Tojikiston iqtisodi oyoqqa turmoqda, lekin qashshoqlik hamon muammo


Tojikistonda BMT vositachiligida, diniy muxolifat va dunyoviy hukumat o’rtasida tinchlik bitimi imzolanganiga 10 yil to’ldi.

1997 yili yakun topgan besh yillik fuqaro urushi taxminan 50 ming kishining yostig’ini quritgan, 700 ming kishini boshpanasiz qoldirgan edi. Tojikiston urushdan 7 milliard dollarga teng zarar ko’rgan.

Tojikistonning AQShdagi elchisi Abdujabbor Shirinov, Amerika Ovozi bilan suhbatda, mamlakatda qashshoqlik katta muammo bo’lib qolayotgani, ammo so’nggi 10 yil ichida Tojikiston ancha oyoqqa turganini ta’kidladi.

Qashshoqlik darajasini pasaytirish uchun yaqinda xalqaro donorlar Tojikistonga 600 million dollar va’da qildi.

Tahlilchilar nazarida Tojikistonda aynan iqtisodiy muammolar va avtoritar boshqaruv usuli siyosiy barqarorlikka tahdid solishi mumkin. Tojikiston Milliy Banki ma’lumotiga ko’ra, mamlakatda iqtisodiy o’sish oxirgi 10 yilda o’rtacha 7 foizni tashkil etgan, ammo shu bilan birga Tojikiston korrupsiya chuqur ildiz otgan davlatlardan biri.

"Mintaqaviy hamkorlikni olg’a surish mamlakat tashqi siyosatida muhim ahamiyat kasb etadi va Tojikiston Markaziy Osiyo ittifoqini tuzish taklifini quvvatlaydi," - deydi Tojikiston elchisi Abdujabbor Shirinov.

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev olg’a surayotgan iqtisodiy integratsiyadan, deydi Jahon Banki mutaxassislari, mintaqadagi barcha davlatlar yutgan bo’lardi, xususan elektroenergiya taqchilligi, suv taqsimoti va qoradoriga qarshi kurash masalalariga kelganda. Ammo taklifga qo’shni davlatlar hozircha katta qiziqish bildirgani yo’q.

"Tojikiston ayni paytda mamlakatga xorijiy sarmoya jalb qilish bilan band, ayniqsa gidroelektrostansiyalarni ta’mirlash va yangilarini qurishda.Tojikiston kelajakda elektr quvvatini eksport qilish niyatida – Afg’oniston orqali Pokiston va Hindistonga," - deydi elchi Abdujabbor Shirinov.

Tojikistondagi eng katta Sangto’da gidroelektrostansiyalari qurilishiga Rossiya 500 million sarmoya kiritgan, Eron esa 200 million dollar va’da qilmoqda.

O’tgan yili noyabr oyida Emomali Rahmon deyarli 80 foiz ovoz yig’ib, uchinchi marta prezidentlikka saylandi. Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan adolatsiz deb baholangan saylovni muxolifat vakillari boykot qilgan. Ammo xalq orasida Rahmon reytingi nisbatan baland, ko’pchilik fuqaro urushi tugaganidan mamnun ekanini aytadi.

Tojikiston elchisiga ko’ra, mamlakat parlamentida muxolifat a’zolariga berilgan o’rinlar deyarli 25 foizni tashkil etadi. Tojikistondagi bugungi tinchlik va ijobiylik, deydi Abdujabbor Shirinov, barcha siyosiy kuchlar orasida muvozanat ta’minlanganidan dalolatdir.

Tojikiston rasmiylari qo’shni O’zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlash muhim vazifa deb keladi. Rasmiy Toshkent ham Tojikiston bilan aloqani kuchaytirish katta ahamiyatga ega deya qayd etadi.

"Rasmiy Dushanbe va Toshkent munosabatlarini yaxshilash vaqti yetgan, jumladan ikki poytaxt o’rtasida samolyot qatnovini yo’lga qo’yish lozim," - deydi Tojikiston elchisi Abdujabbor Shirinov.

O’tgan yili Tojikistonda bir necha kishi O’zbekistonga josuslik qilayotganlikda ayblanib, hibsga olingan edi. Umumiy chegaraning O’zbekiston tomonidan minalashtirilgani va ulardan oddiy aholi halok bo’layotgani rasmiy Dushanbening chuqur noroziligiga sabab bo’lib keladi.

Tojikiston va O’zbekiston orasida vizasiz qatnovni yo’lga qo’yish, deydi rasmiylar, har ikkala davlat a’zo Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkiloti doirasida hal qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG