Breaking News

Markaziy Osiyoda umumiy bozor yaratishga nima halaqit bermoqda?


O’zbekistondagi faollar va kuzatuvchilar fikricha Markaziy Osiyoda umumiy bozor yaratish uchun avvalo korrupsiyadan qutulish kerak. Tirikchilik korrupsiyaga asoslangan, deyishadi ular.

Yulg’ichlik ildizi yo’q qilingan taqdirda, deydi ayrim kuzatuvchilar, mintaqa xalqlari o’rtasida savdo va tijoratni yo’lga qo’yish uncha qiyin bo’lmaydi.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi binosida o’tgan muhokamada aytilishicha, sovet davridan oldin va sovet davridagi siyosiy turg`unlikdan qat’iy nazar, mintaqa xalqlari o’rtasida o`zaro bordi-keldi, savdo aloqalari uzulmagan.

“Umumiy bozor munosabati shakllari mustaqillik yillarida O`zbekiston ta’sirida buzildi. Biz bugun umumiy bozor haqida gapirar ekanmiz, birinchi navbatda hukumat q`oygan to`siqlarni olib tashlash chorasini ko`rishimiz kerak”, - deydi muxolifat vakili Baxtiyor Isabek.

“Mustaqil siyosatshunoslar” guruhi eksperti Toshp`olat Yo`ldoshev fikriga ko`ra, chegaralar yopilib, bojxona haqlarini ko`tarilgach, O`zbekiston iqtisodiyotida o’sish to'xtagan.

Uning aytishicha, bu bilan O`zbekiston nafaqat o`z iqtisodining rivojlanishiga, balki mintaqa markazida joylashgani bois, boshqa davlatlar iqtisodiy aloqalariga ham to`sqinlik yaratmoqda.

Muhokama ishtirokchilari fikricha, qo`shni davlatlar bilan chegara yopiqligidan aniq foyda ko`ruvchi korrupsiyalashgan siyosiy guruh yuzaga kelgan.

“Bu – bojxona va chegara muammolarini chetlab o`tayotgan kichik oligarxlar guruhi. Aynan shu guruh barcha strategik zaxiralarni sotish bilan shug`ullanadi. Ular uchun bunday vaziyat qulay. Hukumat buni yaxshi biladi, biroq o`z guruhining manfaatlaridan kelib chiqqan holda uni saqlab qolishda davom etmoqda. Menimcha, mintaqa umumiy bozori tashabbusi bilan chiqqan Qozog`iston xalqni hozirgi qashshoqlik darajasiga keltirgan bu guruh faoliyatidan xabardor”, - deydi muhokama ishtirokchilaridan biri Adham Shoyimardonov.

Shiyimardonov korrupsiyalashgan siyosiy elita o`z daromadlaridan ajralgisi yo’q, ochiq umumiy bozordan qo`rqadi, manfaatdor emas deydi.

Rasmiy Toshkent tomonidan hozirgacha mintaqa umumiy bozori yoki mintaqa davlatlari ittifoqini tuzish haqidagi tashbbuslarga munosabat kuzatilmagan. Lekin hukumat doirasidagi siyosatshunoslar bunday ittifoqqa shubha bilan qarashmoqda.

O`zbekiston televideniyesi siyosiy sharhlovchisi Tursunboy Qoratoyev nazarida mintaqa ittifoqini tuzish tashabbusi va gegemonlik haqida gap bo`lishi mumkin emas.

“Mamlakatimiz rahbari har doim aytib kelayotgan narsa – har bir davlat birinchi galda o`z manfaatlarini ko`zlagan holda yaqinlashish va hamkorlikni yo`lga qo`yishni istaydi…”

O`zbekiston prezidentligiga da’vogar nomzod Jahongir Shosalimov mintaqa davlatlarining umumiy bozori yaratilishi bugun O`zbekistonda yuzaga kelgan o`gir iqtisodiy vaziyatni o`nglash uchun imkoniyat deb hisoblaydi.

“Aholi qashshoqligicha qolmoqda. Turmish darajasini ko`tarish, o’zbek tovarlari raqobatbardoshligini oshirish masalalarini hukumat faqat chegaralarni mustahkam berkitish bilan hal qilmoqchi. O`zbekiston hukumati xohlaydimi, xohlamaydimi – biz baribir umumiy bozorga o`tamiz. Qozog`iston hukumati bu yerdagi tovar ishlab chiqaruvchilar va ishsizlarga ko`mak va imkoniyat beruvchi takliflar bildirayapti”, - deydi Shosalimov.

Markaziy Osiyo mintaqasi birligi, ittifoq tuzush masalasi bir necha bor siyosiy sahnaga olib chiqilgan. Biroq ittifoq yoki integratsiya haqidagi bahslar nazariyadan u yoqqa o’tmayapti.

XS
SM
MD
LG