Breaking News

Olimpiya o'yinlarida AQSh xavfsizlik bobida Xitoyga yordam beradi


AQSh Federal Qidiruv Byurosi 2008 yilgi yozgi Olimpiya o’yinlari davomida Xitoy ichki ishlar tizimiga yordam berishni taklif qilmoqda.

AQSh Federal Qidiruv Byurosining xalqaro masalalar bo’limi vakili Tomas Fuentesga ko’ra, Xitoy 2008 yil Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlik ko’rar ekan, razvedka ma’lumotlarini to’plashda hamkorlik qilish jahon manfaati uchun xizmat qiladi.

“Tabiiyki, Olimpiya o’yinlari davomida mamlakatga dunyoning har chekkasidan mehmonlar tashrif buyuradi. Xitoy hukumatiga odamlarning bunday katta oqimi bilan ishlash oson kechmaydi. Shu jihatdan biz ularga ma’lumot to’plashdan tortib, texnik masalalargacha yordam bermoqchimiz”, - deydi u.

Xitoyga tashrif buyurgan maxsus agent Fuentesning aytishicha, byuro Xitoy davlat xavfsizligi agentligi bilan hamkorlik qilmoqda. Lekin ekstraditsiya bo’yicha kelishuv yo’qligi muammo tug’diradi.

“Jinoyatda gumon qilingan shaxslarni bir davlatlardan boshqasiga olib o’tish uchun qonuniy mexanizm kerak”, - deydi AQSh agenti.

Federal Qidiruv Byurosining bosh maqsadi terrorizmga qarshi kurashish ekan, mutasaddilar Xitoy AQSh bilan ma’lumot ulashadi degan umidda.

Rasmiy Pekin uchun terrorizm xavfi asosan Xitoyning uyg’urlar yashaydigan Shinjon provinsiyasidan keladi. AQSh bu fikrga har doim ham qo’shilavermaydi. Amerika Xitoydan mustaqillik talab qilayotgan uyg’urlarni quvvatlab keladi.

Xitoy nazarida uyg’ur jangarilari terroristik guruhlar bilan hamkorlik qiladi. Yaqin yillargacha AQSh ham uyg’ur jangarilarini terrorchi deb hisoblar edi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar nazarida esa terrorizm Xitoy uchun bahona xolos. Uyg’urlar kuchli nazorat va zulm ostida yashamoqda, deydi huquq faollari.

Xitoy iqtisodiyoti o’sar ekan, deydi, Federal Qidiruv Byurosi agenti Tomas Fuentes, mamlakatda uyushgan jinoyatchilik tizimi ham kengaymoqda, ular xalqaro maydonga chiqmoqda. Bu tizim qoradori savdosidan tortib, inson savdosigacha shug’ullanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG