Breaking News

Til bilish va omilkorlik AQSh oliygohlarida muvaffaqiyat kaliti


Qashqadaryo viloyatida o’sib ulg’aygan 20 yoshli Ulug’bek Boymurodov AQShning Oregon shtatida ikki yillik jamoat kollejida ta’lim olmoqda. Xalqaro talabalar a’zoligidagi Fay Teta Kappa (Phi Theta Kappa) tashkilotining vitse-prezidentlaridan biri.

“Bu jamiyatning vazifasi iqtidorli talabalarni rag’batlantirish, ularda yetakchilik, tashkilotchilik, faollik xususiyatlarini tarbiyalash va rivojlantirishdan iborat”.

Bundan tashqari Ulug’bek kollej parlamentining senatori. Ta’lim muassasasida professor yordamchisi, matematika fanidan saboq beradi. Yaqinda namunali talabalarga beriladigan moliyaviy mukofotga loyiq topildi.

“Ayni damda huquq sohasini o’rganayapman. Yaqinda esa Jack Kent Cooke nomidagi jamg’armaning 60 ming dollarlik grantini qo’lga kiritdim. Bu yerda o’qishni tugatib, Garvard, Yel, Stenford Universitetlarida o’z omadimni sinab ko’rmoqchiman. Chunki yuqoridagi grant yordamida bu universitetlarda o’qish pulini to’lay olaman”.

E’tiborlisi shundaki, Ulug’bek jamoat kollejida ikki yil o’qigani sababli o’zi xohlagan universitetlarning uchinchi bosqichidan o’qishni davom ettirishi mumkin.

“Jamoat kollejlarining arzonligi juda qulay. Yirik universitetlarda ko’p pul to’lab o’qiy olmaydigan yoshlar dastlab mana shunday jamoat kollejlarida o’qishni boshlaydi. Oyoqqa turib olgandan keyin esa katta-katta universitetlarni mo’ljallasa ham bo’ladi”.

Ulug’bek qo’lga kiritgan Jack Kent Cooke granti ham aynan jamoat kollejida ikki yil tahsil olib, o’qishini bakalavrlikka ko’chirmoqchi bo’lgan talabalarga beriladi.

U AQShga birinchi marta 2002-2003 o’quv yillarida AQSh hukumati tomonidan taklif etiladigan FLEX (Future Leaders Exchange Program) dasturi bo’yicha kelgan. O’qish davomida fursatni qo’ldan boy bermay, jamoat kollejiga hujjat topshirgan. So’ng O’zbekistonga qaytib, o’rta maktabni bitirgan. 2005 yilda esa Ulug’bek Amerikada o’qishga qabul qilingan.

“O’qish narxini kollej ajratgan moliyaviy yordam bilan qoplayman. Kundalik xarajatlar, yotoqxona, oziq-ovqat uchun esa ishlab, pul topaman. Chet ellik talaba kollej oshxonasida ishlashi, bog’dorchilik, professorga yordam berish, laboratoriyada repetitorlik qilish va boshqalar bilan shug'ullanishi mumkin. Soatiga 7-8 dollar haq to’lashadi”.

Biz Ulug’bekdan nima sababdan O’zbekistondagi oliy ta’lim muassasasiga kirishni xohlamadingiz deb so’raymiz.

“Ishonchim komil emas edi. Diplomatiya va moliya universitetlariga kira olishimga ko’zim yetmadi. Bundayroq institutda o’qishni xohlamadim. Bundan tashqari O’zbekistondan farqli ravishda AQShdagi universitet va kollejlarga yilda ikki, hatto uch marta hujjat topshirish mumkin. Yana bir muhim jihati – AQShda olingan diplom butun dunyoda tan olinadi”.

Amerika Ovozi ga kelayotgan maktublarda tinglovchilarimiz shunday savol bilan murojaat qilishadi – “AQShdagi universitetda o’qish uchun ingliz tilini bilish shartmi?”

“Ingliz tilini bilgan ma’qul, albatta. Har bir universitet va kollej ingliz tilini o’rganish kurslarini taklif qilsada, ular juda qisqa. Bundan tashqari ingliz tilini bilsa, talaba a’lo baholarga o’qishi mumkin. Markaziy Osiyodan kelgan yoshlar uchun a’lo baholarga o’qish muhim, nazarimda. Chunki grant yoki moliyaviy yordam faqat iqtidorli, bilimli va a’lochi talabalarga beriladi”.

AQShda ta’lim imkoniyatlariga doir savollarni elektron pochtamiz - uzbek@voanews.com manzilida kutib qolamiz.

XS
SM
MD
LG