Breaking News

Qirg'izistonda qochqinlar yordamga muhtoj


O’sh shahrida joylashgan Huquqiy va iqtisodiy islohotlarni qo’llab-quvvatlash jamg’armasi direktori Aqilbek Tashbulatovning aytishicha, O’sh shahrida asosan O’zbekiston va Afg’onistondan kelgan qochqinlar hamda boshpana izlayotgan shaxslar ro’yxatga olingan.

Umuman Qirg’izistonda, deydi u, Checheniston, Pokiston va Erondan kelgan qochqinlar ham bor.

Jamg’arma 1997 yildan buyon BMT Qochqinlar agentligi bilan hamkorlikda Qirg’iziston janubida qochqinlarga huquqiy va ijtimoiy ko’mak ko’rsatish bilan shug’ullanadi.

“Qirg’iziston janubida 103 nafar qochqin bor. Ulardan 39 nafari bolalardir. Qirg’izistonda ular uchun boshpana berishdan boshqa sharoit, afsuski, yaratilmaydi. BMT Qochqinlar agentligi ularni moddiy jihatdan ta’minlay olmaydi, qochqinlar bu yerda yegulik va turar-joyni o’zlari topishga majburdirlar. Ular [mahalliy] huquq-tartibot idoralari bilan bog’liq muammolarga duch keladilar. Bunday hollarda biz aralashamiz”, – deydi Aqilbek Tashbulatov.

Gulnora Umarbekova qochqinlarga ijtimoiy ko’mak ko’rsatish bilan shug’ullanadi. Uning aytishicha, Qirg’iziston janubida ro’yxatga olingan o’zbekistonlik qochqinlar asosan moddiy yetishmovchilikdan qiynalmoqda.

“O’zbek va afg’on oilalari, ayollar va bolalar bilan ishlayman. Bularning hayoti juda ham qiyin. Ish yo’q. O’zimizning qirg’izistonliklarga ham ish yo’q, ko’pchilik Rossiyaga ketyapti. Shuning uchun hukumatimiz qo’lidan kelgancha yordam berishi kerak”, - deydi Gulnora Umarbekova.

Afg’onistonlik qochqinlar esa, o’zbek, qirg’iz va rus tillarini bilmasliklari sabab kundalik turmushda muammolarga uchramoqdalar.

“Bular uchun birinchi qiyinchilik – til bilmaslik. Ko’pchilik [oilalar farzandlari] rus maktabga borib, til o’rganyapti. Bizning tilimizni bilmasdan juda qiynalishyapti”, – deydi Gulnora Umarbekova.

2005 yilda Andijon voqealari yuz bergach, yuzlab o’zbekistonliklar dastavval qo’shni Qirg’izistondan boshpana topganlar. Keyin bu qochqinlar xalqaro tashkilotlar ko’magi bilan Qirg’izistondan uchinchi davlatlarga ko’chirilgan.

Muhojirot bo’yicha O’sh shahar davlat qo’mitasi raisasi Nurilya Jo’ldo’shevaga ko’ra, 2005 yildan farqli o’laroq, hozirgi paytda O’zbekistondan kelayotgan qochqinlar oqimi kamaygan.

“Hozir 2005 yilga nisbatan vaziyat barqaror,” deydi u. “Ko’p odam kelmayapti. Bilasiz, 2005 yilda noqonuniy muhojirlar, yashirinib yurgan qochqinlar kabi xavotirlar bor edi. Hozir bunday xavf yo’q. Bir-ikki kishi bo’lib, [qochqinlar] kelyapti. Men o’z ishimizni tartibga sola oldik, deb o’ylayman”.

20 iyun kuni BMT Qochqinlar agentligi vakolatxonasi O’sh shahrida mahalliy davlat idoralari hamda nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda Xalqaro Qochqinlar kunini nishonladi. Tadbirda jurnalistlar, rasmiylar bilan birga Qirg’izistondan boshpana izlayotgan afg’onistonlik qochqinlar oilalari ham qatnashdi. Qochqinlarning farzandlari chizgan rasmlar ko’rgazmasi tashkil qilinib, ularga sovg’a-salomlar ulashildi.

O’zbekistonlik qochqinlar tadbirga xavfsizlik nuqtai nazaridan kelmaganlari ma’lum bo’ldi.

XS
SM
MD
LG