Breaking News

Karimov, Bakiyev aloqalarni mustahkamlash haqida gaplashgan


Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining norasmiy sammitida qatnashgan Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgan.

Islom Karimov mintaqa uchun istiqbolli “Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston” temir yo’l qurilishi loyihasini amalga oshirishda har tomonlama ko’mak ko’rsatishga tayyor ekanini bildirgan. Hamkasblar ikki davlat o’rtasidagi chegaralarni tezroq aniqlash va tasdiqlash muammosi dolzarbligicha qolayotganini qayd qilganlar.

Islom Karimov, shuningdek, mintaqa ravnaqi uchun Markaziy Osiyo davlatlari chegaralaridan tovarlarning to’siqsiz o’tishini ta’minlash muhim ekanini ta’kidlagan. O’zbekiston prezidentiga ko’ra, shundagina savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish mumkin bo’ladi.

Ma’lumki, 2005 yilda Qirg’izistonda yuz bergan “mart inqilobi” va O’zbekistonda yuz bergan Andijon qirg’inidan keyin ikki davlat rahbarlari o’rtasidagi munosabatlar taranglashgan.

Qurmanbek Bakiyev hamkasbi Islom Karimov bilan 2006 yil kuzida yarashishga muvaffaq bo’ldi. Yarashish Qirg’iziston hududida doimiy aksilterror amaliyotlari o’tkazish va’dasi evaziga, andijonlik qochqinlarni o’zbek rasmiylariga topshirish hisobiga amalga oshgan.

Shundan keyin Qirg’iziston va O’zbekiston munosabatlarida iliqlik paydo bo’ldi: viza tartibi soddalashdi, o’zbek gazi qirg’izlarga uzluksiz berila boshladi.

Ammo oddiy xalqning muammolari prezidentlar uchrashuvidan keyin ham oxirigacha hal bo’lgani yo’q. Qirg’izistonda bu muammolardan endi oddiy xalq emas, davlat amaldorlarti ham shikoyat qila boshlaganlar.

O’sh viloyat gubernatori Jo’nto’ra Sotiboldiyevning aytishicha, O’zbekiston chegarachilari Qirg’iziston fuqarolarining umumiy pasporti - ID cardni tan olmayapti. Natijada, fuqarolar o’zbek-qirg’iz chegarasidan o’tishda muammolarga uchramoqda.

“Bultur ikki prezident uchrashib, imzolagan bitimlar oxirigacha ishlamayapti. Bizning ID-cardimizni bular tan olmayapti. Boshqa mamlakatlar - Qozog’iston, Rossiyada ID-cardni qabul qilishyapti, faqat shu qo’shnimiz qabul qilmayapti”,– deydi Jonto’ra Sotiboldiyev.

Qirg’iziston Tashqi Ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo’yicha elchisi Erik Asanaliyevga ko’ra, bu muammoni hal qilish uchun O’zbekiston rasmiylari bilan maslahatlashilgan:

“Ularning ichki me’yoriy hujjatlariga muvofiq, har qanday hujjatga muhr bosilishi kerak ekan. Fuqarolarimiz foydalanayotgan ID-cardning ustiga muhr bosa olmaysiz, unga ilova-tirkama yasash kerak. Buning uchun ikki mamlakat o’rtasida shartnoma bo’lishi kerak. Hozir shu masala bo’yicha muzokaralarga tayyorlanyapmiz”.

O’sh viloyat gubernatori Jonto’ra Sotiboldiyev O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning chegaralardan tovarlarni to’siqlarsiz o’tkazish fikrini qo’llab-quvvatlaydi. Gubernatorning fikricha, bu masalaga jiddiy yondoshish kerak.

“Iqtisodiyot chegarani bilmaydi. Simto’r bilan to’sib qo’ysa ham, [chegaradan tovar] chiqaveradi”.

Ayni paytda prezidentlar Qurmanbek Bakiyev va Islom Karimov hal qilinishi zarur ekanini ta’kidlagan chegara muammosi yillar davomida noxushliklarga sabab bo’lmoqda.

O’zbekistonning Qirg’iziston hududidagi So’x, Shohimardon anklavlari, Qirg’izistonning O’zbekiston hududidagi Barak, Tuyamo’yin anklavlari, ikki davlat o’rtasidagi bahsli hududlar aholisi asirlar hayotiga monand sharoitda yashamoqda.

Qirg’iziston Tashqi Ishlar vaziri Ednan Qoraboyev chegara muammosini juda murakkab, ammo hal qilish mumkin deb hisoblaydi.

“Muammo o’z yechimini topishi uchun sabr, nozik muomala kerak bo’ladi. Bu muammoning yechimi har ikki tomonga ham manfaatli bo’lishi zarur, toki, hech kimning manfaatiga putur yetmasin”.

O’sh viloyati gubernatori Jonto’ra Sotiboldiyev muammolarni muhokama qilish uchun O’zbekistonning Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlari hokimlarini muloqotga chorlagan. Uning aytishicha, o’zbekistonlik hamkasblari nihoyat muloqotga rozilik berganlar.

“Sizlar avvaldan ishlayapsizlar, men yangi keldim, tanishaylik desam ham bu masala hal bo’lmagan edi. Endi [Toshkentdan] rozilik olinibdi, eng kattasi ham ruxsat beribdi. [Uchrashuv] tartibini ishlab chiqib, [O’zbekiston] elchisiga va Qirg’iziston Xavfsizlik Kengashi kotibiga jo’natdik”, – deydi Jonto’ra Sotiboldiyev.

XS
SM
MD
LG