Markaziy Osiyo umumiy tarixini yozish taklifi muhokama ostida


Markaziy Osiyoning umumiy tarixini yozish tashabbusi ko’tarilmoqda. O`zbekistonlik mutaxassislar fikriga ko`ra, umumiy tarixni yaratish avvalo Markaziy Osiyo xalqlarida birdamlik tuyg`usini tiklashdan boshlanishi kerak.

Markaziy Osyoning umumiy tarixini yozish tashabbusini ko`targan Qozog’iston Sharqshunoslik instituti, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekistondan mutaxassislarni hamkorlikka taklif etishini bildirgan.

Umumiy tarixni yozish haqidagi loyiha, o`zbekistonlik mutaxassilarga ko`ra, o`ta muhim, mintaqa xalqlari birligini ifoda etuvchi o`zak masala. Biroq bu tarixning mintaqa xalqlari tomonidan qabul qilinishi - uning qanday yondashuvlarga ko`ra yozilishiga bog’liq.

Tarixchi olim Nasimxon Rahmonga ko`ra, XX asrning boshlariga qadar mintaqa tarixining umumiyligi, birligi haqida tasavvur bo`lgan, mintaqa tarixi yaxlit qabul qilingan.

“Rashid ad-Din, Mirzo Ulug`bek, Navoiy, Abdulg`ozi tarixiy asarlarida mintaqa tarixi izchillik bilan rivojlanib kelgan, odamlar bu tarixni bilgan, o`qigan, an`ana davom etib kelgan. Bu an`ana izchil davom etishi yigirmanchi asr boshlarigacha umumiy tarix tushunchasini shakllantirib kelgan. Sun’iy chegaralash siyosati boshlangach, sovet davrining dastlabki siyosatidan umumiy turkiy tarix, umumiy vatan tushunchlari yo`qotila boshlanadi,” - deydi Nasimxon Rahmon.

Tarixchi nazarida, bugungi yoshlarda mintaqa tarixini umumiy qabul qilish tuyg’usining yo`qligi umumiy tarixga ehtiyojni murakkablashtiradi.

“Bugun O`zbekiston, Qirg’iziston, boshqa joylarda ham umumturkiy tarix o`qitilishi kerak. O’g’iz, qarluq, qipchoq tushunchalari Yoqutistondan boshlab Amudaryogacha bo`lgan joylar yashagan barcha turkiy qabilalarga tegishli ekanligini, umumturkiy tarixni qabul qilish tuyg`usini shakllantirish kerak. O`shanda maqsadni amalga oshirish osonroq bo`ladi. Keyin qolaversa bunday umumiy tarix yozilar ekan, u qanday yo`nalishda, qanday yondashuvga ko`ra yoziladi - bularni maslahatlashib olish kerak,” - degan fikrlarni bildiradi Nasimxon Rahmon.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazarga ko`ra, Markaziy Osiyoning umumiy tarixini yaratish ulkan fundamental mehnat. Agar shunday tarix yozilsa, u hozirgi tarixdagi turli ziddiyatlarga xolis baho berishi bilangina muvaffaqiyat qozonishi mumkin.

“Bu O`zbekiston yoki Qozog`iston tarixi bo`lmaydi - davlatlarning tarixidan iborat bo`ladi. Bu xolis bo`lish uchun bu davlatlarning hududi qadimda qanday bo`lgan, masalan Movarounnahr, O`rta Osiyodagi Chingiz yoki Amir Temur davlatchiligi hududlari aniq belgilanishi kerak. Bu narsani bizning tarixchilarimiz to`liq yoritib bera olmaydi, chunki bu hududdan chiqish bilan ma’lum qiyinchiliklar yuzaga kelaveradi. Ana shuni tarixchilar birgalikda, har jihatdan to`ldirib yozishsa kutilgan natijaga erishish mumkin.”

“Qisqasi bu juda dolzarb masala va bunga allaqachon kirishish kerak edi. Bu hozirgi qo’shni davlatlarning bir-biriga yaqinlashishiga ham xizmat qiladi, madaniyatli-madaniyatsiz degan gaplar yo`qoladi, hammaning ildizi bitta ekanligi ko`rinib qoladi. Agar biz falonchi bizniki, qozoqlar Farobiy bizniki, tojiklar Ibn Sino bizniki desa, unda tarix buziladi. Ular hech kimniki emas, ular bizning ajdodlarimiz,” - deydi bu borada Abdusattor Jumanazar.

Yozuvchi Zohir Alam fikricha, Markaziy Osiyo umumiy tarixini yozish haqidagi tashabbusni o`zi quvonchli xabar.

“Bizning skiflar qadimiylikda misrliklar bilan tenglashadi, degan fikrlarni rimliklar tarixida o`qish mumkin. Shuning uchun birinchi tendensiya bu yer eroniy va turklarni umumiy zonasi degan narsa bo`lishi kerak. Qozoq, qirg`iz, o`zbek degan gaplarni ishlatmasdan bitta - turkiy xalqlar, turklar deb atalishi kerak. Akademik Bartold ham turk tili deb yozgan, qozoq o`zbek emas. O`zbekistonda shu yo`nalishda o`ylaydigan tarixchilar bor, vaholanki akademiklar bor, o`zbeklar kelgindi, unaqa-bunaqa deb yurishadi hozir ham. Joyni, yerni nomini ham yagona qilib atashni kelishib olish kerak,” - deydi yozuvchi.

Tarixchi olim Nasimxon Rahmon ko`tarilayotgan tashabbusdan qat’iy nazar, bugun Markaziy Osiyo davlatlari darsliklarida tarix o`qitilishidagi muammoli tomonlarga e`tibor qaratadi.

“Qirg’izistondagi akademik nashrlar, Qozog`istondagi akademik nashrlarni ham o`rganib ko`rganman. Yaqinda Qozog`iston akademik nashriga taqriz yozib berdim. O`zbekiston Tarixi degan 1968 yil chiqqan akademik nashr bor. Bu tarixlarning hammasida mintaqaga ijtimoiy-siyosiy jihatdan yondashiladi, uchxonlikkacha bo`lgan tarixga qisqa yondashuv bor. Agar bu yondashuvlar chuqurroq, etnografik, jo’g’rofiy tomonlarga e`tibor berilganda, unda mutlaqo yangicha qarash, Markaziy Osiyo xalqlari hammamiz bitta ekanmiz-ku, degan tasavvurlar paydo bo`lishi mumkin edi,” - deb hisoblaydi Nasimxon Rahmon.

Ma’lumotlarga ko`ra hozirgacha Markaziy Osiyo umumiy tarixi bo`yicha kichik tarkibdagi bir necha ilmiy anjuman o`tgan. O`zbekistonlik kuzatuvchilar ta’biricha bu narsa Markaziy Osiyo jamoatchiligi o`rtasida keng muhokamaga qo`yilishi kerak bo`lgan masala.

XS
SM
MD
LG