Breaking News

Bush: Rossiya bekorga xavotirlanmoqda, Sovuq urush tugagan


Prezident Bushning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Yevropada joylashtirishni ko’zda tutgan raketaga qarshi mudofaa tizimi Rossiya uchun tahdid emas. Rossiya prezidenti esa bu yangi qurollanish poygasidan nishona, deydi.

"Rossiya bizga dushman emas,” - deydi prezident Bush. “O’z maqsadlari yo’lida butun dunyoni tovlashga urinayotgan ekstremistlar va ishonchsiz davlatlar erkin jamiyat dushmanidir. Mudofaa tizimi Rossiyaga qarshi qaratilgan emas".

Pragada Bush prezident Vaslav Klaus va Bosh vazir Mirek Topolanek bilan uchrashdi.

Raketaga qarshi mudofaa tizimining bir qismi Chexiyada o’rnatilishi rejalanmoqda.

Praga yaqinida radar stansiyasi o’rnatiladi. Agar stansiya raketa hujumini payqasa, ular Polshadagi AQSh raketalari tomonidan urib tushiriladi.

Reja amalga oshsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ballistik raketalarining bir qismini Yevropaga qaratib qo’yishi haqida ogohlantirmoqda.

Chexiya Bosh vaziri Topolanek fikricha, AQSh taklif etayotgan tizim uning mamlakati va umuman Yevropa xavfsizligi uchun muhimdir.

Prezident Klaus ham shunday fikrda. "Biroq AQSh tizimni o’rnatishdan oldin Rossiya bilan maslahatlashish zarur",- deydi u.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, chexlarning 60 foizidan ziyodi AQSh rejasiga qarshi, chunki ularning aksariyati Rossiya bilan aloqalar taranglashishidan xavotirda.

Prezident Bushning aytishicha, chexlar masalaga AQSh-Rossiya raqobatchiligi sifatida qaramasligi kerak.

"Sovuq urush tugagan",- deydi Bush. "Birgina AQShga yoki birgina Rossiyaga do’st bo’lish vaqti o’tdi. Ham AQShga, ham Rossiyaga do’st bo’lish mumkin. Ilojsiz siyosat orqada qoldi",- deydi Bush.

AQSh rasmiylari nazarida mudofaa tizimi asosan Eronning kelajakdagi hujumlarini qaytarishga mo’ljallangan.

Eron esa AQSh tashvishini “yilning eng yaxshi hazili”, deb qabul qilmoqda. Davlat xavfsizlik kengashi raisi Ali Larijoniyning aytishicha, Eronda Yevropagacha yetadigan raketalar yo’q.

XS
SM
MD
LG