Domla, ko'chirsak, qaramay turasizmi?


Toshkentda universitetga kirish imtihonini topshirayotgan kun yodimda. Issiq va dim auditoriyada taxminan 100 ta abituriyent ona tili, tarix va ingliz tilidan test topshirayapmiz. Qator oralab domlalar u yoqdan bu yoqqa o’tib yurishibdi.

To’satdan oldingi partadadagi bola o’rnidan irg’ib turib, “Bu nima degan gap! Hamma ko’chirib o’tiribdi-ku! Nega hech kim indamaydi?” deya fig’oni falakka chiqib hayqirgan edi.

U haq edi. Qizig’i shundaki, bolani tinchlantirib o’tirg’izishdi-yu, lekin ko’chirganlarni xonadan chiqarib yuborishmadi.

Avval Mannon Uyg’ur nomidagi Toshkent Davlat San’at Institutida o’qigan, hozirda AQShdagi Shimoliy Virjiniya Jamoat kolleji talabasi Fazilat Ma’murova o’z tajribasi bilan o’rtoqlashadi.

“Aniq fanlar, hisob-kitobni talab qiladigan, matematika, fizika, kimyo darslardan birmuncha bo’sh edim. Shuning uchun, ochig’i bitiruv imtihonida shpargalkadan foydalanganman. Besh baho olish uchun. Maqsadimga erishdim. Domla buni sezgan bo’lsalar ham indamaganlar, menimcha. Qizil diplom olish uchun shu ishni qilganman”.

O’zbekiston maktab va universitetlarida ko’chirmachilik odatiy hol. Vaholanki, ko’chirmachilik – bu o’g’rilik. Jinoyat. Qaroqchilik.

Qo’shma Shtatlarda buning uchun talaba oliygohdan haydaladi. Shu bilan ko’p hollarda uning kelajagi ham barbod bo’ladi. AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington Universiteti o’qituvchisi, turkmanistonlik olima Najiya Badikova.

“Sobiq sovet davlatlarida ko’chirmachilik keng tarqalgan bo’lsa, Amerika universitetlarida bu - talaba sodir etishi mumkin bo’lgan eng dahshatli va og’ir jinoyatdir. Imtihon paytida studentlarga tarqatiladigan daftarning bosh sahifasida maxsus qayd-yozuv bo’ladi. Xolis va rostgo’y bo’ling, ko’chirmang, plagiat jazolanadi degan mazmunda”.

Qo’shma Shtatlarda talaba yon-atrofidagi sherigi ko’chirayotganini ko’rsa, shu zahoti o’qituvchiga aytishi mumkin. Oqibatda aybdorga nisbatan jazo qo’llanadi. Ogohlantirishdan tortib, talabalikdan haydalishgacha.

Buning oldini olish uchun kuchli choralar ko’rilgan deydi talaba Fazilat Ma’murova.

“Hamma imtihonlar kompyuterda bo’lib, xonaga o’zingiz bilan hech narsa olib kira olmaysiz. Na sumka, na telefon, na pleyer – hech narsa. Har bir kompyuterga videokamera o’rnatilgan. Ana shu kamera orqali talabaning harakatlari kuzatib turiladi”.

Keling, a, b, c va d variantlaridan biri tanlanigan test imtihonlarini bir chetga qo’yib turaylikda, bayon, insho tarzidagi imtihonlarga to’xtalaylik.

Uy vazifasini student yotoqxonada yoki uyida bajargan. Uning ko’chirgan yoki ko’chirmaganini qanday bilish mumkin?

“Texnologiya va Internet taraqqiy etgan hozirgi kunda ko’chirish yo’llari serob. Talabalar kurs ishini yozayotganda ba’zida global tarmoqdan ko’chirib turishadi. Buni aniqlashning yo’li oson. Talaba kurs ishining elektron shaklini o’qituvchiga yuboradi. Domla esa uni tekshiruv dasturiga kiritadi. Bir necha daqiqa ichida dastur kurs ishining matni va internetdagi tekst to’g’ri kelgan maqolalarni chiqarib beradi”, - deydi Najia Badikova.

O’zbekistonda imtihonda domlalarning bir odati yodingizda bo’lsa ajab emas. O’qituvchi ikki daqiqaga chiqib, so’ng to’satdan kirib kelganda, ko’chirayotgan talabalar tahlikaga tushib, shpargalkalarni yashira boshlaydi. Ana shu payt yuzda jiddiylik va sokinlik ifodasini saqlab qolish uchun talabadan ancha kuch va iroda talab qilinadi. Najiya Badikova Amerikada ana shu usulni qo’llab ko’rgan.

Yozma imtihon paytida auditoriyaga qaytganimda studentlarning birdan vahimaga tushib, nimalarnidir yashirishga harakat qilganini ko’rmaganman, deydi u.

Xullas, Qo’shma Shtatlardagi universitetlarda ko’chirmachilik bilan bog’liq vaziyat mana shunaqa. Imtihon topshirmoqchi bo’lgan student oldidadi yagona yo’l – o’qish, o’qish va yana o’qish!

Savollar va fikr-mulohazalar uchun manzilimiz uzbek@voanews.com.

XS
SM
MD
LG