Minglab o'zbekistonliklar qullikka sotilmoqda


Noqonuniy inson savdosi, xususan, jinsiy ekspluatatsiya va qullikka pullanayotgan o`zbekistonliklar soni ko’paymoqda. Jumladan, Pokiston, Hindiston va Xitoyga.

Yaqinda AQSh Davlat departamenti tomonidan dunyo bo`ylab noqonuniy odam savdosi haqida chiqarilgan hisobotda keltirilishicha, O`zbekistondan yiliga 500 ming kishi chetga noqonuniy tarzda olib chiqiladi.

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, O`zbekistonda noqonuniy savdo yo’li bilan chiqib ketayotganlar safi nafaqat jinsiy ekpluatatsiya, balki ish qidirib chiqib ketayotganlar hisobiga ham ortmoqda.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova fikriga ko`ra, tashkilot tomonidan turli viloyatlardan Rossiya va Qozog`istonga ish va’da qilib olib ketilgan, ayni paytda yordamga muhtoj yuzlab o`zbekistonlik haqida rasmiy idoralarga ma`lumot taqdim etilgan.

“Ish topib berish uchun olib ketilganlarga nisbatan pullarini bermaslik, hujjatlarini olib qo`yish, o`zlariga nisbatan g’ayriinsoniy munosabatlar bo`layotgani haqida huquq-tartibot organlariga ma`lumot berilgan. Hozirgacha bu arizalar bo`yicha mahalliy huquq faollariga taz’yiq bo`lsa bo`ldiki, lekin shu bo`yicha birorta odam jinoiy javobarglikka tortildi degan ma`lumot olmadik”, - deydi Inoyatova.

Jinsiy ekpluatatsiya maqsadida olib ketilayotganlarning yakuniy manzili asosan Birlashgan Arab Amirliklari. Shuningdek, Isroil, Janubiy Koreya, Hindiston va Tailand kabi davlatlar ham shu yo`nalishdagi mamlakatlar ekanligi ma’lum.

Noqonuniy odam savdosi jabrdiydalari bilan shug`ullanuvchi “Istiqbolli avlod” nodavlat tashkilot rahbari Nodira Karimovaning aytishicha, Xitoy, Pokiston va Hindistonga olib ketilayotgan odamlar ko'p.

“Misol uchun, oldin bu qatorda Xitoy yo’q edi. Bizga ota-onalar murojaat qilishadi, qizimiz Xitoyda o`gir ahvolga tushib qolgan deb. Biz elchixonadan yordam ko`rsatishni so’raymiz. Ular harakat qilib, qaytarishayapti”, - deydi Nodira Karimova.

“Ezgulik” tashkiloti rahbari Vasila Inoyatova O`zbekiston qonunchiligida bu hol aniq ifoda etilmas ekan, qurbonlar bilan bo`gliq vaziyat muammoligicha qolaveradi degan firkda.

“Ochiq aytish kerak, bu jinoyatga ichki ishlar xodimlari ham aralashmoqda. Ular jinoyatchilarga chora ko`rmaslik uchun barcha soxta hujjatlarni to`g`rilashga yordam berishmoqda. Bu haqda qonun qabul qilinishi kerak. Rossiyada, Qozog`istonda qabul qilindi. O`zbekiston buni bilmaslikka olmoqda, shuning uchun ham bu harakatlar oshkora amalga oshirilmoqda”, - deydi Inoyatova.

Nodira Karimovaning so’zlariga qaraganda, yaqindan O`zbekiston ichki ishlar idoralari noqonuniy odam savdosiga ahamiyat qarata boshlagan, vazirlikda odamlarni noqonuniy yo`llash va ekpluatatsiya qilishga qarshi kurash bo`limi ochilgan.

“Qaytib kelgan qizlar murojaat qilishayapti ichki ishlar vazirligiga. Bizning advokatlarimiz yordamida jinoiy ishlar ochilayapti. Lekin qonunchilik u darajada mukammal emas. Yaqinda olti qiz ishtirokida jinoiy ish ko`rildi. Jinoyatchiga faqat olti yil jazo belgilandi. Shunda ham jabrlanuvchi qizlar ichida ikkita voyaga yetmagani borligi uchun”, - deydi Nodira Karimova.

Nodira Karimovaning so’zlariga qaraganda, qo`shmachilik aybi bilan mahkamaga tortilgan ayollar amnistiya bilan ozod qilinadi. Lekin asosiy javobgarlar O`zbekistondan tashqarida, ularni javobgarlikka tortish uchun esa tegishli hujjatlar imzolanmagan.

“Birlashgan Arab Amirliklari misolida aytayapman. Har olti oyda Dubayga boraman. O’sha yerdagi politsiyachilar bilan gaplashaman. Ba`zan to`g’ridan-to`g`ri ekspluatatsiya qilgan odamlar politsiyada bo`ladi, lekin ularni javobgarlikka tortish yoki deportatsiya qilish uchun tegishli hujjatlar yo’q”, - deydi u.

Hozirda jinsiy ekspluatatsiya uchun olib ketilayotganlar asosan og'ir ahvolga tushib qolgan, ajrashgan ayollar, shuningdek bolalar uyidan chiqqan tarbiyalanuvchilar ekanligi aytiladi.

Vasila Inoyatova iqtisodiy og`ir vaziyatda qolgan o`zbekistonliklarda boshqa chora yo’qligini ta’kidlaydi.

“Hammasi O`zbekistondagi iqtisodiy ahvoldan. Ayollarning erlari qamoqda bo`lsa, erlari chiqib ketgan bo`lsa, uyda bolalari bo`lsa, nima qilishsin? Men ularning harakatlarini oqlash uchun aytayotganim yo’q, lekin boshqa chora yo’q. So`nggi paytda o`z joniga qasd qilish ko`payib ketgan. Ayollar uchun chiqib ketish, shu ishga qo`l urush o`gir vaziyatdan chiqishning yagona yo`li bo`lib qolmoqda”, - deydi u.

AQSh Davlat departamentining hisobotida aytilishicha, O`zbekiston noqonuniy inson savdosi bilan bo`gliq vaziyatni muhokama qilishdan aniq choralar ko`rishga o`tishi kerak.

XS
SM
MD
LG