Breaking News

Mutaxassislar nazarida O'zbekistonni katta ekologik fojea kutmoqda


Yaqin yigirma yil ichida O`zbekistonda turli ekologik muammolar avj olishi bashorat qilinmoqda.

Mintaqadagi eng katta halokatlardan biri - Orol fojeasi hamon o’z yechimini topgani yo’q.

Ekosan xalqaro jamg`armasi global iqlim o`zgarishining mintaqaga ta’siri, oqibati va uni bartaraf etish yo'llari haqida ko`rik tanlovi e`lon qilgan.

Ekosan jamg`aramasi rahbari Yusuf Shodimetovga ko`ra, tanlovdan maqsad mutaxassislar e`tiborini ekologik xavf asoratlari borasidagi izlanishlarga jalb etishdir.

Orolbo`yi O`zbekistondagi eng og’ir ekolgik hudud sifatida qolmoqda. Vaziyat aholi salomatligiga keskin ta’sir o`tkazmoqda.

Yusuf Shodimetovning aytishicha bugun Orolbo`yidagi ahvolga biroz o`zgargan va ijtimoiy yordam ko`lami ortgan.

“Albatta, odamlar u yerda shu qiyinchilik sharoitiga chidab yashayapti. Bu qiyinchilikni oldini olish uchun hukumat, xalqaro tashkilotlar ko’mak bermoqda ”, - deydi u.

Qoraqalpog’istonlik jurnalistga ko`ra, og’ir ekologik vaziyat uchun rejalangan hukumat dasturlari aholi turmish darajasining o`ta qiyinligi uchun natija bermaydi.

“Bir gektar yerni yovvoyi o’tlardan tozalash uchun besh dollar pul to`lanadi. Uni bir odam 15 kunda tozalash mumkin. Mablag’ uning non puliga ham yetmaydi”.

Jurnalistga ko`ra, Orolbo`yi aholisi umri qisqarib bormoqda.

“Mustaqillik boshlarida O`zbekistonda o'rtacha umr 68 yosh deb olingan bo`lsa, hozirgi hisoblarga ko`ra 64 yosh. Agar buni Qoraqalpog`iston misolida ko`rsak, undan ham past bo`lishi tayin”, - deydi u.

Xorazmliklardan biriga ko`ra, ichimlik suvining tanqisligi bois vohada turli kasalliklarning, jumladan sariq kasalligining ko`payishi kuzatilmoqda.

“Toza ichimlik suvi yo’qligi sabab odamlar turli manbalardan suv ichishga majbur bo`lmoqda, mana ikki oydirki, toza ichimlik suvi yo’q”, - deydi u.

Ayrim tadqiqotchilarga ko`ra, yaqin o`n yilda Orolbo`yidagi vaziyatni yaxshilash uchun jiddiy choralar ko`rilmas ekan, bu hududda aholi yashashining o`zi mumkin bo`lmay qoladi.

Mutaxassislar bu jarayon hozirdanoq izga kirganini, suvli yerlar yil sayin qisqarib borayotgani, paxta monopoliyasi esa bu jarayonni yanada tezlashtirayotganini bildiradi.

Kuzatuvchilar nazarida suv taqchilligi muammosi yaqin kelajakda O`zbekiston uchun eng og’ir muammolardan biriga aylanadi.

Aholining asosiy qismi qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan tirikchilik o`tkazayotgan bir davrda buning qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida xatarli taxminlar bor.

Kuzatuvchilardan biriga ko`ra, mintaqadagi siyosiy munozaralar asosan suv zaxiralariga taqaladi. Muammo bartaraf etilishining asosiy yo`li esa mintaqaviy hamkorlikni yo'lga qo'yish.

XS
SM
MD
LG