Prezident Bush Katta Sakkizlik sammitiga yangi reja bilan kelmoqchi

  • Amerika Ovozi

6-8 iyun kunlari Germaniya poytaxti Berlin yaqinidagi Potsdam shahrida boshlanadigan Katta Sakkizlik sammitiga AQSh prezidenti Bush yangi taklif bilan bormoqchi. Global iqlim isib borayotganiga qarshi kurash rejasi nazarda tutilmoqda.

Iqlim isishining oldini olmayotganlikda tanqidga uchrayotgan AQSh rahbari, Katta Sakkizlik guruhi yig’ilishida global iqlim himoyachisidek ko’rinish istagida.

Birinchi navbatda atmosferani zaharlayotgan yirik davlatlarni bir joyga to’plab, 2008 yilga qadar zaharli gazlar miqdorini kamaytirish bo’yicha reja tuzish lozim, deydi AQSh prezidenti.

“Bu maqsadni amalga oshirish uchun AQSh, iqtisodiyoti kun sayin o’sib borayotgan Xitoy va Hindiston kabi yirik davlatlar bilan yuzma-yuz o’tirib, muammoni muhokama qilish lozim”.

Bush fikricha har bir davlat o’z energiya manbalari va ehtiyojidan kelib chiqib, o’z rejasini olg’a surishi lozim. AQSh bu borada yangi texnologiyalar ustida ish olib bormoqda va tajribasi bilan almashishga tayyor, deydi Bush.


”Global iqlim o’zgarishiga qarshi kurash yangi texnologiyasiz amalga oshmaydi. Bu borada harakatimizni boshlaganmiz. Tabiatni asrash bo’yicha ildamlashsak ajab emas”.

Ko’mir sanoatini ekologiya muhofazasi uchun maxsus choralar ko’rishga majburlash, havoni zaharlamaydigan teznologiyalar yaratish va ishga solish, zavodlarda etanol yonilg’isidan foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.


”Tabiatni astoydil asramoqchi bo’lsak, tarifflarni yo’qotish kerak. Yangi texnologiyalarni boshqa mamlakatlarga kirib borishi uchun yo’l bermayotgan to’siqlardan halos bo’lish kerak”, - deydi Jorj Bush.

Biroq AQSh zaharli gazlarni atmosferaga chiqarishni cheklovchi xalqaro bitim - Kioto protokolini imzolashdan hali ham bosh tortmoqda. Bush nazarida mazkur bitim AQSh manfaatlarini ko’zlamaydi.

Sammitda Rossiya ham ishtirok etadi. So’nggi paytlarda ancha keskin tus olgan G’arb-Moskva munosabatlari sammitdagi muhit-kayfiyatga ta’sir qilishi muqarrar.

Neft va gazga boy Rossiya g’arb bilan Eron, Kosovo va mudofaa tizimi borasida tortishmoqda. Mamlakatda o’zgacha fikrlaydigan kuchlar va muxolifat ta’qib qilinmoqda. Rossiya masalalari bo’yicha mutaxassis Devid Satter g’arb davlatlari prezident Putin bilan qattiqqo’lroq bo’lishi zarur, degan fikrda.

“Rossiya guruhga a’zo davlat sifatida barcha majburiyatlarga to’liq amal qilishi lozim”, - deydi u.

Devid Satter Rossiya umuman Guruhga qabul qilinmasligi kerak edi, deya mulohaza yuritadi.

“Katta Sakkizlik guruhi – tom ma’nodagi sanoatlashgan demokratik mamlakatlar tashkiloti. Neft va gazi serob bo’lgani bilan Rossiya iqtisodiy jihatdan guruhga a’zo bo’lishga munosib emas”, - deydi Devid Satter.

Kolin Bredford va boshqa tadqiqotchilar Katta Sakkizlik global, mustahkam, yaxlit va mas’uliyatli guruh bo’lishi uchun uni kengaytirish kerak, deb hisoblaydi. Biroq eng kenja a’zo Rossiya tashkilot andozalariga javob bermas ekan, bunga erishish mushkul.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG