Yo'qsillik O'zbekiston ayollarini jinoyatga yetaklamoqda


O`zbekistonda yo’qsillik ko’rsatkichi oshgani bois ayollar orasida jinoyatchilik 90-yillarga qaraganda keskin ortgan. Prokuratura ma’lumotiga ko’ra, yaqinda salkam 2,5 ming ayol amnistiya tufayli, qamoqdan ozod etilgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, ayollar orasida jinoyachilik o`sishining bosh sababi mamlakatadagi qahsshoqlik.

Jinoyatchi ayollar, asosan, o`grilik, firibgarlik, giyohvand moddalari savdosi kabilar bilan shug’ullanadi. Shu bilan bir qatorda noqonuniy diniy guruhlarga a`zolikda ayblanayotgan ayollar soni ham ortayotgani bildiriladi.

O`zbekiston axborot agentligi ma`lumotiga ko`ra, jinoyat kodeksining liberallashtirilishi, ayrim holatlarda qamoq jazosi o`rniga iqtisodiy jarimalar qo`llanilishi natijasida qamoq jazosiga hukm qilinayotganlar soni kamaygan, qamoqxonlardagi vaziyat yaxshilangan.

Amnistiya 44 ming mahbusga nisbatan qo`llangan, ulardan 2377 nafari ayol va etti yuzga yaqini voyaga yetmagan bolalar.

Uzoq yillar prokuraturada ishlagan sobiq xodimlardan biri o`zbek ayollari orasida jinoyatchilikni 90-yillar bilan solishtirar ekan, jinoyatlar soni bir necha o`n barobarga ortganligini aytadi.

“Iqtisodiyotning nochorligi oqibatida ayollar turli og`ir jinoyatlarga qo`l urmoqda. Deyarli to`rt- to`rt yarim million xalq, ularning erlari, aka-ukalari tirikchilik qilish uchun tashqariga chiqib ketgani uchun ham ayollar o`rtasida jinoyatlar ko`paygan".

90-yillarga solishtirsak, deydi u, o`sha paytda 22-24 million aholi yashasa, shuning 40 foizi boshqa millat vakillaridan iborat edi.

"Sovet davrida sodir etilgan jinoyatlarning besh yoki o`n foizi o`zbek ayollariga to’g`ri kelsa, hozir sodir etilayotgan jinoyatlrning 90 foizi o`zimizning o`zbek ayollari hisobiga to’g`ri keladi”.

Uning fikricha, keyingi paytda o`zbek ayollari orasida jinoyatchilikning o`sishi, sun’iy ravishda ayollarni diniy ekstremizmda ayblash hollari bilan ham bog’liq bo’lishi mumkin.

Huquq himoyachisi Sur’at Ikromov diniy ayblovlar bilan qamalib, amnistiya tufayli ozodlikka chiqqan ayollarning o`zi sanoqli bo`lishi mumkin deydi.

Surat Ikromov ma’lumotlariga ko`ra, hozirda diniy ekstremizmda ayblanib, qamalgan ayollar soni 60 nafardan ko`proq bo`lishi mumkin, prokuratura tomonidan tarqatilgan ma’lumotlar esa unda shubha uyg`otadi.

“Qamoqxonada 1,5 ming atrofida ayollar bo`lishi mumkin, shuning uchun ham men prokuratura ma’lumotlarini tushuna olmayapman, uch ming atrofidagi raqamlar qayerdan keltirilayapti?” - deydi u.

Huquq himoyachisi A`zam Turg`unovga ko`ra, yana qancha ayollarning qamoqda o`tirgani haqida ma`lumot berilmayapti, insonparvarlik maqsadida chiqarilgan amnistiya esa ayol huquq himoyachilariga tegishli bo`lmagan.

“Agar maqsad rostdan ham insonparvarlikni ko`rsatish ekan, unda nega Mo`tabar Tojiboyeva ozod qilinmadi? Nega Gulbahor To`rayevaning uyida chaqalog’i borligi inobatga olinmadi? Dilnoza To`xtaxo`jayeva esa yosh bolasi bilan o`tiribdi. Tergovda unga qiynoqlar o`tkazilayapti, eshitishimcha. Yangiyo`llik ayollarni avvalgi ishlari uchun yana qayta qamashgan. Bu amnistiyaga turli rakurslarda qarash kerak”, - deydi Turg`unov.

O`zbekistonda ayollar muammosi bilan shu`gullanuvchi rasmiy nodavlat tashkilotlar ko`p. Lekin ularning ko`pi ayollar o`rtasidagi jinoyatchilik bilan shu`gullanmasliklarini yoki bu haqda gapirish istaklari yo’qligini bildirishadi.

Ayrim tahlilchilar nazarida kop`roq kamgapligi va itoatkorligi bilan tanilgan o`zbek ayollari orasida jinoyatchilikning bu tarzda o`sishi millat hayotidagi eng inqirozli ko’rsatkichlardan biridir.

XS
SM
MD
LG