Breaking News

AQSh Kreml "hulqidan" bezovta


Kremlning so’nggi paytdagi bayonotlari va siyosati rasmiy Vashingtonni tashvishga solmoqda, deydi AQSh Davlat kotibining yordamchisi Daniel Frid. Kongressdagi ikki tinglovda AQSh-Rossiya aloqalari diqqat markazda bo’ldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so’nggi paytdagi bayonotlari va qarorlari Vashingtonni bezovta qilmoqda. Tomonlar Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimi va Rossiyada inson huquqlari ahvoli bo’yicha qarama-qarshi qarashlarga ega.

Senat Tashqi aloqalar qo’mitasidagi tinglovda so’zlar ekan, Davlat departamentining Rossiya masalasi bilan shug’ullanuvchi rasmiysi Daniel Frid, xususan, shunday dedi:

"Bugungi Rossiya Sovet Ittifoqi emas. Prezident Bush aytganidek, Sovuq Urush tugadi. Biroq so’nggi paytda Rossiyadan kelayotgan bayonotlar bizni o’ylantirib qo’ymoqda."

Rasmiy Vashington xavotiriga sabab bo’lgan masalalardan biri Rossiyaning Yevropada qurollarni nazorat qilish bitimidan chiqishga do’q-po’pisa qilayotgani. Boshqasi esa AQShning Yevropada mudofaa tizimini o’rnatish rejasiga rasmiy Moskva qarshiligi.

Rossiyada hukumatga qarshi namoyishlarning bostirilayotgani va so’z erkinligining cheklanayotgani ham AQShni tashvishlantirmoqda.

Daniel Fridning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan aloqalarda o’z manfaatlarini olg’a surishi, Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirishi zarur.

AQSh Vakillar Palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasida esa ikki davlat qonunchilari maxsus tinglovda fikr almashdi.

Palata spikeri Nensi Pelosi Rossiya Dumasi vakillariga mezbonlik qildi.

"Ikki davlat parlamentlari a’zolarining muhim masalalar bo’yicha bu kabi uchrashuvlar o’tkazishi foydalidir," dedi u.

Rossiya Dumasi Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Konstantin Kosachyov Rossiyaning bir tomonlama tanqid qilinayotganidan norozi ekanini bildirdi.

"Tanqid konstruktiv bo’lsa, asosli bo’lsa qarshi emasmiz, dedi u. Biroq ba’zi hollarda tanqid bir tomonlama, sub’yektiv manbalarga asoslangandir."

Ikki davlat o’rtasidagi tarang munosabatlarga qaramay Jorj Bush va Vladimir Putin do’stona shaxsiy aloqalarga ega. Kelasi oy boshida Rossiya prezidenti davlatlar o’rtasida yig’ilib qolgan muammolarni norasmiy muhitda muhokama qilish uchun AQShga keladi va Meyn shtatidagi Bush oilasiga qarashli dala hovlida mehmon bo’ladi.

XS
SM
MD
LG