Muhojirotdagi o'zbeklar tarixi: noyob meros


1917 yilgi Oktyabr inqilobidan so`ng O`zbekistondan chiqib ketgan muhojirlar soni, norasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 300 ming atrofida.

Hozirga kelib dunyoning turli mamlakatlarida qirqqa yaqin o`zbeklar jamiyati tashkil etilgan.

O`zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar o`rnatish “Do`stlik” jamiyati xorijdagi o`zbeklar bilan aloqalarni rivojlantirish bo`yicha faoliyat yuritadi.

“Do`stlik” jamiyati ma`lumotiga ko`ra, o`tgan asr boshlaridagi Oktyabr inqilobidan keyin O`zbekistondan chiqib ketgan o`zbeklar avval Afg`onistonda joylashgan bo`lsa, keyinchalik dunyoning boshqa ko`plab mamlakatlariga tarqalgan.

Ularning asosiy qismi Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, AQSh, Germaniya va Boltiqbo`yi davlatlarida yashaydi.

“Do`stlik” jamiyatining “Vatandoshlar” bo`limi rahbari Fotima Muhiddinovaning aytishicha, xorijdagi o`zbeklar uzoq yillik muhojirlikka qaramasdan milliylikni saqlab qolishgan.

“Shu paytgacha ham o`zbek tilini yo`qotishmagan, yaxshi bilishadi, avlodlariga o`zbek tilini o`rgatishga qattiq harakat qilishadi. Yaqinda Estoniyadagi o`zbek jamiyati vakillari o`zbekcha tandir olib ketishdi, ulardan keyin Latviya va Litvada yashovchi o’zbeklar uchun o`zbek tili darsliklari, milliy kiyimlar jo’natildi”, deydi u.

Fotima Muhiddinovaga ko`ra, xorijdagi o`zbek jamiyatlari O`zbekiston iqtisodiyotiga o`z sarmoyalarini ham olib kirmoqda.

“Kengashimiz bilan maslahatlashgan holda to`qimachilik, parrandachilik, choy qadoqlash, satinchilik bo’yicha bir qator qo`shma korxonalar ochilgan. Ular yirik xayriya tadbirlari ham o’tkazib turadi. AQShdagi o`zbeklar tomonidan tuzilgan “Turkiston-Amerika jamiyati” Abdulla Xo`ja boshchiligidagi delegatsiya 2004 yilda kelgan. O’shanda uchta bolalar uyi, mahallalarga xayriya yordami taqdim etgan”, - deydi Fotima Muhiddinova.

Xorijdagi o`zbeklar taqdiri, ularning vatan haqidagi iztiroblarini jamlagan ko`plab adabiyotlar, ilmiy-tarixiy maqolalarda aks ettirilgan.

Yaqinda “Do`stlik” jamiyati shunday asarlar muallifi, turkiyalik o’zbek yozuvchisi Sobir Sayhonning ijodiy kechasini o`tkazdi.

“Chetda yashayotgan vatandoshlarga 50 yildan buyon yordam qilishga harakat qilib yuribman. Bularning ichida yoqqanlari ham, yoqmaganlari ham bor. Xorijda yashaganlar, vatanni ko`rolmay o`lib ketganlar, xususan hozir hayot bo`lganlarining tarjimoni sifatida shu ishlarni qilib yuribman. Qaysi o’lkada yashamasin, ular bizning vatandoshimiz,” - deydi “Do`stlik” jamiyatining jamoatchilik bilan ishlash bo`limi boshlig’i Muqima Abdullayeva.

Asli marg`ilonlik Sobir Sayhon asarlari o`sha og’ir davrda quvg`inlikka uchragan minglab o`zbeklar taqdirini namoyon etgan, deydi Abdullayeva.

Hozirda Saudiya Arabistonida yashayotgan o`zbeklardan Zuhriddin Turkistoniyning aytishicha, xorijdagi o`zbeklar faoliyatini o`zbekistonliklarga tanishtirish maqsadida harakat ketmoqda.

“Maqsadimiz ana shu insonlarni, vatan uchun olib borgan kurashlarini O’zbekistondagi qardoshlarimizga yetkazish.”

Oktyabr inqilobidan keyin quvg`inlikka uchragan muhojirlar taqdiri hozir yosh avlodga unchalik tanish emas, jamoatchilik e’tiboriga yetarli tarzda taqdim etilmagan.

Adabiyotshunos olim Naim Karimovga ko`ra, o`zbek kitobxonlarini xorijda o`zbeklar tomonidan yaratilgan adabiyotlar bilan tanishtirish muhimdir.

“Xorijdagi o`zbeklar asarlaridagi vatan tuyg`usi bizda qandaydir musaffoligi bilanmi, katta bir armonlar, iztiroblarni o`ziga singdirgani boismi, qandaydir boshqacha ta’sir qiladi. Bu vatan ozodligini orzu qilib xorijda yashagan qancha-qancha odamlarning g`ussalari bilan sug`orilgan”, - deydi adabiyotshunos.

O`zbekiston mustaqillikka erishgach, inqilobdan keyin muhojirlikka ketgan o`zbeklarning ko`pchiligi O`zbekistonga kelib ketgan, ayrimlariga vaqtinchalik yashash huquqi berilgan.

O`zbekiston mustaqilligining 15 yillik tarixi ko`plab siyosiy va mehnat muhojirlarining vatandan chiqib ketishiga ham guvoh bo’lgan.

“Do`stlik” jamiyatiga ko`ra, ular mustqillikdan keyingi muhojirlar bilan shug’ullanmaydi va ular taqidiri haqida ma`lumotga ega emas.

XS
SM
MD
LG