Jorj Soros Bush rahbariyati va siyosatini keskin tanqid ostiga oluvchi shaxslardan. Lekin Soros boshqa hukumatlarni, jumladan, Rossiya va Markaziy Osiyo rahbarlarini tanqid qilgani uchun ham davlat to’ntarishini moliyalaganlikda va xalq ongini zaharlayotganlikda ayblanadi. Soros buni rad etadi.

Mutaxassislar nazarida nohukumat tashkilot foydasini jamiyat qanchalik olg’a siljiyotganidan bilish mumkin. Jamiyat ularsiz taraqqiy etmaydi, deydi ular. Demak, muvaffaqiyat xalq dilini ovlay olishga ham bog’liq.

(Maqolaga Amerika Ovozi muxbiri Yela de Francheski hissa qo'shgan.)

XS
SM
MD
LG