Chetda ishlayotgan o'zbekistonliklar haqida rasmiy raqamlar chiqdi


Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Iqtisodiyotni liberallashtirish davrida mehnat muhojirlari va mehnat bozorini tartibga keltirish” nomli konferensiya o`tgan. Unda O`zbekiston iqtisodiy tadqiqotlar markazi ekspertlari o`z doklad-hisobotlari bilan qatnashgan.

Markaz ma`lumotlariga ko`ra, 2006 yilda 800 ming o`zbekistonlik ish izlab mamlakatdan chiqib ketgan. Ularning asosiy qismi MDHga to`gri keladi. Bu muhojirlar 2006 yilda O`zbekistonga 1,3 milliard dollarga yaqin mablag` kiritgan.

Kuzatuvchilar Iqtisodiy tadqiqotlar markazi hisob-kitoblarini shubha ostiga qo’yishadi. O`zbekistondan ish izlab chiqib ketayotganlar soni 2 millionga yaqin deydi ular.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazida mehnat bozori, muhojirlar va demografiya masalalarini o`rganuvchi loyiha ishga tushgan. Mazkur loyiha mutaxassisining aytishicha, mehnat muhojirlarining sonini bir yoki ikki million deyish asossiz.

“Deylik, nodavlat tashkilot 100 ta oila misolida shuncha odam mavsumiy ishga ketganini aniqlaydi. Keyin bu raqam umumiy oilalar soniga ko`paytiriladi. Shunday qiyoslash asosida millionlar haqidagi ko`rsatkichlar aytiladi. Bu ko`rsatkichlar asossiz”, - deydi u .

Buxorolik kuzatuvchi Bobomurod Razzoqov fikriga ko`ra, Buxoro viloyatining o`zida mehnat muhojirlari 300 ming kishini tashkil etadi.

“Muhojirlar soni faqat ortib bormoqda, chunki ahvol o`gir, yashash, tirikchilik qilish tobora o`girlashib bormoqda. Ish o`rinlari yaratilayotgani haqida O`zbekiston radio televideniyesida aytilayotgan ma’lumotlar soxta”, - deydi u.

Yaqinda mehnat muhojirlarini ro`yxatga olishni takomillashtirish haqidagi hukumat qarori e’lon qilingan edi. Bu qaror tegishli litsenziyaga ega bo`lgandan keyingina ish izlab chiqishga izn beradi.

Qaror qabul qilinishi yuzasidan turli taxminlar mavjud. Ayrim fikrlarga ko`ra, mehnat muhojirlari O`zbekistonda qo`shimcha soliqqa tortilishi ham mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi mutaxassisi bunday taxminlarni inkor etadi. Asosiy maqsad mehnat muhojirlari faoliyatini tartibga keltirish. Ularni muhofaza qilish ekanligini aytadi.

Uning so’zlariga qaragdna, bu joylardagi elchixonalar va diplomatik korpuslar yordamida mehnat muhojirlari bilan doimiy aloqada bo’lish orqali amalga oshadi.

Rossiyada irqchilik qurboniga aylangan o`zbekistonliklar yuzlab kishini tashkil etadi, deydi kuzatuvchilari. Hukumat bu borada hozirgacha biror tashvish bildirilmagan.

Bobomurod Razzoqov ta’biricha, bir tuman miqyosida o`nga yaqin kishi Rossiyadan tobutda qaytmoqda.

“Tumanda 15 dan oshiq shunday fojealar kuzatildi. Hatto oilalar shunday bo`ldiki, otasi va o`gillarining o`ligini Rossiyadan olib kelishga to`gri keldi. Ularning aksariyati irqchilik qurbonlari. Bu dahshatli narsa, halok bo`lganlarning jasadlarini olib kelish ham mardikorchilikka ketganlarning yaqinlari zimmasida. Aytishlaricha, bu xarajatlar 1-1,5 million so`mga tushmoqda. Hukumat yordam bergani ham yo’q. Yordam berish harakatida ham emas, nazarimda. So`nggi paytda mablag` yo`qligi tufayli jasadlarni Rossiyada qoldirayotganlar ham uchraydi”, - deydi Razzoqov.

Mutaxassislarning aytishicha, O`zbekistonda yangi ish o`rinlari va ishsizlar soni qiyoslansa, ishsizlar sonining tez sur’atda o`sayotgani kuzatiladi. Tashkil etilayotgan ish o`rinlarida ish haqining pastligi esa bu ish o`rinlariga talabni kamaytirmoqda.

XS
SM
MD
LG