Qirg'iziston Shanxay-6 sammitiga tayyorlanmoqda


Qirg’iziston poytaxti Bishkek Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitiga tayyorlanmoqda. Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Qirg’iziston Ichki Ishlar vazirligi mamlakat bo’ylab “tozalash” amaliyotlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Huquq-tartibot idoralari “tozalash” tadbirini Qirg’iziston janubida asosan dindorlarni qo’lga olish ko’rinishida amalga oshirmoqdalar.

Ma’lum bo’lishicha, 23 iyun’ kuni mahalliy militsiya va milliy xavfsizlik bo’yicha davlat qo’mitasi tomonidan uyida “RGD-5” granatasi saqlash aybi bilan O’sh shahrida yashovchi 28 yoshli Tohir Hakimov qo’lga olingan.

O’rta maktab oshxonasida oshpazlik bilan shug’ullanadigan Tohir Hakimovning dindor ekanini ta’kidlagan yaqinlaridan biri uning aybsiz ekanini aytadi:

“O’sayotgan daraxtning uchini qirqib turish kerak deb [militsiya xodimlari] o’zlari aytishdi. Ko’chadagi giyohvand, aroqxo’rlarni ushlashmaydi, shunaqa [dindorlardan] qo’rqishadi”.

Shuningdek, iyun’ oyi boshida Jalolobod shahrida 39 yoshli O’zbekiston fuqarosi Muqimjon Mahmudov qo’lga olingan. Ayni paytda u O’sh shahar xavfsizlik bo’yicha davlat qo’mitasi yerto’lasida saqlanmoqda. Hozirga qadar unga advokat bilan uchrashish uchun imkoniyat berilmagan. O’zbekistonda “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimiga mansublikda ayblanib, 2004 yilga qadar qamoq jazosini o’tagan, qamoqdan chiqqach, oilasi bilan Qirg’izistonda yashagan Muqimjon Mahmudov o’zbek rasmiylari talabiga binoan ekstraditsiya qilinishi mumkin.

Ma’lum bo’lishicha, qamoqdan ozod etilgach, unga nisbatan O’zbekistonda terrorizm, qo’poruvchilik hamda jinoiy jamoat tashkil qilish ayblari bo’yicha qayta qidiruv e’lon qilingan.

Ayni paytda Muqimjon Mahmudovning ayoli va 4 nafar farzandi o’zlariga siyosiy boshpana berilishini so’rab, Qirg’iziston rasmiylari hamda BMT Qochqinlar agentligi vakolatxonasiga murojaat qilganlar.

Avvalroq O’sh shahrida qo’lga olingan O’zbekiston fuqarosi Otabek Mo’minov qirg’iz huquq-tartibot idoralari tomonidan o’z yurtiga ekstraditsiya qilingan. Huquq himoyachilariga ko’ra, “Hizb-ut-Tahrir” a’zosi ekani aytilgan Otabek Mo’minovning siyosiy boshpana berilishini so’rab, O’sh shahar aholi bandligi va muhojirot bo’yicha qo’mitasiga qilgan murojaati inobatga olinmagan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Qirg’izistondagi milliy muvofiqlashtiruvchisi To’lendi Makeyevga ko’ra, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan rejaga asosan bozorlar, mehmonxonalarda tekshiruvlar uyushtirilmoqda. Aholi va yoshlar o’rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda, chet el fuqarolari va noqonuniy muhojirlar ustidan nazorat kuchaytirilgan.

“Mashina ishga tushdi, ish [bir tartibda] ketyapti. Umuman, [marosimning] mazmuniy qismi muhim. Siz Bishkek Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga bosqichma-bosqich, bir maromda tayyorlanayotganini ko’rishingiz mumkin”, – deydi To’lendi Makeyev.

XS
SM
MD
LG