Breaking News

Eron hujjatsiz afg'onlarni mamlakatdan haydamoqda


Eronda hujjatsiz ishlayotgan o’n minglab afg’onlar mamlakatdan majburan chiqarib yuborilmoqda. Rasmiy Tehron nazarida hujjatsiz ishchilar mamlakat iqtisodiyotiga ziyon yetkazmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, so’nggi ikki oy ichida yuz mingdan ziyod afg’onistonlik Erondan deportatsiya qilingan.

BMT va Afg’oniston rasmiylarining ta’kidlashicha, har kuni Erondan ikki minga yaqin afg’on haydalmoqda. Rasmiy Kobul Tehrondagi hukumatdan muhojirlarga bunday munosabatda bo’lmaslikni so’ramoqda.

BMT so’zlovchisi Adrian Edvardsning aytishicha, bu borada BMT ham Eron hukumati bilan muloqot olib bormoqda.

"Bu kabi ishlar tartib bilan, muhojirlar qaytarilayotgan davlat ularni qabul qilishga tayyor bo’lishi uchun bosqichma-bosqich qilinishi kerak," deydi BMT vakili.

Adrian Edvardsning ma’lum qilishicha, Erondan chiqarib yuborilayotgan afg’onlarning aksariyati qochqinlar emas, noqonuniy ishchilardir, shuning uchun bir tarafdan Eron hukumati qarori qonuniy. Biroq BMT afg’onlarning Erondan chiqarib yuborilish uslubidan norozi. Ularning ko’plari oilasidan ayri holda deportatsiya qilinmoqda.

Rasmiy Tehron Afg’oniston hukumati va BMTni fevral oyida o’z rejasidan xabardor qilgan. BMT hisobiga ko’ra, Eronda 920 mingga yaqin afg’onistonlik qochqin ro’yxatdan o’tgan. Yana bir millionga yaqini esa hujjatsiz ishchi migrantlar.

Vataniga qaytgan afg’onlarning aytishicha, Eron hukumati yo’l xarajatlarini ularning o’zlariga to’latmoqda.

XS
SM
MD
LG