Amerika Janubiy va Markaziy Osiyoni bog'lashga urinmoqda


Vashingtonda joylashgan Jamoat Haqiqati (Center for Public Integrity) deb nomlangan xalqaro tahlil markazi O’zbekistonni AQSh boshchiligidagi terrorga qarshi urushda paradoks, qarama-qarshilikka sabab bo’lib qolayotgan davlat deb atamoqda.

Jamoat Haqiqati markazi jurnalistik tadqiqotlar bilan shug’ullanadi va yaqinda chiqarqan tahlilnomasida, AQSh O’zbekistonning Xonoboddagi harbiy bazasini tark etganidan keyin ham harbiy maqsadlarda rasmiy Toshkentga 23 million dollar uzatgan, deyiladi.

Kongress bunga qarshilik bildirgan va Andijon voqealari yuzasidan mustaqil tergov boshlanmas ekan, AQSh O’zbekistonga moliya bermasligi lozim degan talabni qo’ygan. Biroq AQSh Mudofaa vazirligi bunga quloq tutmagan, deya yozadi Jamoat Haqiqati tahlilchisi Sara Fort.

Xo’sh, masala nega yangilanmoqda? Qo’shma Shtatlar O’zbekistonga nisbatan yangicha siyosat ustida o’ylanmoqda. Karimov hukumati bilan til topishib bo’ladimi? Munosabatlar nimaga asoslanishi kerak degan savol hukmron.

AQSh qonunchilari inson huquqlari asosiy omil bo’lsin deya ta’kidlamoqda. Diplomatlar esa mintaqaviy xavfsizlik va Afg’onistonni Markaziy Osiyoga yaqinlashtirish haqida gapiradi.

The New York Times gazetasi xabar berishicha, tojik-afg’on chegarasida qurilayotgan katta ko’prik, AQSh tomonidan moliyalangan loyiha, yaqinda ishga tushadi. Ko’proq Janubiy Osiyoni Markaziy Osiyo bilan bog’laydi; savdo-sotiq va yonilg’i tranzitining yangi yo’li bo’ladi, deydi AQShning Tojikistondagi elchisi Treysi Enn Jekobson.

Ko’prik Panj daryosi ustidan o’tmoqda. Aynan shu yo’nalish Sovet ittifoqining Afg’onistondagi urushi paytida muhim rol o’ynagan.

Ko’prik iqtisodiy foyda, biroq, deydi ayrim tahlilchilar, Markaziy Osiyo va Afg’onistonda bank tizimining yaxshi rivojlanmagani va tizimlarning oshkora yuritmasligi savdo rishtalarini mustahkamlashga to’sqinlik qilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG